“Toshkent siti”ning qoq markazidagi qabrlar. Ularning taqdiri nima bo‘ldi?

Shayxontohur tumanida “Hokimning bir ish kuni” loyihasi doirasida “Toshkent siti”, “Samarqand darvoza”, “Suzuk ota” obyektlarni ko‘zdan kechirdik. Toshkent zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, poytaxtning tarixiy ko‘chalari, obidalari buzilib ketayotgani haqida tuman rahbari bilan suhbatda bo‘ldik.

 
9ba441bd-0e17-4380-9196-950528e1d68b.jpg

Bahodir G‘oyibnazarov: “Tarixiy obyektlar buzilmaydi, misol uchun eng zamonaviy loyihalardan bo‘lgan “Toshkent siti”ning qoq markazida xalq orasida “Eshonzodalar sag‘anasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan qabrlar bor. Ana shu joy ham saqlanib qolinadi.Toshkent yirik megapolisga aylanib borayotgan bo‘lsa-da, shaharning tarixiy namunalarini, baribir saqlanib qolaveradi”, dedi va kunlik izchil ish rejasidan chekinib, bizni ana shu sag‘ana boshiga yetakladi…
67c914ee-1c38-45f6-a281-01ecaa9b9958.jpg

Tasavvur qiling, shisha oynali zamonaviy ko‘rkam binolar qatorida ikki g‘ishtin sag‘ana Toshkentning kechagi kunini, buyuk ajdodlarini eslatib turadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sag‘analarning biri Xoji Ahmad ibn Mir Ali Shoshiy Qoratoshiy qabri hisoblanadi. U xalq orasida “Qora salla Eshon” taxallusi bilan mashhur bo‘lgan. Hozirda “Toshkent siti” yaqinidagi mahalla va ko‘cha nomi ham aynan uning nomi bilan “Qoratosh” deb ataladi.

fdfdbd5b-f9ba-48f3-9fd9-e3047c9c6b17.jpg

Qoratoshiy haqida qisqacha ma’lumot

Xoji Ahmad ibn Mir Ali Shoshiy Qoratoshiy 1788-1889 yillarda yashagan. Xalq orasida “Ahmad Ma’dum” nomi bilan mashhur bo‘lgan. “Ahmad Ma’dum” tomonidan Jizzax, Zomin shahri, O‘ratepa shahar (Tojikiston Respublikasi) va Shayxontohur tumanida jami 4 ta masjid qurilgan. Ushbu shaxs islomiy risolalar va she’rlar yozgan. “Ahmad Shoshiy – Qoratoshiy”, deb imzo chekkan. U Bahouddin Naqshband tariqati davomchisi bo‘lib, o‘nlabshogirdlar yetkazgan. Ulardan biri Obidxon Mahdum sanaladi.

“Eshonzodalar sag‘anasi”da 60 ga yaqin shaxs dafn qilingan. Ushbu hudud 33 sotixga yaqin bo‘lib, unda “Sugul” masjidi va hammom bo‘lgan. Afsuski, masjid va hammom 1986 yilda buzib tashlangan. Keyinchalik Toshkent shahri hokimining 2007 yil 2 avgustdagi qaroriga ko‘ra “Sugul” masjidi va Eshonzodalar 4 ta sag‘anasi nomi bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyati Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasiga o‘tkazilgan. “Eshonzodalar sag‘anasini” “Olmazor” ko‘chasi buzilishidan oldin mutasaddilar saqlab qolish, madaniy yodgorlik sifatida atrofi o‘rab, tartibga keltirish rejasini ishlab chiqishgan. Hozirda, sag‘analarga zarar yetmasligi uchun bu joy temir to‘siqlar bilan o‘ralib, atrofida “Toshkent siti”ning qurilishi davom etmoqda.

e8a8f87c-bd6c-4c22-b724-e406149012b9.jpg

Poytaxtning yirik megapolisga aylantirilishi zamon talabi, biroq kechagi kunimizni ham yoddan chiqarmaslik va o‘tgan ajdodlarga hurmatni saqlab qolishimiz kerak. Bizning kelajak avlod oldidagi burchimiz nafaqat ularga yangi texno-megapolislar qurib berish balki buyuk avliyo va ulamolar yodgorligini gard yuqtirmay yetkazib berishdan ham iboratdir.

 

Anora Sodiqova, O‘zA