Siz Iqbol Olimjonova va Yunona Stolyarovaning yurtimiz televideniyesida birinchi diktorlar bo‘lganini bilasizmi? Yoki “Mahallada duv-duv gap” filmida Aziza rolini ijro etgan Ra’no Madrahimovaning birinchi diktorlar qatorida ish boshlaganini-chi? O‘ktam Jobirov, Galina Melnikova, Nasiba Ibrohimova, Nasiba Qambarova, Davron Zunnunov kabi diktorlar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lmoqchimiz?

DSC_4306 copy.jpg“Suxandonlar” kitobida aynan shu savollar javobi mujassam. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, oliy toifali suxandon Muslimbek Yo‘ldoshev qalamiga mansub mazkur kitob yaqinda “Ijod-press” nashriyoti tomonidan chop etildi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mazkur kitob taqdimoti o‘tkazildi.

Muslimbek Yo‘ldoshev qirq yildan buyon televideniyeda diktor sifatida faoliyat ko‘rsatadi. U nafaqat oliy toifali suxandon, balki iqtidorli ijodkor hamdir.

– Televideniyedagi faoliyatim juda samarali va qiziqarli bo‘lgan, – deydi Dilfuza G‘ulomova. – Bu lahzalar men uchun juda shirin xotiralarga aylangan. “Studentlik oltin davrim”, “Sening zamondoshing”, “G‘azalxon yoshligim”, “Qizlar davrasi” kabi ko‘rsatuvlarda boshlovchilik qilganman. Tibbiyot sohasiga o‘qishga kirib, ilmiy ish yoqladim, lekin baribir mening hayotim televideniye bilan bog‘langan ekan. Keyin ko‘p yillar “Sihat-salomatlik” ko‘rsatuvida boshlovchilik qildim.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon va “Meros” milliy qo‘shiklar ansambli ijrosidagi dilrabo kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA