Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning nomi yurtimizda yaxshi maʼlum. Atoqli yozuvchining asarlaridan bahramand boʻlmagan odam kam topiladi.
MATBUOT SAHIFALARIDA
Biroq ishonch bilan aytish mumkinki, adabiyotimizning bu oʻziga xos siymosi haqida bilganlarimiz hali hammasi emas. Bunday toʻxtamga kelishga turtki boʻlgan sabab yaqinda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa uyida chop etilgan filologiya fanlari nomzodi Olim Toshboyevning “Abadiy zamondosh” kitobi mutolaasi boʻlsa ajab emas. Negaki, muallif ayni paytda ijtimoiy hayotda qaror topayotgan sergaklanish, hushyor tortish, hamma narsani oʻz nomi bilan aytishga urinish kayfiyati bilan hamohang tarzda mavzuga yangicha qarash bilan yondashgan. Hali jamoatchilikka maʼlum boʻlmagan, biroq maʼlum qilish adib shaxsiyatini toʻlaroq tasavvur etishda ham, oʻsha davr adabiy muhitiga baho berishda ham, umuman, milliy adabiyot manfaati nuqtai nazaridan muhim boʻlgan dalillarga murojaat etadi, ularning “falsafa”sini kashf qilishga urinadiki, bu hol kechagi kunga umumeʼtirof etilgan tamoyillar asosida yondashish amal qila boshlaganini koʻrsatadi.
Muallif kitobda maqsadini toʻla yuzaga chiqarish muddaosida koʻplab yangi qadamlar qoʻygan. Asar izchil xronologiyaga asoslangan. Unda aniq mavzu boʻyicha: 1) voqea (adib hayoti yoki ijodiga doir dalil); 2) sharh (gazeta-jurnal maqolalaridan koʻchirmalar, jonli guvohlarning esdaliklari); 3) tasdiq (adib qaydlari, zamondoshlarning xotiralari); 4) munosabat (adabiy tanqid, mutaxassislar fikri); 5) xulosa (muallifning yakuniy soʻzi) oʻziga xos kompozitsiya tashkil qiladi hamda obyekt yuzasidan toʻliq tasavvurga olib keladi. Qahramoni shaxsiyatini toʻlaroq gavdalantirish uchun (bu anʼanaviy usul, odatda, tarixiy-biografik, umuman, hujjatli asarlarda bosh obraz timsoli aniqlashtirib olinadi) ijodiy amaliyotimizda kam qoʻllanilgan yoʻldan boradi: Shukur Xolmirzayevni voyaga yetkazgan muhit, uning ijtimoiy kelib chiqishi, dastlabki qadamlari yuzasidan tasavvur paydo qilish, qolaversa, fikrlarini dalillash maqsadida oʻsha davrdagi rayon gazetalari taxlamlarini varaqlaydi. Bu mashgʻulot qanchalik yoqimli boʻlganini bilmadik, biroq “sargʻaygan sahifa”larda oʻsha davr ruhi aniq-tiniq aks etganini va muallif bunday yoʻlni behuda tanlamaganini eʼtirof etish lozim. Avvalo, xat taniydigan odamlar barmoq bilan sanarli darajada boʻlgan, ammo savodsizlikni tugatish vazifasi qorin toʻydirishdan yuqori (yaʼni, “maʼnaviyatga eʼtibor — hayot-mamot masalasi” tarzida) qoʻyilgan sharoitda “Gʻalla fronti”, “Ilgʻor Surxon uchun” singari gazetalarning haftasida 2-3 marta, yana 10-20 ming nusxada chiqib turishini, shu hudud (rayon, oblast)dagi jami maʼrifatli odamlarning gazetalarning jamoatchi muxbiri sanalishini mulohaza qilib koʻrsak, har bir tuzumning oʻz qiyofasi, siyosati boʻlishiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Ikkinchidan esa tajribali mutaxassis sifatida muallif davriy nashrlarning ijtimoiy hayotdagi oʻrnini toʻgʻri anglagan holda ularning haqiqatidan oʻrinli va samarali foydalanadi. Qolaversa, bunday yondashuv voqelik haqida aniq faktlar vositasida ishonchli fikr yuritishning namunasi hamdir.
