Joriy yilning 24-noyabr kuni olimpiya oʻyinlari sovrindori boʻlgan ikki professional bokschimiz Shahram Gʻiyosov, Murodjon Ahmadaliyev va Isroil Madrimov Nyu-Jersi shtati Atlantik-Siti shahrida joylashgan “Mark G. Etess Arena“da ringga koʻtarilishi haqida xabar bergan edik.

Shahram Gʻiyosov shu kuni meksikalik charm qoʻlqop ustasi Migel Zamudioga qarshi jang qiladi. Shahram professional boksda bor yoʻgʻi 5 ta jang oʻtkazgan boʻlsa-da, ularning barchasida gʻalaba qozondi va 4 marotaba ushbu bellashuvlarni muddatidan oldin yakunlay oldi.

Uning raqibi 27 yoshli Zamudio esa professional boksda 53 marotaba jang qilishga ulgurgan. U oʻz faoliyatida 41 marotaba gʻalaba qozongan (25 tasi nokaut evaziga), 11 ta jangda esa yengilgan (9 ta nokaut). Yana bitta jangda esa durangga erishgan.

Koʻrinib turibdiki, Shahramning bu galgi raqibi jiddiy. Shu sababli ham mazkur bellashuv keskin va murosasiz oʻtishi aniq. Albatta, raqamlarda ustunlik Migel tomonida. Biroq bizning yengilmas bokschimiz ham doimo ringga faqat gʻalaba uchun koʻtariladi. Ularning jang uslubi deyarli bir-xil.

Shahram oʻzining soʻnggi jangini 22 sentyabr kuni nikaragualik bokschi – Xulio Lagunaga qarshi oʻtkazib, toʻrtinchi raunddayoq raqibini muddatidan oldin magʻlub qildi. Migel esa 6 iyun kuni meksikalik Adalberto Paredesni 3 raundda nokautga uchratdi.

Raqamlar va faktlar sportda olamida katta ahamiyatga ega boʻlmaydi. Bokschilar ringga koʻtarilgan esa faqat ikki yoʻl qoladi – gʻalaba yoki magʻlubiyat. Shu sababli ham Shahramning raqamlari Migel kabi katta koʻrinishda boʻlmasa-da, ringda u yengilmas bokschi sifatida eʼtirof etilmoqda. Nima boʻlgan taqdirda ham ikki bokschi oʻrtasidagi jang murosasiz oʻtishi tayindir.

* * *
 
ChЕMPIONLIK KAMARINI HIMOYA QILISH YOʻLIDA


Professional ringda muvaffaqiyatli yurishini davom ettirayotgan hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev joriy yilning 23 avgust kuni chililik Ramon Kontrerasga (15-7-0, KO6) qarshi ringga chiqib, WBA chempionlik kamarini qoʻlga kiritgan edi.

Endi bokschimiz boʻlajak toʻqnashuvda ana shu kamarni himoya qiladi. Mazkur qarama-qarshilikda unga amerikalik tajribali bokschi Isaak Zarate raqiblik qiladi.

Murodjon professional ringdagi faoliyatini joriy yilning mart oyida boshlagan va shu vaqtga qadar 4 ta jang oʻtkazib, ularning barchasida zafar quchgan. Uchtasida nokaut qayd etgan.

2011-yili professional boksdagi faoliyatini boshlagan Isaak qariyb ikki yildan buyon magʻlubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. U oʻzining 9 yillik faoliyati davomida 16 marotaba jang oʻtkazib, uch marotaba durang va magʻlubiyatni qayd etgan.

WBA chempionlik kamari uchun oʻtadigan jangda chililik bokschi oʻzidan biroz yosh va professional boksda koʻp jang oʻtkazmagan boʻlsa-da, oʻzining metin himoyasi, kuchli chap qoʻl zarbasi sabab mutaxassislar eʼtiboriga tushgan oʻzbek oʻgʻloniga qarshi bahs olib boradi. Bu jangda Murodjon Ahmadaliyevning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda.

Kim gʻolib boʻladi? Chempionlik kamari kimda qoladi? Ringni kim boshi baland holda tark etadi, buni 24-noyabr kuni bilib olamiz.

* * *
 
HAVASKORLIKDAN PROFЕSSIONALLIK SARI ILK QADAM

Indoneziyada boʻlib oʻtgan XVIII Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasining bayroqdori va musobaqa gʻolibi boʻlgan Isroil Madrimov havaskor boksdan professional boksga oʻtganiga qariyb bir oy vaqt oʻtibdi.

Madrimov professional boksdagi debyut jangini meksikalik Viktor Ernandesga qarshi oʻtkazadi. Bu bokschi professional ringda 12 jang oʻtkazib, 10 gʻalaba (6 nokaut) va 2 magʻlubiyat qayd etgan.

Albatta, professional boksda ilk jangni oʻtkazish havaskorlar oʻrtasida jahon chempionligi uchun ringga koʻtarilishdan koʻra hayajonliroqdir. Shu sababli ham Isroil uchun bu jang qiyin oʻtishi aniq. Biroq biz isteʼdodli bokschimizga ishonamiz. Uning “Uzbek tigers“ jamoasi safida oʻtkazgan yorqin janglariga guvoh boʻlganmiz. Umid qilamizki, havaskorlikdan professionallik sari ilk qadam Isroil uchun omadli kechadi.

 

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA