“Ilm izlab bormaydi, ilmni izlab keladilar”

Prezident tashrifidan soʻng…

Rivoyat qilishlaricha, Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad Zuhaliy Imom Buxoriyga odam yuborib, saroyga kelib, amir va amaldorlarning farzandlariga dars berishni taklif qiladi. Buxoriy bundan bosh tortadi. Xolid yana elchi yuborib, kitoblari bilan tezda amir huzuriga kelishini buyuradi. Buxoriy esa: “Ilm izlab bormaydi, ilmni izlab keladilar”, deb javob beradi. Shu maʼnoda bundan buyon yurtimizga nafaqat sayohat qilish, balki ilm oʻrganish maqsadida tashrif buyuruvchilar soni yanada ortishi shubhasiz.

Gap shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand viloyatida tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bunga toʻla asos boʻla oladi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, bu markaz mamlakatimizga ilm, baraka olib keladi. Yoshlarimizga bilim, kuch beradi. Bu yerda oʻqiganlar, ziyoratga kelganlar katta maʼnaviyat, maʼrifat oladi.

Mazkur ikki ilmiy dargoh faoliyati haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari Nuriymon Abulhasan bilan suhbatlashdik.

Birinchi kitobdan keyin turuvchi birinchi kitob

– Butun dunyo Imom Buxoriyni taniydi va tan oladi. 1992 yil Misrning Al-Azhar universitetiga tahsil olgani borganimda roʻy bergan bir voqea sira yodimdan chiqmaydi. Birinchi dars tanishuv boʻlgandi. Oʻshanda ustozim mendan “Siz qayerdansiz?” deb soʻradi.

– Oʻzbekistondan.

– Pokistondanmi? Xush kelibsiz!

– Pokiston emas, Oʻzbekiston. Imom Buxoriy yurti.

Shunda bir necha soniya xonaga sukunat choʻkdi.

Soʻng ustozim meni hammaga qaytadan tanishtirdi. Bagʻriga bosib, “Imom Buxoriy hazratlariga boʻlgan hurmatimiz shunchalar cheksizki, uning yurtidan kelganlarini ham eʼzozlaymiz”, dedi. Darhol Buxoriy haqida gapirib berishimni soʻradi.

– Nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo musulmonlari Qurʼondan keyin turuvchi ikkinchi kitob Buxoriyning “Al-jome as-sahih” kitobi deb bilamiz, – dedim.

– Sizlar hali oʻz ajdodingiz kim ekanini yaxshi anglamagan ekansiz, – dedi ustozim. – Avvalo, “Al-jome as-sahih”ga munosabatni oʻzgartiringlar. Uni birinchi kitobdan keyin turuvchi birinchi kitob, deb aytinglar. Ming yil davomida ushbu oʻquv dargohida Imom Buxoriydek olimni yetkazib berolmadik. Bizning umidimiz Oʻzbekistondan. Chunki oʻzbek farzandlari Buxoriy avlodlaridir. Sizlarda uning qoni bor. Umid qilamizki, Buxoriyning izdoshlari Oʻzbekistondan yetishib chiqadi.

Bu umid ushaladigan vaqt keldi. Samarqandda tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazining nomi bejiz Buxoriy nomi bilan bogʻlanmadi. Buxoriy haqida juda koʻp gapirilgan. Ammo uning asarlari tahlil qilinmagan, mazmun-mohiyati oʻquvchilarga yetkazilmagan. Biz hali ham ajdodlarimiz nomini koʻkrak kerib sanab yuribmiz. Lekin ularning ilmini hanuz yetarlicha oʻzlashtirmadik.

Ilmdan boshqa najot yoʻq, boʻlmaydi ham

Buxoriy 600 ming hadisni tadqiq etib, “Ilmdan boshqa najot yoʻq, boʻlmaydi ham” degan xulosaga kelgan. Uni biz shu vaqtgacha muhaddis, deb bilardik. Lekin Buxoriy katta muarrix, buyuk mufassir ham edi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida shu kabi qimmatli maʼlumotlarni chuqur oʻrganishga katta eʼtibor qaratiladi. Jumladan, Qurʼoni karim oyatlarini qiroat bilan oʻqish, toʻgʻri talaffuz etish, arab imlosida yozish – kalligrafiya boʻyicha mamlakatning yetakchi olimlari darslarini yoʻlga qoʻyishdan tashqari, xorijlik tadqiqotchilar uchun malaka oshirishlar tashkil etiladi. Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarning ilmiy merosini oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarning elektron nusxalarini toʻplash, ularni xalqimiz hamda jahon jamoatchiligiga yetkazish ishlari amalga oshiriladi. Buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, ulugʻ faqihlar Burhoniddin Margʻinoniy, Abullays Samarqandiy, kalom ilmining mutafakkirlari Abu Mansur Al-Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ajdodlarimiz boy merosini oʻrganish va ilmning shu sohalari boʻyicha mukammal bilimga ega boʻlgan yetuk mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Qolaversa, Samarqandning musulmon madaniyati durdonalaridan biri ekanini butun dunyo biladi. Imom Buxoriyning tabarruk maqbarasi ham aynan shu azim manzilda. Buxoriy maqbarasini ziyorat qiluvchilar bevosita ilmiy-markaz faoliyati bilan ham tanishish imkoniyatiga ega boʻladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilda Samarqandda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi. Bu 2019 yilning eng muhim voqealaridan biri boʻlishi kutilmoqda. Chunki konferensiyaga tayyorgarlik ishi allaqachon boshlab yuborilgan va tashrif buyuruvchilar orasida Misrning Al-Azhar universiteti ulamolaridan tortib, Yevropaning yetuk olimlarigacha kelishi kutilmoqda. Ushbu konferensiyaning mantiqiy davomi kalom ilmining buyuk mutafakkiri Abu Mansur Al-Moturidiyga bagʻishlanadi.

Markaz dunyoga nima beradi? Biz endi diniy ekstremizm, diniy terrorizm, deb aytishlariga qarshi chiqamiz. Islom dini tinchlik dini ekanligini Buxoriy va Moturidiy qoldirib ketgan ulkan ilmiy-maʼnaviy merosga tayanib isbotlab beramiz.

Hadis ilmi maktabida tahsil olish muddati nega besh yil?

Biz Hadis ilmi maktabini tashkil etishda dunyo tajribasini oʻrgandik. Yakunda Al-Azhar universiteti tajribasini qoʻllashga qaror qildik. U yerda hadisga ixtisoslashgan daraja uchun 7 yil tahsil olinar ekan. Hadis ilmi maktabida esa oʻquv muddatini besh yil qilib belgiladik. Chunki bizda toʻrt yillik Islom taʼlimoti boʻyicha oʻrta maxsus bilim yurtlari bor. Ana shunday taʼlim dargohlarida arab tilini puxta oʻzlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati yuqori 10 nafar iqtidorli bitiruvchi Hadis ilmi maktabiga saralab olinadi. Maktab bitiruvchilari, nasib etsa, yillar oʻtib dunyo taniydigan olim boʻlib yetishadi. Buning uchun mazkur maktabda barcha shart-sharoitlar yaratildi. Buxoriyning barcha kitoblari nusxalari yurtimizga olib kelindi. Maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qurʼoni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladi. Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida taʼlim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi koʻzda tutilgan. Maktab faoliyati 2019 yil sentyabr oyidan boshlanadi.

Xurshid Qodirov yozib oldi.

 

OʻzA