Hamyurtimiz Isroil Madrimov navbatdagi jangini super yarim o‘rta vaznda (69,8 kg) “WBA” reytingida 3-o‘rinda borayotgan Buyuk Britaniya vakili Jeyms Metkalfga qarshi o‘tkazadi.

Matchroom promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Hird xabariga ko‘ra, hozirda ushbu bahs statusini belgilash bo‘yicha “WBA”’ga taklif yuborilgan bo‘lib, taklif tasdiqlansa, mazkur jang kamar uchun bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, I.Madrimov professional faoliyati davomida 10 ta jang o‘tkazib, 9 (6 nokaut) g‘alaba va bitta texnik durang qayd etgan. U so‘nggi jangini o‘rta vazn toifasida o‘tkazib, Rafael Igbokveni ochkolar bo‘yicha mag‘lub etgan.

Ma’lumot uchun, bo‘lajak raqib Jeyms Metkalf esa professional ringga 27 bora ko‘tarilgan bo‘lib, 25 (15 nokaut) marotaba g‘alaba qozongan va ikki marta mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rgan.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA muxbiri