Bugun Gruziya parlamenti raisi Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Gruziya parlamenti raisi I.Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘z tashrifini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasidan boshladi.

Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va transport-logistika, tranzit yo‘laklarini shakllantirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

Delegatsiya vakillariga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning izchillik bilan olib borilayotgani yirik infratuzilma obyektlari va korxonalar barpo etish jarayoniga chet el investitsiyalarini maqsadli yo‘naltirish imkonini berayotgani ta’kidlandi. Investitsiya dasturlarini iqtisodiy, moliyaviy va texnologik asoslangan holda ishlab chiqishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

I.Kobaxidze O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatni rivojlantirishda yangi sahifa ochilganini alohida qayd etdi. Gruziyaning rivojlanayotgan iqtisodiyoti, xususan, turizm, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoatidagi ijobiy tendensiyalar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga imkon berishini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston hamda Gruziya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash imkonini beradigan biznes-forum va ishbilarmon doiralar maslahatlashuvlarini tashkil etish taklif qilindi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA