Rossiyaning Primore o‘lkasida o‘tayotgan I qishki “Primore bolalari” o‘yinlari sportchilarimiz uchun katta mahorat maydoni bo‘lib xizmat qilayotgan bo‘lsa, mamlakatimiz sport mutaxassislariga xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, chet ellik mutaxassislar bilan fikrlashish imkonini bermoqda.

Mazkur o‘yinlarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi rahbari sifatida qatnashayotgan Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Farhod Turdiyev telefon orqali muloqotda O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– O‘yinlarning qiziqarli bellashuvlarida Belarus, Xitoy, Shimoliy Koreya va Rossiya sportchilari bilan kurash olib borayotgan umidli yoshlarimiz garchi sovrinli o‘rinlarga egalik qilmayotgan bo‘lsada, xalqaro musobaqalarga ko‘nikmasi ortayotgani e’tiborli holatdir. Qishki sport turlari musobaqalarida yosh sportchilarimizning ilk bor qatnashishiga qaramasdan qorli davlat vakillari bilan munosib raqobatga kirishayotgani, snoubord, xokkey, tog‘ chang‘isi, figurali uchish dasturlarida kuchli beshlik, o‘nlik, o‘n beshtalikdan joy olayotgani kelgusi muvaffaqiyatlarga zamin bo‘lishi shubhasiz. Har qanday sport turida, xususan qishki sport turlarida ham bitta professional sportchini tayyorlash, uni qit’a, jahon va nufuzli musobaqa shohsupasiga chiqarishgacha bo‘lgan jarayon katta mehnatni, xalqaro musobaqalar ko‘nikmasini talab etadi. Davlatimiz tomonidan qishki sport turlarini rivojlantirish, 2026 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlariga hozirdan zaxira hozirlashga e’tibor qaratilmoqda. I qishki “Primore bolalari” o‘yinlarida 20 nafardan ziyod sportchilar jamoasi bilan ishtirok etayotganimizning maqsadi ham shunga qaratilgan.

Darhaqiqat, yuksak g‘alabalarning poydevori turli musobaqalarda ishtirok etish ko‘nikmasi orqali shakllanadi. Shu ma’noda, I qishki “Primore bolalari” o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi vakillari Rossiya Federatsiyasining sport mutasaddilari, Xitoy, Shimoliy Koreya va Belarus davlatlarining yetakchi trenerlari bilan o‘tkazgan muloqotlari, rasmiy va norasmiy uchrashuvlarida manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikrlashildi. Terma jamoalar ishtirokida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish, jismoniy tarbiya va sport ta’limi bo‘yicha ilg‘or tashabbuslar, izlanishlar borasida seminarlar uyushtirish, mahoratli sportchilarni tanlash, tayyorlash mexanizmlarini joriy etishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalarda kelishuvlarga erishilgani serquyosh o‘lkamizda qishki sport turlarini rivojlantirish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

23 fevralga qadar davom etadigan o‘yinlarning bir qator yo‘nalishlarida musobaqalar yakunlangan bo‘lsa, o‘zbekistonlik sportchilar figurali uchish, snoubord va tog‘ chang‘isi yo‘nalishlaridagi bellashuvlarda ishtirokini davom ettirmoqda.

T. Ro‘ziyev, O‘zA