“Jahon chempionati – 2018” muhokamasi

Dani Karvaxal, Xuanfran, Serhi Roberto, Sezar Azpilikuyeta, Ektor Belerin, Nacho Fernandes, Alesh Vidal, Alvaro Ordiosola… bu futbolchilarni tanimaydigan futbol muxlisi bo‘lmasa kerak. Ularning ko‘plari o‘z klubida asosiy tarkibda (Nacho va Vidal mustasno) maydonga tushadi. 

Xo‘sh, ularni bog‘lab turgan narsa nima deysizmi? Ikkita jihat: biri o‘ng qanot himoyasi, ikkinchisi Ispaniya terma jamoasi. Xa, bu yil bosh murabbiy Xulen Lopetegiga juda qiyin bo‘ladi. Chunki terma jamoaga nomzodlar shunchalik ko‘pki, ulardan eng munosiblarini tanlash oson kechmaydi.

Barchamizga ma’lumki, “Jahon chempionati – 2018” boshlanishiga ham ikki oydan ko‘proq vaqt qoldi. Tabiiyki, mundialdan oldin muxlislar eng ko‘p muhokama qiladigan mavzu favoritlar, yarim finalga kimlar chiqishi-yu, g‘oliblikka qaysi termaning imkoniyati ko‘pligi. Futbolni ozmi-ko‘pmi tushunganlar, birinchi navbatda, terma jamoalar tarkiblari muhokamasi bilan shug‘ullanadilar, o‘zlaricha asosiy o‘n bittalikni tuzgan bo‘ladilar, zaxira masalasi ham esdan chiqmaydi.

Aynan murabbiylarda asosiy tarkib uchun variantlarning ko‘pligi muvaffaqiyat kalitlaridan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki zamonaviy futbolda butun bir katta turnirlarni yuqori tempda o‘tkazish, g‘oliblik uchun kurashish uchun katta zaxira ham kerak bo‘ladi. Zero jarohatlar, diskvalipikatsiyalar, yuqori jismoniy tayyorgarlik, kuchni to‘g‘ri taqsimlash masalasi futbolning ajralmas qismiga aylanib ulgurdiki, sovrinlarni ko‘zlagan har qanday mutaxassisning bularni hisobga olmasdan iloji yo‘q. Mazkur masalalarni ijobiy hal etish uchun esa murabbiyda tanlash imkoniyati ko‘p bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham superklublar hozirgi kunda zaxira o‘rindig‘iga juda katta e’tibor bermoqdalar. Biror jamoada kuchli o‘n bittalik bo‘lishi mumkin, ammo uzoq va og‘ir mavsumda kimdir safdan chiqsa, u yog‘iga ishlar teskarisiga qarab ketishi hech gap emas. Hamma chiziqlari mukammal bo‘lgan, ularga munosib o‘rinbosarlar mavjud klublar va terma jamoalargina chempionlik haqida bemalol o‘ylay olishadi.

Mana shunday terma jamoalardan biri, shubhasiz, Ispaniyadir. “Qizil furiya”ni “JCh-2018″ning asosiy favoritlaridan biri desak bo‘ladi. Ko‘p yillik futbol an’analari, yuqori taktik o‘yin uslubi, kuchli murabbiy va, albatta, deyarli bir xil ikki tarkibni fikrimizga misol qilib keltirsak bo‘ladi. Balki uchta ham chiqib qolar. Lopetegi boshliq termada bitta chiziqda 3-4 va hatto yuqorida ta’kidlaganimizdek, 7-8 nafar nomzodga duch kelamiz. Ularning darajasi ham bir-biridan unchalik katta farq qilmaydi.

Darvozabonlar: David de-Xea (MYu), Kepa Arrisobalaga (Atletik), Pepe Reyna (Napoli), Serhiyo Riko (Sevilya). Bu bahsda, shubhasiz, de-Xeaning imkoniati yuqori.

Markaziy himoya: Xerart Pike (Barselona), Serhiyo Ramos, Nacho Fernandes (universal himoyachi bo‘lib, aslida o‘ng qanotda harakat qiladi) (RM), Mark Bartra (Betis), Xavi Martines (Bavariya), Inigo Martines (Atletik). Mazkur pozitsiyaga terma jamoada do‘st, klublarida esa ashaddiy raqib hisoblanmish Pike va Ramos juftligi asosiy nomzod.

