Jamiyat hayotiga oid muhim qarorlar jamoatchilikning fikri inobatga olingan holda qabul qilinmoqda. Ayniqsa, qonunlarni qabul qilishda jamoatchilikning ishtiroki kengaydi.

“Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham jamoatchilikning takliflari, fikrlari inobatga olingan holda ishlab chiqilgan.

Senatda mazkur qonunni muhokama qilish asnosida bu alohida qayd etib o‘tildi.

– O‘zbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar, shu jumladan, jamoat va davlat arboblarining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomini geografik ob’ektlarga berish bilan bog‘liq masalalar qonunchilikda aniq tartibga solinmagani sababli amaliyotda muammolar paydo bo‘layotgan edi, – dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov. – Masalan, nomi beriladigan shaxsni aniqlash, bunga qo‘yilgan talablar mavjud emas edi. Bu esa geografik ob’ektlarning nomlari qayta-qayta o‘zgartirilishiga sabab bo‘lgan. Yangi qonun bilan qonunchilikdagi bo‘shliqlar bartaraf etildi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun 4 moddadan iborat bo‘lib, “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunning 4 moddasiga o‘zgartirishlar kiritilib, 2 ta yangi modda bilan to‘ldirilmoqda.

Qonunda ko‘chalar, shohko‘chalar, mahallalar, maydonlar, bog‘larga va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga ayrim odamlar, jamoat arboblari, siyosiy arboblarning, O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish ularning vafotidan keyin Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan Senat yoki Prezident qarorlari asosida hamda qoida tariqasida nomlanishi mavjud bo‘lmagan ob’ektlarga nisbatan amalga oshirilishi belgilandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

N.Abduraimova, O‘zA