Prezident raisligida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar, davlat xizmatlarini ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

– Bugun muhokama qiladigan uchta masalamiz bevosita inson qadri bilan bog‘liq, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Ularni bajarmaslikka hech qaysi rahbarning haqqi yo‘q.

Kun tartibidagi birinchi masalada ichki yo‘llar sifatini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalarni muhokama qilamiz.

“Tashabbusli byudjet” portali orqali aholidan tushgan 20 mingta yoki jami takliflarning 25 foizi ham ichki yo‘llarni yaxshilash bilan bog‘liqligi masalaning dolzarbligini ko‘rsatmoqda, – dedi davlat rahbari.

Bu borada Andijon tajribasi ko‘rsatib o‘tildi. Viloyatdagi sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan klaster tashkil etilib, olis va chekka mahallalardagi 23 kilometr qum-shag‘al yo‘llar sement-beton qoplamaga o‘tkazildi.

Ushbu 31 ta mahallada asfalt-beton o‘rniga sementdan foydalanish orqali qurilishdan 600 million so‘m iqtisod qilindi. Bu ishlarning hisobiga 350 ming dollarlik bitum importi uchun mablag‘ tejaldi.

Eng asosiysi, klaster o‘zi qurgan yo‘llarni 10 yil davomida kafolatli saqlashni zimmasiga olgan.

O‘zA