Chap qanot himoyasi: Xordi Alba (Barselona), Markos Alonso (Chelsi), Nacho Monreal (Arsenal). Bu masalada Albadan o‘tadigani bo‘lmasa kerak.

Maydon markazi va hujum orti bilan bog‘liq futbolchilar: Andreas Inesta, Serhiyo Buskets (Barselona), Koke, Saul Niges (Atletiko Madrid), Tiyago Alkantara (Bavariya), David Silva (Manchestr Siti), Isko Alarkon (RM), Xuan Mata, Ander Errera (MYu), Sesk Fabregas (Chelsi). Mana shu masalada murabbiyga qiyin bo‘ladi. Chunki saviyasi bir-biriga yaqin bo‘lgan futbolchilar serob. Har holda, Isko, David Silva, Inesta, Buskets, Kokelarning imkoniyati nisbatan yuqoriroq.

O‘ng qanot hujumkor yarim himoya: Lukas Vaskes (RM), Jerar Delafeu (Barselona), Suso (Milan), Vitolo (Atletiko). Ispaniya terma jamoasi ko‘p ham qanotlarga urg‘u beravermasligidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Shu sababli bu futbolchilar har doim ham asosiy tarkibga tanlanavermaydilar.

Chap qanot hujumkor yarim himoya: Marko Asensio (RM), Denis Suares (Barselona), Pedro Rodriges (Chelsi). Bu nuqtada ham raqobat katta. Chunki Asensio ba’zi o‘yinlarda o‘ng qanotga (Argentina bilan), ayrimlarida esa hujumchi ortida (Isroil bilan), va ba’zan o‘zining sevimli chap qanotiga (Italiya va Rossiya bilan) qo‘yilmoqda. Murabbiy bu pozitsiyaga (ayniqsa o‘rtoqlik uchrashuvlarida) Isko, David Silva, Pedro, Rodrigo kabi shogirdlarini ham sinab ko‘rmoqda.

Hujum chizig‘i: Alvaro Morata (Chelsi), Diyego Kosta (Atletiko), Rodrigo (Valensiya), Yago Aspas (Selta-Vigo), David Vilya (Nyu-York Siti) va Nolito (Sevilya) Bu masalada ham ispan murabbiylari ba’zida kutilmagan qarorlar qabul qilib turishadi. Ya’ni o‘yinni nominal hujumchisiz boshlashadi. Oldingi chiziqqa esa hujumkor yarim himoyachilar, masalan, Isko, Asensio, David Silvalar chiqariladi.

O‘ng qanot himoyasi haqida esa maqolamiz boshida to‘xtalib o‘tdik. Bu pozitsiyada harakat qiluvchi har bir ispan himoyachisi, ayniqsa, Alba, Karvaxal, Belerin, Alesh Vidal kabilar bemalol qanotga o‘tib hujumlarni tashkil etishda sheriklariga yaqindan yordam bera oladilar. Serhi Roberto esa oxirgi paytlarda tuppa-tuzuk qanot yarim himoyachisiga aylandi-qo‘ydi. Bir so‘z bilan aytganda, terma jamoaning aksariyat vakillari bir nechta chiziqda bemalol harakat qila olishadi. Birgina Nacho Fernandesning o‘zi o‘tgan yili “Real Madrid” safida faqat darvozani qo‘riqlamadi, xolos, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

f-4.jpg

Xulosa o‘rnida: ba’zilar o‘tgan mundialdagi muvaffaqiyatsiz ishtiroklaridan so‘ng ispanlarning taktikalari o‘rganib chiqildi, ularga bu safar ham qiyin bo‘ladi, deyishmoqda. Balki bir tomondan ular haqdir. Lekin “JCh-2018” saralash bosqichidagi, shuningdek o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi chiroyli o‘yinlari bilan Xulen Lopetegi shu narsani ko‘rsatdiki, ispancha “tiki-taka” o‘yin uslubi ancha takomillashgan va hujumlarning xilma-xilligi oshib bormoqda. Lopetegining qanday mutaxassisligini esa biz yaqinlashib kelayotgan mundialda bilib olamiz. Tarkib uncha-muncha grand terma jamoalar havas qiladigan darajada. Barcha gap murabbiy va uning taktik chizmalariga bog‘liq bo‘ladi.

Oybek Haydarov

 

O‘zA