Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Toshkent shahrida kommunal sohani rivojlantirish borasida ham bir qator yirik loyihalar amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

–Xabaringiz bor, joriy yilda ko‘p qavatli uylarga boshqaruv-servis kompaniyalarini jalb qilishni boshladik. Bu yangi tajriba Yunusobod tumanida o‘z samarasini berdi. Endi kelgusi besh yilda barcha ko‘p qavatli uylar, tutash hududlarda joylashgan ijtimoiy ob’ektlarga shartnoma asosida xususiy boshqaruv kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi. Ichki hududlarni obodonlashtirish ham ushbu kompaniyalarga yuklatiladi. Bunda xizmatlar narxi oshib ketmasligi, aholiga ortiqcha yuk tushirmaslik maqsadida obodonlashtirish bilan bog‘liq xarajatlar byudjetdan qoplab beriladi,– dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent shahrining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash loyihasiga, umumiy qiymati 185 million yevro miqdorida investitsiya yo‘naltiriladi. Bularning hisobidan Toshkent shahrida markazlashgan ichimlik suvi qamrovi hozirgi 95 foizdan 100 foizga yetkaziladi.

“Salar” va “Bektemir” oqova suv inshootlarini shahar hududidan chiqargan holda sutkalik quvvati 1 million kub metr bo‘lgan zamonaviy oqova suv tozalash inshooti quriladi.

Shuningdek, 37 million dollar investitsiya hisobidan “Bo‘zsuv” va “Qodiriya” ichimlik va oqova suv inshootlari zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, shahardagi yomg‘ir suvlari va drenaj tarmoqlarini qayta tiklash dasturi qabul qilinadi. Barcha “yashil hududlar” shu manbalar hisobidan sug‘oriladi.

 

O‘zA