Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari E.Bositxonovaning vazirlik tizimida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom bola tugʻilishini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Vazir oʻrinbosarining maʼlumotiga koʻra, joriy yilning oʻtgan 8 oyida “Ona va bola skrining” markazlari tomonidan 214 ming 237 nafar xavfli guruhga kiruvchi homilador ayol tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilgan. Ularning 3 ming 391 nafarida tugʻma nuqsonlar va irsiy kasalliklar bilan rivojlanayotgan homila aniqlangan. Nogiron bolalar tugʻilishining oldini olish maqsadida tegishli choralar koʻrildi.

238 mingdan ortiq chaqaloq gipotireoz va fenilketonuriya kabi tugʻma va irsiy kasalliklar tashxisi bilan tekshirilib, kasallik alomatlari aniqlangan bolalar davlat tomonidan bepul dori-darmon va oziq-ovqat bilan taʼminlanmoqda.

Hududlardagi koʻp tarmoqli va oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarida ayollar maslahatxonalari tashkil etilgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida qizlar salomatligi markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Tuman, shahar koʻp tarmoqli poliklinikalarida homilador ayollarnibirlamchi skrining tekshiruvidan oʻtkazish uchun perinatal tashxis xonalari tashkil etilgan.

Tadbirda millat genofondini asrash, sogʻlom avlodni voyaga yetkazish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, sohada bir qator kamchiliklar mavjudligi taʼkidlandi.

Mamlakat miqyosida onalar oʻlimi qisman kamaygan bir paytda Navoiy, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida bu koʻrsatkich yuqoriligicha qolayotir. Goʻdaklar oʻlimi koʻrsatkichi esa, Andijon va Xorazm viloyatlaridaoʻzgarmay qolmoqda.

Tadbirda ambulator-poliklinika muassasalari bilan tugʻruqqa yordamlashish muassasalari oʻrtasida oʻzaro aloqa yetarli yoʻlga qoʻyilmaganiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, ayollar maslahatxonalaridan tugʻruq uchun ayol yoki homilaning salomatlik darajasiga koʻra toʻgʻri yoʻnaltirilmasligi, tugʻruq muassasalarida bunga eʼtibor qaratilmasligi achinarli hol.

Deputatlarning fikricha, bunday holatlarning oldini olish uchun ambulator-poliklinika muassasalari bilan tugʻruqqa yordamlashish muassasalari, shuningdek, turli bosqichdagi tugʻruqqa yordamlashish muassasalari faoliyatini oʻzaro integratsiyalashgan holda olib borish maqsadga muvofiq.

Eshituv yakunida oilalar, onalar va bolalar salomatligini har tomonlama mustahkamlash, sogʻlom bolalar tugʻilishi, homilador ayollar va chaqaloqlarda patologiyani barvaqt aniqlab, davolash, bolalar nogironligini kamaytirish, onalar va goʻdaklar oʻlimining oldini olish yuzasidan bildirilgan taklif-tavsiyalarni inobatga olgan holda, qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Davron Sunnatov, OʻzA