Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari valyuta bozorini barqarorlashtirish borasida ko‘rilayotgan choralarni qayd etdi.

Jumladan, valyuta bozori va ayirboshlash kursi barqarorlashdi, birjada rubl va yuan bo‘yicha savdolar boshlandi.

–Bu borada xalqimizda ortiqcha xavotir yoki bezovtalik bo‘lmasligi kerak. Valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralarimiz yetarli, – dedi Prezident.

Markaziy bankka puxta o‘ylangan, og‘ir va vazmin valyuta va monetar siyosatni olib borishni davom ettirish topshirildi.

Markaziy bankning viloyatlardagi rahbarlari tadbirkorlar bilan har kuni uchrashib, ularga valyuta bozoridagi vaziyatni, eksport-import hisob-kitoblarini amalga oshirish va yangi kredit mexanizmlarini tushuntirib boradi.

Xalqaro ekspertlar jahon iqtisodiyotidagi hozirgi murakkab vaziyat uzoq davom etishini prognoz qilishmoqda.

Masalan, so‘nggi bir oyda jahon bozorlarida bug‘doy narxi 36 foizga, shakar xom ashyosi 10 foizga, o‘simlik yog‘i narxi 2 barobarga oshgan.

O‘zA