Videoselektor yig‘ilishida hudud va tarmoqlar rahbarlariga 2022 yil 1 apreldan boshlab davlat dasturlaridan tashqari byudjetdan ssuda berish va banklarga depozit qo‘yishni to‘xtatishga topshiriq berildi.

Har bir tarmoq va hudud rahbari bugundanoq aniq hisob-kitob qilib, uch kun muddatda o‘z rejalarini ishlab chiqishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Soliq va Bojxona qo‘mitalariga tushumlarni ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, o‘tgan haftada 1,5 mingdan ziyod davlat mulkini savdoga chiqarish bo‘yicha imzolangan Prezident qarori ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar belgilab berildi.

Masalan, 2022 yil 1 mayga qadar 50 mingta (4,5 ming gektar) yer uchastkalarini savdoga chiqarish nazarda tutilgan. Biroq, Samarqandda hozirgi kungacha bor-yo‘g‘i 6 ta yer uchastkasi elektron savdolarga qo‘yilgan. Qolgan hududlarda esa bironta yer uchastkasi savdoga chiqarilmagan.

Ikki hafta muddatda ushbu yerlarni to‘liq auksionga chiqarib, 1 iyulga qadar ularning kamida 50 foizi sotilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

O‘zA