Kasb-hunar ta’limi va Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 31,7 million dollarlik 2 loyihani amalga oshirish jadallashtiriladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi Bosh direktori Patritsiya Dansi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokarada aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida Shveysariya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturi doirasida amaldagi ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlikning dolzarb jihatlari, shuningdek aloqa ko‘lamini kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.

Shveysariya delegatsiyasi rahbari O‘zbekiston tomonidan nisbatan qisqa vaqt ichida xalqaro va mintaqaviy munosabatni chuqurlashtirish, barqaror rivojlanishni ta’minlashda erishilgan ijobiy natijalarga yuqori baho berdi.

Markaziy Osiyo bilan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida Agentlik tomonidan 240 million dollar ajratilishi e’lon qilindi. Tomonlar har ikki tomon uchun manfaatli tarmoqlar, yangi hamkorlik dasturi doirasida ishlab chiqish uchun eng istiqbolli bo‘lgan loyihalarni ko‘rib chiqdilar.

Tadbir yakunida ustuvor yo‘nalishlarda moliyaviy-texnik hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar kelishib olindi.

G.Sattorova,
O‘zA