“Barselona“ “Real“ni yer tishlatdi

Ispaniya chempionatining 10-turida “Barselona” “Real”ni qabul qildi. “Kamp Nou” stadionida kechgan “el-klasiko“ bahsi mezbonlarning 5:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Birinchi boʻlimni faol tarzda oʻtkazgan kataloniyaliklar, ikkinchi boʻlimda qarshi hujumlarda raqib xatolaridan unumli foydalanishdi.
Uchrashuvning boshidayoq Felipe Koutino hisobni ochdi. Boʻlim oʻrtalarida Rafayel Varan jarima maydonchasi ichkarisida Luis Suaresga nisbatan qoʻpollik ishlatdi. Bosh hakam VAR tizimiga murojaat qilib, vaziyatni penalti deb qayd etdi. Suarez penaltidan unumli foydalandi – 2:0. Ikkinchi boʻlim boshida madridliklar faollashdi. Bu esa oʻz samarasini berdi – Marselo hisobni qisqartirdi. Ammo mezbonlar hujumchisi Luis Suares bu natijaga koʻnmadi va ketma-ket ikki gol urib, hisobni yirik koʻrinishga keltirdi. Artur Melo oʻrniga maydonga tushgan boshqa bir Artur yakuniy hisobni oʻrnatdi – 5:1.
101708369.jpg
101708393.jpg
101727610.jpg
101728141.jpg
101708327.jpg
“Qaymoqranglilar“ jamoasi uchun barcha turnirlardagi oʻyinlar qoʻshib hisoblanganda qatorasiga toʻrtinchi safar uchrashuvida magʻlub boʻlishidir. Bungacha Lopetegi shogirdlari “Sevilya” (0:3), SSKA (0:1) va “Alaves”ga (0:1) qarshi oʻyinlarda magʻlub boʻlgandi.
“Real” 2002 yil fevralidan buyon ilk marta qatorasiga 4ta safar uchrashuvida magʻlubiyatga uchradi.Ushbu natija “Barsa”ning keyingi 3 yilda Madridda madridliklar jamoasi ustidan qozongan ilk yirik gʻalabasi boʻldi. 2015 yil noyabrida katalonlar “Santyago Bernabeu”da “Real”ni yirik – 4:0 hisobida magʻlub etgandi.

“Barselona” oʻz uyida bu jamoa ustidan oxirgi marta 2010 yilning noyabrida yirik hisobda ustun kelgan. Pep Gvardiola boshchiligidagi “Barsa“ oʻshanda Jozening “Real”ini 5:0 hisobida taslim etgandi.

Ushbu uchrashuvdan soʻng, “Barselona” 21 ochko bilan Ispaniya chempionati turnir jadvalida birinchi oʻrinni mustahkamladi, “Real” esa 14 ochko bilan 9-oʻringa tushdi.

Eslatib oʻtamiz, keyingi turda Valverde shogirdlari “Rayo Valyekano” maydoniga safar qilsa, madridliklar “Valyadolid”ni qabul qiladi.

Ispaniya chempionati
10-tur
 
Barselona – Real Madrid 5:1 (2:0, 3:1)
 

Gollar: 1:0 – 11 Koutino, 2:0 – 30, penalti Suares, 2:1 – 50 Marselo, 3:1 – 75 Suares, 4:1 – 83 Suares, 5:1 – 87 Vidal.

Barselona – ter Stegen, Pike, Alba, Serdji Roberto, Langle, Artur (Vidal, 84), Buskets, Rafinya (Nelson Semedu, 69), Rakitich, Koutino (Dembele, 74), Suares.
Real Madrid – Kurtua, Varan (Vaskes, 46), Marselo (Dias, 82), Nacho, Ramos, Kroos, Kazemiro, Isko, Modrich, Beyl (Asensio, 77), Benzema.
Ogohlantirishlar: Rakitich (38), Nacho (39), Beyl (53), Suares (77).

 

O’zA