Sud qarorlari va boshqa hujjatlar ijrosi o‘z vaqtida ta’minlansa, haqiqat qaror topadi yoki kutilgan natijaga erishiladi. Shu maqsadda Majburiy ijro byurosi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etilgan.

Ijro tizimi qanday ishlamoqda? Senat tomonidan shu yo‘nalishdagi ishlar ahvoli o‘rganildi.

– Sud qarorlari ortida inson manfaati yotibdi, – deydi  Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov. – Shuning uchun ham ular o‘z vaqtida bajarilishi shart. Davlatimiz rahbari Murojaatnomasida ham ijro tizimini yaxshilashga bejiz e’tibor qaratilmadi. Shu sababli Senatning tegishli qarori qabul qilinib, qo‘mitamiz  tomonidan sud qarorlari ijrosining holati o‘rganildi.

Sud hujjatlari ijrosini ta’minlashga doir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan, albatta. Lekin kamchiliklar yo‘q emas.

2021-2022 yillar davomida ijroga qaratilgan hujjatlardan 30 foizining ijrosi ta’minlanmagan. Hujjatlarning 12 foizi muddati buzib ijro qilingan. Ijrosi ta’minlanmagan ma’muriy sudlarning hujjatlari 2022 yilda oldingi yilga nisbatan 17 foizga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning hujjatlari 16 foizga, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning hujjatlari 13 foizga, iqtisodiy sudlarning hujjatlari 11 foizga oshgan.

Fuqarolarni ishga tiklash bilan bog‘liq ijro hujjatlariga ichki ishlar, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, soliq organlari, hokimliklar tomonidan yetarlicha e’tibor berilmagan. Mulkdor manfaatida kompensatsiya pul mablag‘larini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari ayrim hokimliklar tomonidan to‘liq ijro etilmagan.

Bundan tashqari, hokimliklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga undiruv bilan bog‘liq hujjatlar ijrosi ta’minlanishi qoniqarsiz darajada. 2022 yil davomida aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamagan ayrim shaxslarning javobgarlik masalasi hal etilmagan.

O‘rganish yakunlari qo‘mita a’zolari va mutasaddilar bilan birgalikda ko‘rib chiqildi. Sud qarorlari ijrosini o‘z vaqtida va so‘zsiz ta’minlash kerakligi va sohaga oid boshqa muammolar yechimini o‘zida aks ettirgan qo‘mita qarori qabul qilindi.

Albatta, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, hokimliklar ham ijro masalasida zimmasidagi mas’uliyatni yetarli darajada bajarishi shart.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA