Kuni kecha Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Bugun, 1 aprel kuni, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi S.Gafarova boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolariga Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamrohlik qilmoqda.

Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi S.Gafarova “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Mehmonga majmuada aks ettirilgan tarixiy voqealarning mazmuni haqida so‘zlab berildi. Mazkur bog‘ qisqa muddatda barpo etilgani, tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar, nuroniylar va yoshlar bilan maslahatlashib, “Yangi O‘zbekiston” majmuasining g‘oyaviy va me’moriy yechimlariga alohida e’tibor qaratilgani delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

O‘zA