Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Kun tartibidan ikkita masala o‘rin olgan – oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish.

Dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar sabab jahon bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘tgan asrning 80-yillaridagidan ham yuqori darajada o‘sayotgani ta’kidlandi.

Xususan, mart oyida dunyo bo‘yicha oziq-ovqat narxlari 2021 yilning mos davriga nisbatan 34 foizga oshdi.

Ayniqsa, yil boshidan jahon bozorlarida bug‘doy narxi – 20 foiz, makkajo‘xori – 19 foiz, ozuqa donlari – 20 foiz va o‘simlik yog‘i – 23 foizga ko‘tarildi.

Joriy yilda yog‘ingarchilik hisobiga, vodiy, Toshkent viloyati va Samarqandda suv zaxirasi 20 foizga ko‘paygani bilan, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmda suv ta’minoti bo‘yicha qiyinchiliklar bo‘ladi.

Jahon bozorida mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i narxlari 2 baravarga oshgani, albatta, klaster, fermer va dehqonlar yetishtirayotgan mahsulotlarining tannarxiga hamda moliyaviy ahvoliga ta’sir qiladi.

Yig‘ilishda mavjud yer resurslaridan samarali foydalanib, 2022 yilda 7,7 million tonna bug‘doy hamda 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirib, 1,5 milliard dollar eksportni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish uchun yangi qo‘shilayotgan 300 ming gektardan ziyod yer maydonlaridan samarali foydalanish zarur.

–Hozirgi kunda 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, 254 ming nafar aholiga ochiq tanlov asosida berildi. Bu – oziq-ovqat yetishtirish uchun har bir tumanda qo‘shimcha 500 gektar ekin maydoni, degani.

Bu islohotni o‘z vaqtida va to‘g‘ri boshlaganimizni hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shuning uchun bu yerlar faqat va faqat oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun baza bo‘lishi shart, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga ikki hafta muddatda:

– hosildor urug‘ navlarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini o‘tkazish;

– yer maydonlarida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida ekinlar ekishni tashkil qilish;

– mahsulotni kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish ishlarini jadal tashkil qilish topshirildi.

O‘zA