Tashqi ishlar vazirligida uchrashuvlar keti uzilmayapti

2023 yil 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov xalqaro tashkilotlar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda vazirlik saytida ma’lumot berildi.

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvga to‘xtalsak, muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan BMT va uning ixtisoslashgan institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

https://cdn3.mfa.uz/2023/01/13/18/54/%D0%9E%D0%9E%D0%9D_Q3sMl-d8wP_normal.jpg

A.Muhammad keyingi yillarda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi muloqot sezilarli darajada kengayib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Tomonlar joriy yilda mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar jadvali va tashkiliy ishlar, jumladan, Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamlik forumi, Jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi va boshqa anjumanlarni o‘tkazish to‘g‘risida gaplashib olishdi.

Afg‘onistondagi joriy vaziyatga alohida e’tibor qaratilar ekan, BMT vakillariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston hukumati bilan tomonlarning majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini shakllantirish tashabbusi haqida ma’lumot berildi.

Afg‘oniston muammosini hal etish, afg‘on xalqiga, xususan, Termizdagi xalqaro logistika xabi imkoniyatlaridan kengroq foydalanish orqali insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishildi.

Shundan so‘ng, vazir Fransiya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi. Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, turizm, fan, ta’lim va boshqa sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qilishdi.

https://cdn3.mfa.uz/2023/01/13/18/56/%D0%A4%D1%80_kGOXFt5Q-s_normal.jpg

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21-22 noyabr kunlari Fransiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni har tomonlama amalga oshirish o‘ta muhimligi qayd etilgan.

Huddi shunday, Fransiya elchisi bilan ham joriy yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar jadvali bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

– Muzokaralarda iqtisodiy diplomatiya masalalari muhim o‘rin tutdi. Tomonlar turli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishdan manfaatdor, – deyiladi vazirlik saytida.

Dasturga ko‘ra, o‘sha kuni Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi rahbari Sharlott Adrian bilan muzokara o‘tkazildi.

https://cdn3.mfa.uz/2023/01/13/18/58/%D0%95%D0%A1_gNGhmWlLX8_normal.jpg

Uchrashuv O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlari, avval erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilish jarayonini muhokama qilish bilan boshlangan.

Turli darajalarda, jumladan, “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” shakllarida o‘tkaziladigan bo‘lajak tadbirlarning tashkiliy jihatlari xususida so‘z yuritildi.

Muloqot chog‘ida tomonlar turizm, ta’lim va ekologiya sohalarida, xususan, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirishdi.

Shu tariqa, B.Saidov ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvlar tomonlar manfaatiga birdek xizmat qildi, vazirlikga tashrif buyurgan mehmonlar tashkiliy masalalarni yuqori baholashdi.


B.Xudoyberdiyev, O‘zA