Humo qushi yuksak parvozga shaylanmoqda

Tug‘rolarida sher, burgut va boshqa ramzlar aks etgan davlatlarning yutuqlari xususidagi yangiliklar jahon ommaviy axborot vositalarida daryodek oqib turgani hech kimga sir emas. Endi ular qatoriga tug‘rosida Humo qushi ifodasini topgan qadimiy, shu bilan birga, navqiron, orzulari ulkan davlat ham qo‘shildi.
1503201812.jpg
 
O‘tkir RAHMAT
Eynshteyn nazariyasiga ko‘ra, vaqtning tezligi hamma joydayam bir xil emas. Bu fikrga qo‘shilish ham, inkor etish ham mumkin. Lekin foydali ish bilan band bo‘lsang, vaqt qanday o‘tishi, aksincha, behuda sarflangan daqiqalar benihoya cho‘zilishi bor gap.
Aynan shundan kelib chiqib mulohaza yuritsak, 2018-yilning birinchi yarmi mamlakatimiz uchun qanday kechdi, islohotlar yo‘lida nimalarga ulgurdik, vaqtdan yutdikmi?
Bu savollarga javob topish uchun gazeta sahifalarini varaqlash yoki internet olami bo‘ylab kezish shart emas. Biri ikkinchisidan muhim voqea-hodisalar shundoqqina ko‘z o‘ngimizda yuz berdi. Yanvardan iyulgacha bo‘lgan oraliq juda tig‘iz o‘tdi. Ko‘rilgan tadbirlar mantiqiy uzviylik kasb etib, har qaysi qadam o‘lchangan, puxta o‘ylanganligi bilan ajralib turdi. Va albatta, eng e’tiborni tortadigan voqealar O‘zbekistonning tashqi siyosati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘ldi.
Himoyadan — hujumga
Yutuqlar ham, kamchiliklar ham tashqaridan nigoh tashlaganda aniqroq ko‘rinadi. Shu bois, O‘zbekistondagi o‘zgarishlar mintaqamiz va butun dunyo ahlining nazariga tushgani bejiz emas.
Turkiyaning yetakchi iqtisodiy nashrlaridan biri — “Derin Ekonomi” jurnali sharhlovchilari tashqi siyosatimiz taqvimini diqqat bilan kuzatib kelishadi. Ular joriy yil boshida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘z mamlakati va mintaqasidagi vaziyatlar o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan jahonning o‘n nafar yetakchisi ro‘yxatiga kiritdilar. Mazkur ro‘yxatdan muhim ahamiyatga molik qarorlari bilan mavjud vaziyatni o‘zgartirib yuboradigan, bu bilan xalqaro maydondagi vaziyatga faol ta’sir ko‘rsatadigan hamda jahon ommaviy axborot vositalarining “nyusmeykeri” hisoblanadigan yetakchilar nomlari joy oldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston rahbari mamlakatni liberallashtirish, huquq-tartibot idoralari faoliyatini tartibga solish, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan chuqur islohotlarni hayotga tatbiq etmoqda. Yangi rahbariyat tomonidan mamlakatni amalda erkin bozor sari harakatlantirish, tashqi savdo hamda valyuta siyosatini liberallashtirishga yo‘naltirilgan o‘ta muhim qarorlar qabul qilingani respublikaning xorijlik sarmoyadorlar uchun jozibadorligini oshirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning muhim, e’tiborga munosib qadamlaridan biri boshqa davlatlar, avvalambor, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni tubdan yaxshilash yo‘lini tutganida namoyon bo‘ldi.
Futbol bo‘yicha jahon chempionati davom etayotgan shu kunlarda AQSH Tashqi siyosat kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Svante Kornell O‘zbekistonning tashqi siyosiy kursi o‘zgarishlariga nisbatan juda o‘rinli, o‘ta aniq tashbehni keltirdi. “Agar futbol atamalari bilan o‘xshatish qiladigan bo‘lsak, ilgari O‘zbekiston himoya usulini qo‘llab kelardi. Lekin Prezident Mirziyoyev rahbarligida uni hujum usuliga almashtirdi”, dedi Kornell.
Bu tanlov mutlaqo boshqalarga qarshi qaratilgan emas. Ekspert fikricha, u Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar, Afg‘oniston, o‘arbdagi sheriklar hamda boshqa davlatlarning manfaatiga mos va deyarli hamohangdir. Shu bilan birga, O‘zbekiston so‘nggi yillardagi erishgan yutuqlaridan kelib chiqib, faol pozitsiyani egallayapti.
Shubhasiz, e’tirof o‘z-o‘zidan yuz beradigan harakatlarning emas, balki pishiq-puxta maqsadga yo‘naltirilgan pragmatik tadbirlarning natijasidir. Mamlakatimiz rahbari tashqi siyosatning mazmunini boyitish, samaradorligini oshirish vazifasini, avvalo, Oliy Majlisga Murojaatnomasida, so‘ng joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ilgari surdi. Ayni shu yerda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” taklif etildi, keyinroq Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi Farmonda barcha vazifalar o‘z ifodasini topdi.
“Avval” va “endi” o‘rtasidagi farq
Dunyo mamlakatlari bilan munosabatda hamkorlikni jadallashtirish uchun jiddiy sa’y-harakatlar amalga oshirildi. Agar raqamlar kesimida aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning faol, chuqur o‘ylangan ochiq tashqi siyosati quyidagilarda yaqqol ko‘rinadi: yanvardan iyungacha yettita oliy darajadagi tashriflar almashinuvi, 20 dan ortiq davlat va xalqaro tuzilmalarning rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi, 89 ta xalqaro shartnoma va bitim imzolandi. Tashqi ishlar vaziri yaqinda parlament yuqori palatasining yalpi majlisida keltirib o‘tganidek, hukumatlar, vazirliklar, idoralar rahbarlari darajasida 120 ta tashrif uyushtirildi, hukumatlararo qo‘shma komissiyalarning 10 ta yig‘ilishi, 6 marta tashqi ishlar vazirliklarining maslahatlashuvi hamda 2 marta xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, 656 ta ko‘rgazma, anjuman, taqdimotlar, 30 dan ziyod biznes-forumlar o‘tkazildi. Respublikamizga ishbilarmon va tadbirkorlarning 572 ta delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Tor fikrlovchi kishi: xo‘sh, bu uchrashuvlar nima beradi, ular avval bo‘lmaganmi? — deb o‘ylashi mumkin. To‘g‘ri, bo‘lgan. Ammo “avval” va “endi” so‘zlarining o‘rtasida katta farq bor.
Yanvardagi yig‘ilishda davlatimiz rahbari har kim o‘z faoliyatining real natijalarini ko‘rsatishi bo‘yicha topshiriq berdi. Endi elchilar ishida investitsiya jalb qilish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish asosiy mezonlar bo‘lib hisoblanadi. Xorijdagi vakolatxonalarimiz, elchixonalarda savdo va investitsiya bo‘yicha diplomat xodimlar shtatini kiritish, kengaytirish haqidagi tashabbus mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda keltirishga qaratilgan. Bundan tashqari, har qaysi elchixonaga viloyatlar, iqtisodiyot tarmoqlari, yirik korxonalarni biriktirishga qaror qilindi.
