“AUTO CON” uskunasi: Oʻz vaqtida jarima toʻlamagan haydovchilarni tutib bermoqda

Haydovchilar yaxshi biladi “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Termiz” avtomobil yoʻlining 806-871-kilometri oraligʻida, “Toshkent – Oʻsh” va “Bektemir – Chorbogʻ” avtomobil yoʻllarida yangi namunadagi maxsus avtomatlashtirilgan fotoradarlar ishlab turibdi.
Toshkent viloyati IIB YHXB xabariga koʻra, bu fotoradarlar orqali 2018 yilning 16 fevralidan 23 avgustga qadar 77 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlandi. Qoidabuzar haydovchilarning 45 mingdan ziyodi jarimani oʻz vaqtida toʻlagan. Lekin jarimani oʻz vaqtida toʻlamay, belgilangan tartibni buzayotgan haydovchilar ham yoʻq emas.
Oʻz navbatida, haydovchilarni jarimalarni toʻlash tartibi, toʻlovning qulay usullari, javobgarlik bilan bogʻliq savollar qiziqtirishi tabiiy. Bu haqda Toshkent viloyati IIB YHXB Matbuot guruhi inspektori Rustambek Asqarov quyidagilarni maʻlum qildi.
– Har bir haydovchi fotoradarlar nazoratidagi yoʻllarda qoidabuzarlik sodir etgan yoki etmaganligi haqida bilish uchun “8860” qisqa raqamiga transport vositasining davlat raqamini, transport vositasini qayd etish guvohnomasining seriya va raqamini SMS orqali yuborishi mumkin. Tezda SMS orqali bu haqda maʻlumot keladi, – deydi R.Asqarov. – Qoidabuzarlik boʻyicha belgilangan jarimalarni plastik karta orqali “Click”, “PayMe” ilovalari yordamida ham toʻlash mumkin. Toshkent viloyati YHXB tomonidan oʻz vaqtida jarimani toʻlamagan haydovchilarga nisbatan chora koʻrilmoqda. Bunda “AUTO CON” uskunasi yordamida 60 kun muddat ichida jarimani toʻlamagan haydovchilar aniqlanib, avtomashinasi jarima maydonchasiga qoʻyilmoqda. Hozirgi kunga qadar 1200 dan ortiq transport vositasi viloyat hududidagi jarima maydonchalariga qoʻyildi.
Eslatib oʻtamiz, Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 291-moddasi talablari asosida 60 kun muddat ichida jarimalarni toʻlamaslik, jarima toʻlagunga qadar transport vositasini jarima maydoniga qoʻyishga asos boʻladi.

 

OʻzA