Bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha ombudsman instituti nimaga xizmat qiladi?

Parlament quyi palatasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitalari bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbati BMTning bola huquqlari bo‘yicha Konvensiyasini implementatsiya qilish doirasida ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Tadbirda BMT Bolalar jamg‘armasining (UNICЕF) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xon ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya qabul qilish bo‘yicha tashabbusi muhim ahamiyatga ega bo‘lgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha Vakil institutini joriy qilish hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha Vakil to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish orqali yosh avlod huquqlarini himoya qilish milliy tizimini mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Xalqaro va xorijiy tajribaga ko‘ra bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ombudsmanlar faoliyati bolaning manfaati yo‘lida davlat boshqaruvini takomillashtirishga, Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya qoidalarini qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etishga, bolaning shaxsi, sha’ni, qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga jamoatchilik, davlat tuzilmalari, shuningdek, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarda hurmat darajasini oshirishga ko‘maklashadi.
O‘zbekistonda bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha Ombudsman institutining joriy etilishi bolalar va yoshlarga oid davlat siyosatini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Tadbir ishtirokchilari yosh avlodni ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya va “ommaviy madaniyat” kabi illatlardan himoyalash tizimini shakllantirish maqsadida bolalar va yoshlar huquqlarini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha tuzilmalar tuzish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi. “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturining 172-bandini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Davra suhbatida ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari va ularning xalqaro ekspertizasida UNICЕFning ishtirokini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA