“Oʻzbekiston-Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi matbuot markazi ish boshladi

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida “Oʻzekspomarkaz”da 18-20 oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi hududlararo hamkorlik I forumi oʻtkaziladi.

17-oktyabr kuni forum tafsilotlarini tezkor yoritish maqsadida “Oʻzekspomarkaz”da barcha sharoitga ega matbuot markazi ish boshladi.

Xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillariga qulaylik yaratish maqsadida forumning asosiy tadbirlari matbuot markaziga toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilinadi. Bundan tashqari, markaz zamonaviy kompyuterlar, printerlar va boshqa koʻp funksiyali qurilmalar bilan jihozlangan. Yuqori tezlikdagi Wi-Fi va simli uzatish orqali Internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati mavjud. Matbuot markazi hududida mobil aloqa operatorlari kartalari sotuvi va xizmat koʻrsatish hududlari tashkil etildi.

Matbuot markazida jurnalistlarga yordam koʻrsatish uchun axborot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, shuningdek, maxsus telegram boti va guruhlari ishga tushirildi. Tadbirlar davomida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga maxsus raqamlarga qoʻngʻiroq qilib, javob olishlari mumkin.

2.jpg

 

Inobat Ahatova, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA