Oliy taʼlim sohasi vakillarining Oʻzbekiston xalqiga murojaati

Bundan bir asr muqaddam ona yurtimiz Turkiston oʻlkasi taqdiri ziyolilarimizning hayot-mamot masalasiga aylangan paytda buyuk maʼrifatparvar olim Abdurauf Fitrat “Har bir mamlakatning tolesi va taraqqiyoti yoshlarga qanday taʼlim va tarbiya berilishiga har tomonlama bogʻliqdir”, degan ezgu shiorni oʻrtaga tashlagan edi.

Oʻtgan ogʻir va mashaqqatli yillar buyuk kelajakni har tomonlama yetuk va yuksak malakaga ega mutaxassis kadrlar tayyorlamasdan qurish mumkin emasligini tasdiqladi.

Shu bois, mamlakatimizda sogʻlom va har qanday illatlardan xoli boʻlgan taʼlim-tarbiya muhitini shakllantirish bugun har birimizning muhim va ustuvor vazifamiz boʻlmogʻi lozim.

Bu yoʻlda toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish, taʼlim tizimi sofligi va shaffofligini taʼminlash, ayniqsa, uning obroʻsiga putur yetkazayotgan korrupsiyani bartaraf etishkechiktirib boʻlmaydigan vazifamiz hisoblanadi.

Maʼlumki, Sharqda oʻqituvchi, ustoz hamisha donishmandlik, axloqiy poklik, halollik ramzi boʻlib kelgan. Taassufki, ayrim tamagir, taʼlimga tasodifan kirib qolgan, oʻz manfaatini xalq manfaatidan ustun qoʻyadigan kimsalar tufayli taʼlim muassasalari xalq nazarida maʼlum darajada obroʻsizlandi.

Ilmni har doim hamma narsadan ustun qoʻyib kelgan, nopok ishlardan hazar qilgan, maʼnaviyati va madaniyati yuksak boʻlgan oʻzbek xalqi uchun korrupsiya mutlaqo yarashmaydigan illatdir.

Ayniqsa, endigina hayot yoʻllarida qadam tashlayotgan, begʻubor qalbi, musaffo koʻzlari-la oʻz kelajagiga ishonch bilan boqib turgan yosh yigit-qizlarni korrupsiya domiga tortish bu – eng mudhish jinoyat sanaladi.

Shu bois, Oʻzbekistonda taraqqiyotimizning yangi bosqichida bu illatga qarshi kurashning eng samarali usullarini mujassam etgan kompleks yondashuvga davlatimiz rahbari tomonidan asos solinganini alohida eʼtirof etish zarur.

Ayniqsa, 2017-2021 yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyichaHarakatlar strategiyasi oʻzining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yoʻq qilishga qaratilgan tarixiy hujjat boʻldi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida taʼlim sohasini“korrupsiyasiz soha”ga aylantirish gʻoyat dolzarb vazifa etib belgilandi.

Farmonga koʻra, 2019-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida aynan oliy taʼlim sohasida “korrupsiyasiz soha”loyihasini amalga oshirish belgilab qoʻyilganida chuqur maʼno bor. Chunki, mamlakatda kechayotgan har qanday islohotning muvaffaqiyati birinchi navbatda taʼlimga bogʻliq.

Shu bois, Prezidentimizning joriy yil 24 va 28-may kunlari oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilar va ilm-fan sohasi vakillari bilan boʻlgan uchrashuvlari chogʻida oʻquv dargohlarida uchrab turgan tamagirlik bilan bogʻliq holatlar chuqur tahlil qilinib, bu illat tanqid qilindi. Korrupsiya taʼlim-tarbiya tizimi uchun eng katta xavf sifatida eʼtirof etildi.

Hurmatli vatandoshlar!

Mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar taʼlim sifatini tubdan takomillashtirish, bilim maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlarni oliy taʼlimga keng jalb qilish kabi ishlarda oʻzining yorqin ifodasini topmoqda.

Hududlarda yangi oliy taʼlim muassasalarining tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki boʻlimlarning ochilishi, oliy taʼlim muassasalariga qabul koʻrsatkichlarining oshirilishi mazkur yoʻnalishdagi muhim islohotlar hisoblanadi.

Respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari soni 77 tadan110 taga yetdi, ulardan 19 tasi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallari. Soʻnggi ikki yilda 12 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi filiallari tashkil etildi (AQSH – 1, Rossiya – 5, Janubiy Koreya – 3, Latviya – 1, Hindiston – 2).

Birgina 2018/2019 oʻquv yilida 20 ta oliy taʼlim muassasasida10 ta xorijiy davlatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 33 ta taʼlim yoʻnalishi va 14 ta mutaxassislik boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Iqtisodiyotning real sektorlarida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda joriy oʻquv yilidan boshlab 66 ta zamonaviy taʼlim yoʻnalishi va 48 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilishi farzandlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Oliy taʼlimga davlat byudjetidan 2018-yilda875,9 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich1 trillion 288,4 milliard soʻmga yetdi yoki qariyb 1,5baravarga koʻpaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan farmoni va qarori oliy taʼlim sohasi uchun tarixiy voqea boʻldi.

Ularda oliy taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish, shuningdek, rektorlarga talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish parametrlarini belgilash, yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish kabi vakolatlarni berish nazarda tutilgan.

Bu, oʻz navbatida, oliy taʼlim muassasalari rahbarlarining mustaqilligini oshirish bilan birga, rektorlarga juda katta masʼuliyat yuklaydi.

Ammo, tan olishimiz kerak, guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, tizimda masʼul xodimlar oʻrtasida korrupsiya bilan bogʻliq holatlar yoʻqolmagan.

Ana shu kabi holatlarni ham bartaraf etib, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, taqdim etildi.

Muhtaram professor-oʻqituvchilar!

Dunyodagi eng sharafli kasb egalari sanalgan aziz ustozlar, murabbiylar!

Bugun islohotlar oʻzining hal qiluvchi eng yuqori bosqichiga koʻtarilgan bir paytda ulugʻ bobolarimiz – buxoriylar, xorazmiylar, samarqandiylar, nasafiylar, termiziylar, fargʻoniylar, shoshiylardan meros boʻlib qolgan halollik va poklikni shior qilib, farzandlarimizga ilm-fan sirlarini oʻrgatishda munosib avlod boʻlaylik!

Muhtaram Prezidentimiz bizning ishlashimiz, yaxshi yashashimiz, dunyoga chiqishimiz uchun cheksiz shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Bir-biridan muhtasham qilib qurilayotgan zamonaviy ilm-fan dargohlari biz va bolalarimiz uchundir.

Ularga korrupsiyaning suvarakdek oʻrmalab kirishiga aslo yoʻl qoʻymaylik. Oʻz bilimi va kuchiga astoydil ishongan farzandlarimizning ilm sirlarini oʻrganishlari uchun tayanch boʻlaylik.

Bugun oliy taʼlim tizimiga juda katta eʼtibor koʻrsatilayotgan bir paytda yoshlarning vatanparvar, yurtga sadoqatli va har jihatdan barkamol boʻlib voyaga yetishiga tahdid solayotgan korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashaylik!

Aziz yurtdoshlar!

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, biz – Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimining barcha rahbar va xodimlari “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun va Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosini samarali taʼminlashda oliy taʼlim sohasidagi islohotlarning oʻta muhim ahamiyatini va dolzarbligini toʻliq anglagan holda:

birinchidan, oliy taʼlim muassasalarini tajribali, halol va pok vijdonli, masʼuliyatli professor-oʻqituvchi va xodimlardan shakllantirib, ularning vazifalarini aniq belgilab beramiz;

ikkinchidan, abituriyentlarning oliy oʻquv yurtlariga qabul qilish jarayoniga, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazishga, talabalar bilimini baholashga hamda oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklashga, oʻqishlarini boshlashi uchun turli xil sunʼiy toʻsiqlarga, fuqarolardan har xil noqonuniy toʻlov undirilishiga yoʻl qoʻyilmasligiga koʻmaklashadigan “Jamoatchilik kengashi”ni tashkil etib, adolat va shaffoflikni taʼminlaymiz;

uchinchidan, talabalarning oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi murojaatlarini rad etish, ortiqcha hujjatlar talab qilish holatlarining oldi olinishini, shuningdek, fuqarolarning arizalarini oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi hamda ortiqcha ovoragarchiliklarga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlab beramiz;

toʻrtinchidan, professor-oʻqituvchi va talaba oʻrtasidagi byurokratik toʻsiqlarga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrib, ularning faoliyatini doimiy tahlil qilib borishni, baholash mezonlaridagi shaffoflikni kuchaytirib, adolat ularning bilimini baholashda asosiy faktor boʻlishini belgilovchi choralarni koʻramiz;

beshinchidan, oliy taʼlim muassasalarini moliyalashtirishning (davlat byudjeti, shu jumladan, markazlashtirilgan mablagʻlar hisobidan, oʻqitishning toʻlov kontrakt shakli, rivojlantirish jamgʻarmasi va grant mablagʻlari hisobidan) amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlariga rioya qilinishini, xarajatlar koʻrsatkichlarini shakllantirish tartibiga amal qilish va ichki moliyaviy taftish ishlarini takomillashtirishni, ushbu jarayonda korrupsiyaga oid holatlarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etilishini qatʼiy nazoratga olamiz;

oltinchidan, kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini tayyorlash va tatbiq etish, xodimlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash, taʼlim muassasalarini maqsadli oʻrganish kabi masalalar bilan bogʻliq barcha ishlarda korrupsiyaning oldini olish va shaffoflikni taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratamiz;

yettinchidan, tizimda korrupsiyaning oldini olish va barcha jarayonlarda shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan targʻibot-tashviqot, tushuntirish ishlari hamda maʼnaviy-maʼrifiy va tashkiliy tadbirlar (oʻrganishlar, ijtimoiy soʻrovlar, tanlovlar va boshqalar)ni yuqori saviyaga koʻtaramiz.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan oʻqishga adolatli yoʻl bilan kirishga erishishning barcha tashkiliy-huquqiy jihatlari toʻla yaratib berildi. Faqat ularga qatʼiy amal qilish qoldi, xolos. Eng toʻgʻri yoʻl – bilim yoʻli, adolat yoʻlidir! Adolat esa oʻzaro hamjihatlik va birlikdadir.

Biz, oliy taʼlim tizimi rahbarlari, koʻp sonli rektorlar, professor-oʻqituvchilar va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashib, farzandlarimizning kelajagi va Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida sidqidildan xizmat qilishga vaʼda beramiz.

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari 

rektorlari, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri.

 

O’zA