“Tottenxem” tarixida eng ko‘p gol urgan Harri Keyn Bundesligada ham rekordlarni yangilashni boshladi. “Bavariya” safiga qo‘shilgandan so‘ng, Keyn 21 asrda dastlabki ikkita uchrashuvida uchta gol urgan birinchi futbolchiga aylandi. Bunday rekordni 1967 yida Gustav Yung birinchi bo‘lib uddalagan. Shuningdek, 1993 yilda Adolfo Valensiya ham ilk ikkita o‘yinida uchta gol urgan.

Xabaringiz bor, Ispaniya chempionatining uchinchi turida “Barselona” safarda “Vilyarreal”ni 4:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Ushbu o‘yinda ikki rekord o‘rnatildi. Dastlab kataloniyaliklarning gollaridan biriga 16 yoshu 45 kunlik Lamin Yamal assistentlik qildi. Shu tariqa Yamal jamoa tarkibida samarali harakatni amalga oshirgan eng yosh  futbolchi sifatida tarixda qoldi. Bunga qadar “Barselona” safida Ansu Fati 2019 yilda ushbu natijani qayd etgan edi. O‘shanda Fati 16 yoshu 318 kunlik edi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, Lamin Yamal o‘tgan haftada “Barselona”da debyut qilgan eng yosh futbolchi, boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan eng yosh o‘yinchi sifatida ham rekord o‘rnatgan.

Gollarga boy o‘tgan mazkur bahsning navbatdagi rekordi Frenki de Yongga tegishli bo‘ldi. Yongning ikkinchi goli “Barselona”ning “Vilyarreal” darvozasiga kiritgan 100-goli sifatida qayd etildi va “Barselona” La-Liga tarixida “Vilyarreal” darvozasini yuz marta ishg‘ol qilgan birinchi jamoaga aylandi.

Rekord o‘rnatish bo‘yicha Angliya Premer-ligasi klublari ham bo‘sh kelayotgani yo‘q. Jumladan, “Brayton” va “Vest Xem” o‘rtasidagi uchrashuvda mehmonlar “Brayton” ustidan 3:1 hisobida zafar quchdi. Biroq, mezbonlarning yagona goli tarix sahifalaridan o‘rin oldi.

Ushbu gol muallifi Paskal Gross “Brayton” tarixida 27 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol etgan yagona futbolchiga aylandi. Bunga qadar Nil Mopey va Glenn Myurrey ushbu jamoa safida 26 ta gol urgan edi. Qiziqarli jihati

shundaki, Grossning mazkur jamoa safidagi goli yangi rekord sifatida qayd etilaveradi.

Angliya Premer-ligasining uchinchi turida “Byornli” o‘z maydonida “Aston Villa”ga 1:3 hisobida  imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

“Byornli”ning yagona goliga Layl Foster mualliflik qildi. Bu esa uzoq kutilgan natijani takrorladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Foster so‘nggi o‘n yilda Angliya Premer-ligasida to‘p kirita olgan birinchi Janubiy afrikalik o‘yinchiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Afrika Respublikasi futbolchilari orasida Stiven Piyenaar 2013 yili Angliya chempionatida “Xall Siti”darvozasini ishg‘ol qilgan.

Yana e’tibor markazida Messi

Yoshi tobora o‘tib borayotgan Lionel Messi hamon eng yaxshilar qatoridan joy olib bormoqda. Faoliyatini MLSda olib borayotgan Messi ushbu chempionat tarixidagi eng qimmat o‘yinchi sifatida qayd etildi.

Argentinalik yulduzning transfer narxi 35 million yevroni tashkil etmoqda va bu okeanortidagi eng katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Ushbu natija orqali Messi professional faoliyati davomida AQSH chempionatida o‘ynagan Terri Anri, Zlatan Ibragimovich va Devid Bekxem kabi yulduzlarni orta qoldirdi.

Ayni vaqtda Lionel Messi AQSHning “Inter Mayami” jamoasida to‘p surmoqda. 36 yoshli futbolchi “Inter Mayami” safida jami to‘qqizta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini 11 marotaba ishg‘ol qildi. MLSdagi debyut uchrashuvida “Nyu-York Red Bulls” jamoasi darvozasiga gol urgan Lionel Messi klublar miqyosidagi gollari sonini 715 taga yetkazib oldi.

Bundan tashqari, Lionel Messi Argentina terma jamoasining eng zo‘r to‘purari ham. U terma jamoa safida 175 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 103 marta aniq nishonga olishga ulgurgan. Umid qilamizki, bu raqamlar kundan-kunga ortib boradi va futbol qiroli bundan keyin ham yuksak marralarni zabt etadi.

Messi MLS qoidalarini ham buzishda davom etmoqda. MLSdagi debyut uchrashuvidan so‘ng Lionel jurnalistlar bilan muloqot qilmagani uchun jazoga tortilishi mumkin. Biroq unga qanday jazo berilishi hali aniq aytilmadi.

Argentinalik futbolchining katta o‘g‘li “Inter Mayami” akademiyasida tahsil oladigan bo‘ldi. 10 yoshli Tyago Messi MLS klublarining 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar jamoasida to‘p tepadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,    

O‘zA muxbiri