Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlaridagi fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlim barqarorligini ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ana shu haqda so‘z bordi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar, Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Iqtisodiyot vazirliklari, O‘zbekiston Ekologik harakati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi vakillari va poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etdi.

Tadbir FVV huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi va BMTning Taraqqiyot dasturi qo‘shma loyihasi, O‘zgidromet hamda BMTning Iqlim o‘zgarishi haqidagi umumiy konvensiyasi Moslashish jamg‘armasi hamkorligida “O‘zbekistonnning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlim barqarorligini ta’minlash” qo‘shma loyihasi tomonidan tashkil etildi.

Butunjahon Meteorologiya tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yerdagi harorat XX asrning boshlariga qaraganda bir darajaga ko‘tarilgan, bu esa agrar tarmoqqa salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham ushbu muammoga duch kelmoqda. Shu ma’noda, zamonaviy texnologiyalar iqlim o‘zgarishlariga moslashish hamda ularning qishloq xo‘jaligiga salbiy oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi.

Tadbirda “O‘zbekistonnning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlim barqarorligini ta’minlash” loyihasi natijalari namoyish qilindi, xususan, suv tanqisligi va qurg‘oqchilikning tobora kuchayib borayotgan xavfini kamaytirish, dalalarni lazer yordamida rejalashtirish, boshlang‘ich ishlov berish, sideral, sho‘rga chidamli va qurg‘oqbardosh ekinlarni yetishtirish kabi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amaliy misollar keltirildi.

Loyiha markaziy, viloyat va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklariga iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi kurashga tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi.

Yangi agrotexnik va suv tejovchi texnologiyalarning samaradorligini Qoraqalpog‘iston iqlim sharoitida tekshirish uchun har birida turli innovatsion texnologiyalar joriy etilgan besh tuman tanlab olindi. Lazer yordamida rejalashtirish texnologiyasini integratsiya qilish uchun maxsus treninglar tashkil etildi. Unda fermerlar uskuna bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Fermer va dehqonlar uchun iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalari bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatish markazlari tashkil etilgan?.

Shuningdek, loyihani amalga oshirish doirasida gidrometeorologiya ma’lumotlarini yig‘ish va uzatish uchun zamonaviy uskuna bilan jihozlangan Qoraqalpog‘istonning meteorologik kuzatuv tarmog‘i to‘liq avtomatlashtirildi.

Tadbir so‘ngida qishloq xo‘jaligi ekinlarining iqlim barqarorligini oshirish imkonini beruvchi yangi agrotexnik uslublar muhokama qilindi.

 

Roman Bondarchuk, O‘zA