“Navro‘z” umumxalq bayramini munosib nishonlash maqsadida mamlakatimizning barcha hududlari singari Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.

Xayriya hashari doirasida Nukus shahrida “Toza shahar” aksiyasiga start berildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat bayroqlari o‘rnatilgan maydonda tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov ishtirok etib, yurtimiz obodligi, atrof-muhit tozaligini ta’minlash va yashil hududlarni barpo etishda har bir fuqaro hissa qo‘shishi zarurligi qayd etildi.

Loyiha doirasida Nukus shahri hududidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlari chiqindilardan tozalanib, obodonlashtirilgan joylarga har xil manzarali va mevali nihollar ekilishi rejalashtirilgan.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o‘qituvchilari bilan talaba-yoshlari ham umumxalq xayriya hasharida faollik ko‘rsatmoqda. Ular shahardagi o‘zlariga biriktirilgan maydonlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirib, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalarga ko‘maklashdi. Fizika fakulteti dekani Abat Muratovning qayd etishicha, xayriya hasharida 435 nafar talaba, 40 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi Nukus shahridagi “Darbent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududini obodonlashtirish, chiqindilardan tozalash ishlarida qatnashdi.

Xayriya hasharida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi ham faollik ko‘rsatmoqda. Ular Nukus shahridagi “Havo yo‘llari”, “Do‘stlik guzari”, “Oqo‘tov”, “Tung‘ish qonis” “Ko‘k o‘zak” hamda “Qumbiz ovul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarini  obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida qatnashmoqda.

Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan umumxalq xayriya hashari davomida Orolbo‘yidan jami  225  ming nafardan ziyod fuqaro, shundan 128 ming nafardan ortiq yosh ishtirok etmoqda. Ular tomonidan  1182,5 gektardan ortiq maydon obodonlashtirildi, tozalandi. 910 tonnadan ziyod maishiy va qurilish chiqindisi belgilangan joylarga olib chiqildi. 469,3 kilometrga yaqin uzunlikdagi ariq va lotok tozalandi. 421 ta qabriston va 8 ta ziyoratgoh obodonlashtirildi. Shuningdek, hashar davomida 50 ming 49  tup manzarali nihol,  36 ming 101 tup mevali ko‘chat, 77 ming 865 tup gul o‘tqazildi. Ishtirokchilar tomonidan 112 ming 900 tup daraxt oqlanib, shakl berildi. Ushbu ishlarga 188 ta texnika jalb etildi.

Xayriya hashari davomida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, ularga beg‘araz ko‘mak berildi. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda 291 ta xonadonning turar joyida ta’mirlash ishlari olib borildi. 894 ta moddiy yordamga muhtoj xonadonga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxsga va yolg‘iz keksalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Yangilanish va yasharish ayyomi arafasidagi umumxalq xayriya hashari Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida, mehnat jamoalarida, o‘quv yurtlarida davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA