Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim Isroilova tavalludining 109-yilligiga bag‘ishlab adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Xalqimizda bahor va baxt, mehr va sadoqat kuychisi, deb ardoqlanuvchi shoiraning xotirasiga ehtirom ko‘rsatish tadbiri she’riyat, nafosat, yoshlik va musiqa bayrami sifatida ko‘tarinki ruhda nishonlanishi an’anaga aylangani bu gal ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, taniqli shoir Minhojiddin Hojimatov mamlakatimizda Zulfiyaxonim ijodiga ehtirom ko‘rsatish keyingi yillarda yanada yuqori bosqichga chiqqanini ta’kidladi.

– Bahorimiz xayrli, shukuhli boshlanadi, – dedi Minhojiddin Hojimatov. – Sababi milliy adabiyotimizning qanchadan qancha fidoyilari shu oyda tavallud topgan. Mamlakatimiz adabiyotida Zulfiyaxonimning alohida o‘rni bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xotirasiga fayzli xiyobon, ijod maktabi, muzey tashkil etildi. Zulfiyaxonim qayg‘ularini shodlikka, el shodligiga aylantirgan ijodkor edi. Bu jihatlar ijodkorning satrlarida yaqqol namoyondir.

–Bahor Zulfiya opaning she’rlari bilan boshlanadi, – dedi “Saodat” jurnali bosh muharriri, atoqli shoira Munavvara Usmonova. – Zulfiyaxonim “Saodat” jurnalida umrlarining eng go‘zal davrini – 32-yilini o‘tkazdilar. Ayollarning dard-u tashvishi bilan yashash, ularga yelkadosh bo‘lish, yosh ijodkorlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ular faoliyatida ustuvor edi. Zulfiyaxonimga xos bo‘lgan yaxshilik, teran ma’naviyat chegara, zamon bilmas ekan. Bu tushunchalar bugun ham bardavom.

Adabiy tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ilk sohibasi Guljamol Asqarova, taniqli shoira, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug‘ova Zulfiyaxonim ijodi haqida so‘zladi.

Bahor, ayol-qizlar saodati, O‘zbekistonni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. O‘qishda, ijodda ilg‘or qizlarga faxriy yorliqlar topshirildi. Adabiy tadbirda Zulfiya haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA