O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari S.Otamurodov rahbarligidagi ishchi guruh Prezidentimiz raisligida shu yil 29 may kuni eksport-import, mahalliy byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash, qishloq xo‘jaligida g‘o‘za parvarishi, g‘alla o‘rimi, takroriy ekinlar va suvdan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning Jizzax viloyatidagi ijrosi bilan tanishdi.
Iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi yetakchi o‘rin tutadigan viloyatda 227 ming 800 gektardan ziyod sug‘oriladigan maydonning 104 ming gektarida g‘alla, 82 ming 900 gektarida paxta, 14 ming 170 gektarida poliz va savbzavot, qariyb 17 ming 600 gektaridachorva ozuqasi, 9 ming 200 gektardan ortiq yerda dukkakli va moyli ekinlar yetishtirilmoqda.
Ayni paytda viloyatda mavjud suv manbalaridan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini belgilangan miqdorda yetishtirish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilayotir. Birinchi navbatda mavjud maydonlardagi g‘o‘zani qondirib sug‘orishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Shu maqsadda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish uchun 35 hududiy shtab, 285 sug‘orish guruhi tashkil etilgan. Har bir guruhga suv xo‘jaligi tashkilotining mas’ul mutaxassislari biriktirilgan. Viloyatda har 5 gektar sug‘oriladigan maydonda bir nafar, jami 16 ming 600 nafar suvchi mehnat qilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ishchi guruhi Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlarida “G‘o‘zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi”, ya’ni 1 iyundan 1 iyulgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Fermerlar, suv xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassislari bilan uchrashuvlarda ajratilgan suvdan unumli foydanish bo‘yicha bajarilayotgan qo‘shimcha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish va mavjud muammolarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar davomida ayrim hududlarda suv nasosi va beton ariqlarda yuzaga kelgan ayrim muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan muhokama qilindi. O‘ganishlar natijasiga ko‘ra, sug‘orish nasoslari xarid qilish uchun byudjetdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
– Agrar sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor bu yilgi suv tanqisligini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Eshmatov. – Irrigatsiya tizimlarida ta’mirlash, yangi lotoklar olish, ayniqsa, g‘o‘za sug‘orishda egiluvchan quvurlardan foydalanishga mablag‘ ajratilishi dehqonlarimizga katta ko‘mak bo‘layotir. Ushbu amaliy yordamlar qiyinchiliklarni yengib, mo‘ljaldagi hosilni yetishtirishga imkon yaratadi.

 

Toshqul Beknazarov, O‘zA