Mamlakatimizning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati yo‘nalishlarini bir maqsad va strategiya atrofida birlashtirish orqali 17 milliard AQSH dollarilik 182 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Investorlar O‘zbekistonda katta imkoniyatlarni ko‘rdilar. To‘g‘ri, mamlakatimiz ilgari ham jug‘rofiy joylashuvi, infratuzilmasi, qazilma boyliklari, mehnat resurslari bilan boshqalarni o‘ziga jalb qilib kelgan. Lekin muammo ko‘pincha davlat amaldorlarining sustkashligi va turli to‘siqlar bilan bog‘liq bo‘lib, mavjud afzalliklardan yetarlicha foydalanilmagan. Xususan, foydani valyutaga konvertatsiya qilish deyarli mumkin bo‘lmagan davlatda biznes yuritishdan ma’ni bormidi o‘zi? Hattoki, kelib, vaziyatni o‘rganish uchun ham elchixonaga bir necha bor “ta’zim qilish”, so‘ng asablar qaqshab vizani kutishga to‘g‘ri kelar edi.
Ko‘rilayotgan tadbirlarning mantiqiy uzviyligi katta ahamiyat kasb etayotgani, ya’ni bir ijobiy yechim keyingisiga yo‘l ochayotgani haqida yuqorida ham aytib o‘tgan edik. Bu yerda ham shunday bo‘ldi. Konvertatsiyaning izga tushishi fevral oyida yana bir muhim qarorni qabul qilishga zamin yaratdi, ya’ni viza bekor qilindi yoki uni olish soddalashtirildi. Bu yangilik 40 dan ortiq davlatlarda ulkan rezonans keltirib chiqardi. Uni nafaqat OAVda qizg‘in muhokama qilishdi, balki yuqori darajadagi rahbarlar ham sharhlay boshlashdi. Chunonchi, erta bahorda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rejeb Tayyip Erdo‘g‘on Turkiya fuqarolari uchun 30 kungacha muddatga vizasiz tartib o‘rnatilganini yuksak baholadi, buning uchun Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Boshqa qit’alar vakillari-chi? Ular ham sayyohlarning ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos bo‘lganini olqishladilar. TIV xabariga ko‘ra, qator davlatlar uchun vizasiz tartib o‘rnatilgani va uni olish soddalashtirilgani O‘zbekistonga keladigan sayyohlar oqimini ikki baravarga ko‘paytirdi. Besh oy ichida mamlakatimizga 2,2 million nafardan ziyod chet el fuqarolari tashrif buyurdi. Shunday qilib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan o‘sish 93 foizni tashkil etdi. Kelgusida bundan ham yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Negaki, kuni kecha Prezidentimizning yana bir qarori e’lon qilindi. Unga ko‘ra, joriy yil 15 iyuldan boshlab viza rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralariga majburiy murojaat etishlar bekor qilindi, kirish vizasini olish muddatlari qisqartirildi, eng ahamiyatlisi, endilikda elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish uchun “E-VISA.UZ” tizimi joriy etiladi.
Biz va dunyo
Yangi davrning yana bir yoqimli jihati — xorijda O‘zbekiston to‘g‘risida ko‘proq yoza boshlashdi. Media-makon auditoriyasi mamlakatimiz haqida batafsil ma’lumot olishga kirishdi. Bu juda muhim. Mayli, ko‘pmi-ozmi, har ikkinchi, beshinchi, o‘ninchi, hatto yigirmanchi kishi Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan yurt haqida biror yangilik bilan tanishar ekan, uni kelib ko‘rishni, albatta, xohlab qoladi, shu yerda ish yuritish imkoniyatlarini chamalab ko‘radi.
Binobarin, turli ko‘rinishda berilgan axborot o‘quvchilarda tasavvur va tegishli xulosalarni hosil qiladi. Ularga tajribani ham qo‘shsak, har bir mamlakat uchun juda qimmatli hisoblanuvchi “obro‘” degan tushuncha, zamonaviyroq qilib aytsak, “jozibador imidj” shakllanadi.
Ko‘pgina xorij nashrlarida yurtimizga nisbatan tez-tez ishlatilayotgan bir jumlani kuzatish mumkin. Londonda chiqadigan “Foreign Direct Investment Magazine” xalqaro biznes-jurnalining bosh muharriri Kortni Fingar bu fikrni o‘z maqolasining sarlavhasiga chiqardi — uni “O‘zbekistonda burilish” deb atadi.
“fDi Magazine” bosh muharriri O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni Shavkat Mirziyoyevning faoliyati bilan bog‘laydi va qabul qilingan Harakatlar strategiyasida boshqa yo‘nalishlar qatori iqtisodiyotni erkinlashtirish hamda investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha vazifalar ham aks etganini ta’kidlaydi. Amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tufayli mamlakatimiz Jahon bankining “Doing Business-2018” hisobotida ilg‘or o‘ntalikka kiritildi. Muallifning sanab o‘tishicha, o‘tgan davr mobaynida davlatimiz rahbari 118 ta Farmon qabul qilgan bo‘lib, uning 54 tasi iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish, 22 tasi esa sud-huquq tizimini isloh qilish bilan bog‘liq. Shuningdek, 29 ta yangi qonun qabul qilingan va ularning 19 tasi shu yo‘nalishlarga tegishli. Maqolada qayd etiladiki, O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy islohotlarni ro‘yobga chiqarishga jiddiy kirishgan va bugungi kunda ular jadal sur’at bilan davom ettirilyapti.
Bunday siyosat nafaqat obro‘li invest-jurnal vakilining e’tiborini tortdi. Dunyo sari ochilayotgan mamlakatimiz global moliyaviy sektorni ham qiziqtiryapti.
Yevrosiyo taraqqiyot banki xalqaro banklarining investitsiyaviy faoliyati sharhiga ko‘ra, yilning birinchi choragida shu kabi kredit tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan moliyalashtirishning eng ko‘p hajmi MDH mamlakatlari orasida O‘zbekistonga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni mamlakatimiz 841 million dollar mablag‘ni jalb qilgan, bu esa Hamdo‘stlik davlatlariga berilgan mablag‘lar umumiy hajmining 78 foizini tashkil etadi. Ko‘rinib turibdiki, ishbilarmonlik olamida hamyonning hajmi mamlakatning ochiqligi, obro‘si va imidji, u haqdagi ma’lumotning ko‘pligi bilan bog‘liq.
Tarixni kim yozadi?
Eng yangi tarix ayni shu kunlarda yozilyapti. Shubha yo‘qki, kelajakda bu bo‘yicha tayyorlanadigan darsliklar ancha qalin kitoblarga aylanadi. Ularga, juda qisqa davr — bir necha oy davomida o‘tkazilgan uchrashuvlar, ilgari surilgan tashabbuslar kiritiladiki, u tarixning eng yorqin lavhalari bo‘lib qolajak.
Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifining o‘ziyoq alohida bir bobga arzigulik. Eslang, Dushanbeda yomg‘ir yog‘ib turishiga qaramay, aziz mehmonni kutib olish uchun o‘n minglab odamlar ko‘chaga chiqdi. Samimiy tabassum, bir-birini sog‘inib qolgan qo‘shnilarning astoydil shodligi hukmron bo‘ldi o‘sha onlarda. Ikki tomonlama muzokaralar oddiy xalqqa 30 kungacha vizasiz bordi-keldi imkoniyatini berdi, qarindosh-urug‘ va do‘stlarni birlashtirdi. O‘tish punktlari ochildi. Shuningdek, Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Prezidentimiz tashabbusi bilan Ostonada o‘tkazilgan birinchi maslahat kengashi kabi tadbirlar ham mintaqaviy hamkorlikda yangi qirralarni ochdi. Kuni kecha 20 yillik to‘yini keng nishonlagan ushbu shaharda do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan qo‘shni mamlakatlari o‘rtasida yana samimiy muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi strategik sheriklikning yangi davriga asos soldi. Mezbon davlat ma’muriyati o‘zbek yetakchisining tashrifini tarixiy deb atadi. Donald Tramp yuqori martabali mehmonni: “Siz bilan Oq uyda uchrashish biz uchun sharaf”, degan so‘zlar bilan kutib oldi. U O‘zbekiston AQSH uchun muhim davlat va strategik sherik bo‘lib qolishini, respublikamizning mintaqadagi mavqei ortib borayotganini qayd etdi. AQSH Prezidentining so‘zlariga qaraganda, O‘zbekistondagi Prezidentlik saylovidan keyin mamlakatlarning o‘zaro munosabatlari yangi bosqichga chiqdi.
Birgalikda qabul qilingan hujjatlar o‘ta salmoqli, u 4,8 milliard dollarlik 20 dan ortiq shartnomalarni o‘z ichiga oladi. Bu faqat boshlanishi. Mamlakatimiz bilan hamkorlik masalasiga e’tiborning yanada kuchayganidan yaqindagina xabar qilingan yangilik ham dalolat beradi. Ya’ni AQSHning O‘zbekistondagi yangi elchisi vazifasiga Daniyel Rozenblyumning nomzodi tavsiya etildi. U ayni paytgacha AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, demak, mintaqada munosabatlarni rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan, katta tajriba orttirgan.
Davlatimizdagi missiyasini yakunlayotgan elchi Pamela Spratlen xonim aytishicha, uch yil avval bir mamlakatga kelgan bo‘lsa, bugun butunlay boshqacha O‘zbekistondan jo‘nab ketyapti. Chindan ham, mamlakat ichkarisidagi islohotlar bilan bir qatorda, yurtimizning ovozi tashqi dunyoda baland va dadil jaranglamoqda.
Jahonda akssado bergan muhim siyosiy tadbirlardan yana bittasi — Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkazilgan yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasidir. Bu voqeaga Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham qiziqish bildirdi. Bosh kotib Antoniu Guterrish anjuman ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llab, unda konferensiyaning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishidagi alohida ahamiyatini ta’kidladi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Toshkent konferensiyasini o‘z vaqtida amalga oshirilgan hamda muhim siyosiy jarayon, deb atadi. Mazkur nufuzli forum yakunida deklaratsiya qabul qilindiki, u xorijiy davlatlar bilan maslahatlashuvlar, “Tolibon” harakati vakillari bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazish uchun asos bo‘lmoqda.
O‘zbekiston yetakchisining yana ikkita tashabbusi munosib qarshi olindi. Sindao shahridagi sammitda ilgari surilgan SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaatini qabul qilish hamda BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini ishlab chiqish haqidagi takliflar hamma ishtirokchi davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Oradan ikki hafta o‘tmayoq, BMT Bosh Assambleyasi “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi. O‘zbekiston Prezidentining g‘oyasi dunyoning to‘rtta qit’asida joylashgan 55 ta mamlakat bilan hammualliflikda ro‘yobga chiqarildi. Ekspertlar hamjamiyati bu hodisani muhokama qilar ekan, bizning mintaqamizni gullab-yashnayotgan, o‘zaro bog‘langan siyosiy makon, deya baholamoqdalar.
Tahlilchilar fikricha, mintaqada har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha mamlakatimiz takliflarining so‘zsiz qo‘llab-quvvatlanishi bu jarayonni butun dunyo hamjamiyati ham olqishlayotganidir, deb hisoblash mumkin. Demak, ushbu jarayonlar bayroqdori O‘zbekiston — eng to‘g‘ri yo‘l bilan shiddatli qadamlar tashlab oldinga harakatlanmoqda.
Mushohadalarimiz debochasida davlatimiz tug‘rosidagi Humo qushi parvoziga to‘xtalib o‘tgan edik.
 
Humo — ezgulik, yaxshilik, bunyodkorlik, poklik, halollik, adolat, mehru oqibat, rahm-shafqat, umid va orzularning abadiyatga daxldor timsolidir. U yuksak parvozini boshladi. Buni esa butun dunyo ko‘rmoqda, kuzatmoqda. Jo‘shqin voqelikning mazmun-mohiyati aynan ana shunda.