7 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Yalpi majlisning ikkinchi ish kuni senatorlar tomonidan dastlab  “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, qonun bilan banklar ustav kapitali miqdorini 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab 2025 yilning 1 yanvarigacha bosqichma-bosqich yuz milliard so‘mdan besh yuz milliard so‘mgacha oshirib borish to‘g‘risidagi talablarni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Mazkur me’yorning kiritilishi banklarni kapitallashtirish darajasi hamda resurs bazasini oshirish, sohaga chet el investitsiyalarini jalb etish uchun qo‘shimcha huquqiy shart-sharoitlar yaratish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha kredit berish imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, qonunga ko‘ra norezidentlar tomonidan banklarning aksiyalarini olishga nisbatan cheklovlar qisman bekor qilinmoqda. Xalqaro bozorlarda ommaviy joylashtirilgan aksiyalarni sotib olish soddalashtirilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar banklarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali iqtisodiyotdagi tuzilmaviy o‘zgarishlar jarayonlarida ishtirok etishini kengaytirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 3321-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sud hujjatlarini va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bundan 3 yil avval 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishiga oid soddalashtirilgan tartibning amalga kiritilishi o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatdi.

Biroq ushbu soddalashtirilgan tartibning sud tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga nisbatan tatbiq etilmasligi, shuningdek, amalda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarima miqdorining yuqoriligi fuqarolarga iqtisodiy tomondan qiyinchiliklar tug‘dirib kelayotgan edi. Bu esa, o‘z navbatida, ma’muriy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lashda qiyinchiliklar keltirib chiqarayotgan edi.

Ushbu qonun bilan huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.

Eng asosiysi, mazkur tartib endilikda sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etilishining ko‘zda tutilayotganligi alohida qayd etildi.

Senatorlar mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularning jarima yukini yanada kamaytirish orqali pul mablag‘larining iqtisod qilinishiga va jarimalarni ijro etish tizimini yanada soddalashtirishga erishilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan birga, navbatdagi yalpi majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti barchaning diqqat markazida bo‘ldi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan hisobot davrida 10 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, majlisda fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, qiynoqlarning oldini olish, inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida olib borilgan ishlari eshitildi.

Shuningdek, Ombudsmanning milliy komissiyalardagi faoliyati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, bolalar huquqlarini himoya qilish, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ayniqsa, Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya faoliyatidagi ishtiroki keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, Ombudsman faoliyatida ayrim kamchiliklar saqlanib qolganligi senatorlar tomonidan qayd etildi.

Jumladan, 2022 yilning  ikkinchi yarim yilligida Yagona onlayn platforma orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha Ombudsman faoliyati nisbatan past baholangan.

Ombudsman tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga kiritilgan ta’sir choralarining samaradorligi pasaygan.

“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari ayrim viloyatlarda tashkil etilmagan.

Ombudsman tomonidan yetarlicha choralar ko‘rilmaganligi oqibatida 2022 yilda yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 387 nafar bola oilalarga va bolalar muassasalariga joylashtirilmaganligi, uy-joy berilishi rejalashtirilgan 25 nafar bola esa uy-joy bilan ta’minlanmaganligi senatorlar tomonidan haqli ravishda tanqid qilindi.

Majlisda Ombudsmanga eng ko‘p murojaat yo‘llangan hududlardagi muammolarni tahlil qilgan holda takroriy murojaatlarni kamaytirish, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan qonunda belgilangan ta’sir choralaridan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda monitoring tadbirlari natijadorligiga alohida e’tibor qaratish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Shu bilan birga, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning oilalarga va bolalar muassasalariga to‘liq joylashtirilishi ustidan nazorat o‘rnatish, oilalarga berilgan bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ularga yaratilgan shart-sharoitlarni doimiy ravishda monitoring qilib borish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Hisobot davrida vazirlik tomonidan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida oliy darajadagi 5 ta xorijiy tashrif va 200 ga yaqin turli uchrashuvlar, onlayn muloqotlar tashkil etilgan.

Olib borilgan tizimli ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qator tashabbuslari xalqaro tashkilotlar doirasida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning roliga oid rezolyutsiyalarni BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan qabul qildi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi esa “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyutsiyasini tasdiqladi.

Oliy darajadagi tadbirlar va diplomatik munosabatlar doirasida savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarga oid 365 ta ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hujjat imzolangan.

Vazirlik iqtisodiy diplomatiyani targ‘ib qilish, shu jumladan, eksportni kengaytirish va mamlakat hududlariga investitsiyalarni jalb qilish masalalariga ustuvor ahamiyat berdi. Xususan, 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq mahalliy mahsulotlar jahonning 47 mamlakatiga eksport qilingan (2021 yilda 37 ta mamlakat).

2022 yil davomida xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 276 846 ta konsullik operatsiyasi amalga oshirilgan. Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan buyon respublikaning 6 030 nafar fuqarosi maxsus reyslar orqali O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan.

Senatorlar investitsiyalarni jalb qilish, eksportni rivojlantirish va hududlararo hamkorlik hamda turizmni kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalarga qaramay, bu sohada hal etilmagan ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ta’kidladi.

Xususan, mamlakatimiz hududlarida ilg‘or, resurslarni tejovchi texnologiyalarni jalb qilish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator diplomatik vakolatxonalar yetarli darajada faoliyat ko‘rsatmayotgani ta’kidlandi.

Senatorlar hududlararo hamkorlik va xorijiy davlatlarning O‘zbekiston shaharlari bilan qardoshlik aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlar samaradorligini tubdan oshirish va ishlar natijadorligiga erishish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, mamlakatimizning tashqi siyosiy ishlar bo‘yicha idorasi milliy turistik mahsulotini ommalashtirish va milliy hunarmandchilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga eksport qilish borasidagi ishlar samaradorligini ta’minlash maqsadida sezilarli choralar ko‘rishi zarurligi qayd etildi.

Keng va ochiq muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan Madaniy meros agentligiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham muhokama etildi.

Ushbu masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan olib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 48 ta davlat muzeyi va ularning 73 ta filialida qariyb 2,5 million muzey ashyolari va kolleksiyalari saqlanmoqda.

Shuningdek, 6 ta nodavlat muzey faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda jami 25 mingga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud. Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni 1,3 millionni tashkil etmoqda. Respublikadagi muzeylarga 2021 yil davomida 2,4 million, 2022 yilda qariyb 3,5 millionga yaqin kishi tashrif buyurgan.

Senat tomonidan olib borilgan o‘rganishlar va tahlillar natijasida sohada yutuqlar bilan bir qatorda hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar dolzarbligicha qolayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Xususan, muzeylar sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nomuvofiqliklar mavjudligi aniqlangan. Jumladan, davlat muzeylari, muzey qo‘riqxonalari va uy-muzeylari, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari Madaniy meros agentligiga o‘tkazilgan bo‘lsa-da, “Muzeylar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida Agentlikning bu boradagi vakolati belgilanmagan.

Shuningdek, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda bo‘lib, ularning soni 100 dan ortiqni tashkil etmoqda.

Hukumatning tegishli qarori bilan Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartibi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu fondga kiritilmagan 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalarini hisobga olish hamda saqlashning aniq tartiblari mavjud emas.

Davlat katalogining elektron shaklini yaratish borasida muayyan ishlar olib borilgan, ammo Davlat katalogining bosma ma’lumotlari hali shakllantirilmagan.

Muzeylarga 2022 yil davomida tashrif buyurganlarning 75 foizi asosan 6 ta muzeyga, 25 foizi esa qolgan 43 ta muzey va ularning filiallari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur holat aksariyat muzeylarda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini anglatadi.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan muzeylarni aholiga yaqinlashtirish hamda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz uchun ham teng imkoniyatlar yaratish masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Shuningdek, senatorlar tomonidan muzeylarni aholiga yaqinlashtirish maqsadida olis va chekka hududlarga ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.

Muhokama so‘ngida Madaniy meros agentligiga qayd etilgan muammo va kamchiliklar yuzasidan yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qo‘yilgan parlament so‘rovini yuborish qarori senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Bundan tashqari, yalpi majlisda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori hudud taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.

Mazkur hujjat bilan 2021–2024 yillarda Orolbo‘yi mintaqasiga iqtisodiyot tarmoqlarida resurstejovchi va yuqori samaraga ega zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida “Yo‘l xaritasi” hamda ustuvor innovatsion loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan.

“Yo‘l xaritasi”ning 7 ta yo‘nalishdagi 71 ta tadbir uchun turli manbalardan 312 milliard so‘m, 22,2 million dollar, 6 million yevroga teng mablag‘lar sarflanishi, shu bilan birga, qarorda 2021–2024 yillarda bajarilishi rejalashtirilgan 65 ta ustuvor innovatsion loyiha uchun turli manbalardan 1,9 trillion so‘mga teng mablag‘ jalb qilinishi natijasida 4,5 mingta ish o‘rni yaratilishi belgilangan.

Hozirda “Yo‘l xaritasi”dagi 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 71 ta tadbirning 52 tasi bajarilgan va 90 milliard so‘m o‘zlashtirilgan. Qolgan 19 ta tadbirni amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda. Shuningdek, 16 ta tadbir ijro muddatlari 2023 yil yakuniga qadar uzaytirilgan.

Jumladan, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda ilmiy-tajriba uchastkasi va ekofiziologik tadqiqotlar laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Nukus tumanida “Aqlli qishloq” konsepsiyasi asosida yangi zamonaviy turar joylar kompleksini qurish uchun 19,3 gektar yer maydonini ajratish ishlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi innovatsion agroxizmatlar markazini tashkil etish ishlari yakunlangan. Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan atmosfera havosining ifloslanishini avtomatik monitoring qilishga ixtisoslashgan 7 ta uskunani o‘rnatish boshlangan.

Senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, ayrim loyihalar o‘z vaqtida ishga tushirilmaganligini, shuningdek, saqlanib qolayotgan bir qator kamchilik va muammolar, o‘z navbatida, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni o‘z vaqtida joriy etilmasligiga, samaradorligining pasayishiga, dolzarbligining yo‘qolishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

Muhokamalar yakunida mas’ullarga qarorda belgilangan qurilish va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan loyihalar ijrosini ta’minlash, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan loyihalar, tadbirlar moliyalashtirilishini amalga oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish kabi vazifalar yuklatildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, Senatning yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Senat Sarvarbek Azimjonovich Raxmonov, Ibragim Mirzaraximovich Alimov va Azamat Shodmonovich Ikromovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimidan ozod etish haqida qaror qabul qildi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 16 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati 

Axborot xizmati