Taʼqiqlangan va tezoqar kanallarda choʻmilish nimasi bilan xavfli?

Yozda soʻlim joylarda bahra olishni, suv havzalarida choʻmilishni xush koʻramiz.
Bu holat muhim bir qoidani eslatishni taqozo qiladi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan taʼqiqlangan, oqimi tez kanallar, anhorlarda choʻmilish mumkin emas. Qolaversa, mazkur suv havzalari oʻzanida oʻtkir uchli toshlar va gidroinshootlarni tozalash davrida texnikalarning ayrim qismlari, yaʼni metall detallari sinib va choʻkib qolgan holatlar mavjudligi fuqarolarning ogʻir jarohatlar olishi ehtimoli juda yuqori.
Shu oʻrinda Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi taqdim etgan ayrim maʼlumotlarga murojaat qilish lozim boʻladi. Ularga koʻra, oʻtgan yili vohada fuqarolarning suvda choʻkishiga oid 18 ta baxtsiz hodisa roʻy bergan edi. Joriy yil oʻtgan davrida, yaʼni qariyb 7 oyda esa ular soni 15 tani tashkil qilmoqda.
Bu holatlarning 45 foizida bolalar va voyaga yetmagan oʻsmirlar oʻlimi qayd etilgan. Oila boshiga tushgan oʻnglab boʻlmas bu musibat boʻlgan holatlar biz yuqorida qayd etgan xatarli havzalarda bolalarning qarovsiz qoldirilishi, ular esa oʻz xavfsizligini taʼminlaydigan darajada suzish qoidalarini yaxshi bilmasligi bilan bogʻliqdir. Qoʻriqlanmaydigan havzalarda choʻmilish oqibatida inson hayoti fojiali yakun topishi kishi yuragini larzaga keltiradi.
– Taʼkidlash kerak, tezoqar kanal va anhorlarda choʻmilishga ruxsat berilmasligining yana bir sababi bor, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazi boshligʻi, katta leytenant Eldor Murodov. – Mazkur irrigatsiya, yaʼni sugʻorish inshootlari loyqa suvlarida choʻmilgan bolalarda teri va tomoq, qorin tifi, dizenteriya, solmonellyoz va parazitar gijja kasalliklariga chalinish va quyosh ostida yurishlari oqibatida oftob urishi qayd etilmoqda. Ular hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan bunday holatlar oldini olishda profilaktika tadbirlar, xususan kishilar dunyoqarashi, tibbiy madaniyatini oshirishning ahamiyati katta. Shuning uchun ham biz joylarda, ayniqsa, ilgari choʻkish oqibatida inson hayoti zavol topgan mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlarida boʻlib, aholi, yoshlar va jamoatchilik vakillari bilan targʻibot, tushuntirish ishlarini olib boryapmiz.
Lekin bizningcha, boshqa bir muhim jihat ham bor. Viloyatda,tezoqar va ruxsat qilinmagan kanal hamda anhorlarga muqobil, yaʼni suv tarkibi laboratoriyada oʻrganiladigan, choʻmilish xavfsizligini nazorat qilish barobarida hududi qoʻriqlanadigan ochiq suv havzalari tarmogʻini kengaytirish lozim. Bu vaqt va katta mablagʻ talab qiladigan loyiha. Gap inson manfaatlari va hayotiyu sogʻligʻi haqida borar ekan, bu masala mablagʻdan muhim.

 

Erkin YODGOROV, OʻzA