Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida 22-24-aprel kunlari to‘rtinchi bor “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘ztkazilmoqda.

Aytish kerakki har bir ko‘rgazmaning o‘z o‘rni va nufuzi bor, biroq xalqaro sanoatchilar namoyishi hamisha ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otadi. Shundan bo‘lsa kerak birinchi kundanoq ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarning keti uzilmadi. Bu holat esa tadbir tashkilotchilarini ham biroz shoshirib qo‘ydi.

Lekin nima bo‘lgandayam, innovatsion texnologiyalarga keng o‘rin berilgani mazkur tadbirning rang-barangligini ta’minlab bergan. Unda sanoat sohasidagi eng so‘nggi texnologik yechimlarni o‘z ichiga olgan minglab mahsulotlar bir joyda namoyish etilishi xaridorga ham, ishlab chiqaruvchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun ham birdek qulay va manfaatli.

– Ko‘rgazmada Italiya ammortizatorlarini namoyish qilmoqdamiz. Bu tezyurar “Afrosiyob” elektropoyezdlari uchun ishlatiladi, – deydi ko‘rgazma ishtirokchisi Pavel Karpov. – Shuningdek, metro, tramvaylarda va boshqa transport vositalarida ham ushbu sifatli mahsulotlarni ishlatish mumkin.  Elektropoyezlarda 1.5 million kilometrdan ko‘proq masofaga xizmat qiladi. Zavodimiz Italiyada joylashgan.

Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ishtirokchilari federal va mintaqaviy darajadagi sanoat kooperatsiyasining yangi jihatlari va vositalarini muhokama qilishdi.

Bu Markaziy Osiyoda savdo-sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun muhim voqeadir. Ko‘rgazmada bir qator muhim muammolarni hal qilish, jumladan, eng yangi sanoat texnologiyalarini ilgari surish va korxonalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsad qilingan.

Uning ishtirokchilari – nafaqat Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, balki Rossiya, Belarus, Xitoy va Turkiya kabi turli mintaqalarning nufuzli delegatsiyalari va kompaniyalari o‘z imkoniyatlari va yangiliklarini namoyish etishdi hamda mintaqaviy darajadagi sanoat hamkorligining yangi qirralarini muhokama qilishdi.

“Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi ishbilarmonlar, ilmiy va ekspert hamjamiyatlari vakillari o‘rtasida savdo va ishlab chiqarish aloqalarini kengaytirish, yangi istiqbolli tashabbus va loyihalarni ishlab chiqish uchun noyob imkoniyatlar yaratdi.

Jumladan, o‘z sanoatini rivojlantirish uchun hudud hokimlari va investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlariga ushbu ko‘rgazmada ishtirok etish ham yangi shartnomalar va kelishuvlarga zamin bo‘lsa ajabmas.

Zero, ko‘rgazmaning ishbilarmonlik dasturi “Markaziy Osiyoda xalqaro sanoat kooperatsiyasi: sanoat va texnologik rahbarlar bilan hamkorlik” mavzusidagi bosh g‘oyaga qurilgan.

Sessiya ishtirokchilari ko‘rgazma doirasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha flagman loyihalar va o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.

Ishbilarmonlik dasturining asosiy yo‘nalishlari: “Yashil” transport — O‘zbekiston taraqqiyotidagi so‘zsiz zamonaviy tendensiya” tadbirlari tashkil etildi. Masalan, ko‘rgazmada yurtimizda ishlab chiqarilishi mo‘ljallangan, hali sotuvga chiqarilmagan yangi gibrid avtomobillarining namoyish etilgani ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Men O‘zbekiston “Elektromashinalari” korxonasi direktori sifatida bugun mahsulotlarni ko‘rgazmada taqdim etmoqdaman, – deydi yana bir ko‘rgazma ishtirokchisi Denis Moiseev. – Shuningdek, Sankt Peterburg korxonasining ham vakili hisoblanaman. Bu yerda lokalizatsiya asosida elektrodvigatellar, tog‘-kon sanoati transporti va ekskavatorlarga ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz. Ko‘rgazma innovatsion bo‘lgani uchun 3D skanerlari va ular asosida yaratilgan mahsulotlarni ham taqdim etdik.

Mintaqalararo hamkorlik mavzusi “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston va Rossiya hududlari rahbarlari eng istiqbolli loyihalarni namoyish etishdi, ishbilarmon doiralar vakillari va mintaqaviy ekspertlar e’lon qilingan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Aytish kerakki, Rossiya va O‘zbekiston o‘ttiz yildan ortiq strategik iqtisodiy sheriklardir. Rossiya iqtisodiyotimizning asosiy investorlaridan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya kapital qo‘yilmalarining umumiy hajmi 13 milliard dollardan oshdi.

O‘zbekistonda ularning 3000dan ortiq qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda, Rossiyada O‘zbekiston rezidentlari ishtirokidagi 600dan ortiq kompaniya ro‘yxatga olingan.

Sanjar Toshpo‘latov,

Abror Sodiqov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA