Oʻzbekiston – Qozogʻiston: raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlik

Texnologiyalar – ijobiy samaralar va yuksalish uchun imkoniyat, demak. Ayni shu omil resurslar cheklangan hozirgi davrda iqtisodiy rivojlanish, toʻkis hayot uchun zarur sharoit yaratishning muhim shartiga aylandi.

Mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan faoliyat har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani Oʻzbekiston oʻz kelajagini ilgʻor texnologik yuksalish orqali barpo etishda koʻrayotganiga yorqin misol.

Toshkentdagi Inha universitetida 25-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan raqamli texnologiyalar sohasidagi Oʻzbekiston – Qozogʻiston biznes-forumi shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda ikki mamlakatning axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, savdo, iqtisodiyot, intellektual mulk, taʼlim, sogʻliqni saqlash, bank-moliya kabi sohalarga ixtisoslashgan vazirlik va idoralar, kompaniya va konsernlar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchilari, yetakchi ekspertlar qatnashdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi O.Ramatov, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Jumagaliyev va boshqalar Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlik ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asosida har tomonlama rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Mazkur tadbir faol sheriklik aloqalarini axborot va raqamli texnologiyalar sohasida ham jadal rivojlantirish imkonini berishini qayd etdi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlari, davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy texnologiyalar va nou-xaular joriy etilib, koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar sohasini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini keng joriy etish ishlari yuqori surʼatlarda davom ettirilmoqda. Ushbu yoʻnalishda dunyoda yetakchi mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik qilib kelinmoqda.

2018-yil Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili deb eʼlon qilinishi mamlakatimizda mazkur soha rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotganidan dalolat. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilish va milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha maqsadli dasturlarini izchil amalga oshirish imkonini bermoqda.

Forumda mehmonlarga “Elektron hukumat” tizimini joriy etish va davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, AKT sohasini rivojlantirish, bu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Qozogʻistonlik mutaxassislar davlat va jamiyat hayotida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, texnologiyalar va infratuzilmalarni rivojlantirish, sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha tajribalari namoyishiga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazdi.

– Bugun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish global xarakter kasb etmoqda, – deydi “Samgau” xolding kompaniyasi savdo direktori Yerlan Ahmetov (Qozogʻiston). – Forumda maktabgacha taʼlim tizimini tashkil qilish, “aqlli shahar”larda vaziyatni tahlil qilish markazlari va savdo sohasida onlayn kassa apparatlari boʻyicha ishlanmalarimiz bilan ishtirok etyapmiz. Tadbirda oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan tajriba almashish imkoniga ega boʻldik, nou-xaularni joriy etish boʻyicha muzokaralar olib boryapmiz.

Biznes-forum shoʻba majlislarida “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi aʼzolari va qozogʻistonlik dasturiy taʼminotchilar maʼruzalar bilan ishtirok etdi. Muhokamalarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari, sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport va xavfsizlik bilan bir qatorda, iqtisodiyot, moliya, soliq, bank va telekommunikatsion operatorlar tomonidan taqdim etilayotgan dolzarb mavzularga alohida oʻrin berildi.

Forumda axborot texnologiyalarini keng joriy etish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatilayotgan interfaol davlat xizmatlari sifatini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash, dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilarni birlashtirishga qaratilgan qator shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Qozogʻiston Respublikasi delegatsiyasi shu kuni mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida ham muzokaralar oʻtkazdi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA

  26.10.2018, 08:26  |    314 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!