Sport vazirligida O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan yig‘ilish o‘tkazildi. Federatsiya raisi maslahatchisi Sardor Karimov o‘tgan yillar davomida milliy sportimiz kurashni xalqaro maydonda rivojlantirish, uni jahon sporti durdonasiga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani, milliy sportimizni xalqaro darajaga chiqarishda zamonaviy kurash qonun-qoidalari muallifi Komil Yusupovning alohida xizmatlari borligini ta’kidladi. Ishtirokchilar O‘zbekiston kurash federatsiyasi boshqaruv organiga yangi tayinlangan mutaxassislar bilan tanishtirildi. Baxtiyor Qodirov mamlakat kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Uyg‘un Umarov rais o‘rinbosari vazifasiga tayinlanganligi e’lon qilindi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi bir qator masalalar xususan, 2024-yilning birinchi choragida o‘tkazilgan mamlakat chempionatlarida hakam va mutaxassislarning texnik-taktik mahorati, musobaqalarni tashkil etish borasidagi kamchiliklar, O‘zbekiston kurash federatsiyasi xodimlari, ijrochi direktorlar, hakamlar, murabbiylar va sportchilarning Odob-axloq kodeksi loyihasi, ijro intizomi kabi qator masalalar ko‘rib chiqildi. Zarur taklif va tavsiyalar bildirildi.

Muhokamalar jarayonida «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilangan bir qator ishlar amalga oshirilgan bo‘lsada, hali yechimini kutayotgan masalalar ham borligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilish yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar asosida O‘zbekiston kurash federatsiyasining tegishli bo‘lim mutasaddilariga, mutaxassislariga aniq vazifalar yuklandi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA