Qo‘qon shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Umuman, viloyatda 2022 yilning olti oyida faoliyat yuritmayotgan korxonalar soni 2,5 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 14,5 mingtaga yetgan.

Yil boshida respublika bo‘yicha 60 ta tuman to‘rtinchi va beshinchi toifalarga kiritilib, ularni iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur boshlandi.

Farg‘onada ushbu toifalarga kirgan Furqat, Yozyovon va So‘xdagi tadbirkorlar o‘tgan olti oyda 30 milliard so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.

Lekin, yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, mazkur tumanlarda natija ko‘rinmayapti. Ahvol yaxshilanishi o‘rniga, ulardagi tadbirkorlar tushumi o‘tgan yilga nisbatan kamayib ketgan.

Sanoat zonalarida katta maydonlar bo‘sh turganligi, viloyatdagi 19 ta tuman va shahar hokimlari ularni tadbirkorlarga taklif qilib, mavjud imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.

–Shuncha bo‘sh joylar turib, hokimlar sanoat zonalari uchun qishloq yerlari toifasini o‘zgartirish bo‘yicha murojaat qilishdan “charchamayapti”.

Eng achinarlisi, viloyatda ishlab chiqarish bo‘lgan davlat ob’ektlarini xususiylashtirib, ular o‘rnida yakka tartibdagi uy-joylar qurib yuborish holatlari mavjud, – dedi davlatimiz rahbari

Bosh prokuratura, Kadastr agentligiga bir oy muddatda Farg‘ona viloyatida so‘nggi besh yilda sanoat zonalari va bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlari toifasini yakka tartibdagi uy-joy qurishga o‘zgartirish holatlarini tekshirib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Bundan buyon, sanoat maqsadlari uchun mo‘ljallangan yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha qarorlar faqat Hukumat komissiyasi roziligi bilan amalga oshirilishi belgilandi.

O‘zA