O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Buyuk ma’rifatparvar shoir va mutafakkir, xalqlar do‘stligining otashin kuychisi Abay Qo‘nonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilayotgan bugungi kunda Abay Qo‘nonboyev singari ulug‘ allomalarning o‘lmas merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ma’no va ahamiyat kasb etadi.

Abay Qo‘nonboyevning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuyg‘ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda o‘zaro madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, el-yurtimizni qozoq adabiyotining ulug‘ namoyandalari ijodi bilan keng tanishtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va jamoatchilik vakillarining xalqimizning qardosh Qozog‘iston xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga, yorug‘ kelajagiga bo‘lgan hurmati va ishonchining yorqin ifodasi sifatida yurtimizda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilishni tashkil qilish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda Tashkiliy qo‘mita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo‘mita bir oy muddatda Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

Ushbu chora-tadbirlar rejasida:

Abay Qo‘nonboyevning “Saylanma” asarini hamda “O‘zbek va qozoq adabiy aloqalari” nomli adabiy-tahliliy maqolalar to‘plamini nashrga tayyorlash va chop etish;

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Abay va o‘zbek adabiyoti” nomli doimiy ekspozitsiyani tashkil etish;

har yili shoir tug‘ilgan 10-avgust sanasida Toshkent shahrida o‘rnatilgan Abay Qo‘nonboyev haykali poyiga gul qo‘yish marosimi va mushoira o‘tkazish;

o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida “Abay asarlarining bilimdoni” insholar ko‘rik-tanlovini o‘tkazish;

ommaviy axborot vositalarida Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodi haqida turkum ko‘rsatuv va eshittirishlar, maqolalar berib borish;

Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodi haqida yaratilgan badiiy va hujjatli filmlarni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etish;

mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish tadbirlari ko‘zda tutilsin.

4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga qaror ijrosi bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                          Ш.Мирзиёев

Toshkent shahri, 2018-yil 13-mart