Har bir yozuvchi haqida hammadan ham koʻp maʼlumotni uning asarlari tuhfa etadi. Muallif qahramonini ardoqli nazari bilan ulgʻaytirib keladi va uni taniqli yozuvchi sifatida taqdim etadi. Shubhasiz, yozuvchilik rutbasiga erishish oson emas. Bu yoʻlda Shukur Xolmirzayev ham toshli soʻqmoqlardan oʻtgan. Nimalar roʻy bermasin, uning tiynatida yoʻgʻrilgan toza hislar qanot boʻlib, parvozga undaydi. Chekka bir qishloqda dunyoga kelgan va olamshumullik maqomiga koʻtarila olgan ijodkorni ulgʻaytirgan tuygʻu nima edi, qanday qilib u koʻplardan baland koʻtarila oldi? Xuddi shu oʻrinda Olim Toshboyev, mening nazarimda, tayanch nuqtasini toʻgʻri topganga oʻxshaydi: “Shukur Xolmirzayev “Erkinlik” degan bir mamlakatning yakkayu yagona fuqarosi sifatida oʻz hududiga begonalar uchun oʻtib boʻlmas chegara oʻrnatgan edi, ul mamlakatning hayot tarzini faqat asarlar orqali koʻrish, kuzatish, his qilish va anglash mumkin boʻlar edi”.
Nihoyatda goʻzal ifoda.
Shunday hayot tarzini tanlagan odamga osonmidi? Biz asarlarini mutolaa qilib taʼsirlangan, davr toʻlqiniga sirt kelib, oʻzini shohlardek tutgan va biz (afsuski!) yaxshi bilmaydigan Shukur Xolmirzayev ana shunday umr kechirgan. Bu hayotning kashfiyotlari, iztiroblari haqida Olim Toshboyev mehr bilan yurak yutib hikoya qiladi va ancha teran ketadi. Demak, asarlarida ham ana shu bezovta va boshqalarga oʻxshamaydigan qalbning kechinmalari aks etgan edi-da.
Albatta, yozuvchining shakllanish bosqichida talabalik, havaskorlik toʻgaragida “Hamlet” spektaklidek shoh asarda bosh rolni ijro etishi, davrining mashhur shaxslaridan Shukur Burhonov bilan tanishuv, tengdoshlarning buyuk kelajakdan bashorat beruvchi intilishlari singari omillar oʻziga xos vazifani bajargan, ehtimol, yozuvchining ijodiy “qibla”sini toʻgʻri tanlashida ham muhim rol oʻynagandir. Buyuk aktyor uning iqtidorini koʻrib, oʻziga hamkasb boʻlishni taklif qiladi, buni rad etganida astoydil xafa boʻladi. Keyinchalik yozuvchining oʻzi oʻshandagi tanlovining nechogʻlik jiddiy boʻlganini sharhlagandek, shunday deb yozgan ekan: “Men adabiyotni qismatim deb allaqachon aytib qoʻyganman. Buni oʻzim bilaman — Olloh biladi. Qismatim demaganimda men bu yerlarda — yozuvchilar dalahovlisida makon tutmay, xotin, bola-chaqamning oldida yurardim. Tuzukkina roʻznoma yoki jurnalga muharrirlik qilish ham qoʻlimdan keladi. Nima qilay, hayot shunday boʻldi”. Ana shu hayot haqiqati — yozuvchining topganlari va yoʻqotganlari asarlarida singdirilgan. Bugun u yaratgan adabiy aholi oʻzining turfa feʼl-atvori, doʻlvorligi va samimiyati bilan millatimiz timsolini umumjahon sahnida namoyish qilib turibdi. Uning ijodiy eʼtiqodi — oʻsha “urho”lar zamonida hayqiriqlar, qarsakbozliklarni emas, insonni, yonida gʻimirlab yurgan zamondoshini adabiyotning qalbiga olib kirishni taqozo etdi. “Ular toʻgʻon qurmadi, choʻl quvmadi, neft-gaz ham qidirgan emas, koʻcha-kuyda imperialistlarni soʻkib, haqoratlagani ham yoʻq, ammo oʻzlarining kichkina haqiqatlari — insoniy or-nomusi, millat gʻururi va shaʼni, ona tabiati, yaxshi koʻrgan oti, ajdodlar yodi, oyoqosti boʻlgan eʼtiqodi uchun kuydi, oʻrtandi, — deb yozadi O. Toshboyev, — Bir soʻz bilan aytganda, Shukur Xolmirzayev “oʻzbek sovet adabiyoti” degan katta jangohning bir chetiga haqiqiy milliy, oʻzbekona qahramonlarini dadil safga tizdi”.
Bu holni jasorat debmi yoki qahramonlik deb atash lozim? Balki oʻz xalqiga betaʼma farzandlik xizmatidir. Nima boʻlganda ham totalitar tartiblar olov purkab turgan sharoitdagi bu harakat oʻz sharafini topmogʻi lozim. Axir “oʻzbek sovet adabiyotshunosligi va uning kalondimogʻ olimlari bu bir hovuch podachiyu ovchilarni, xayoli qochgan kampiru lafzsizlikdan boʻgʻilgan otboqarlarni adabiy qahramon rutbasiga mutlaqo munosib koʻrmagan hollari ham boʻldi”, deb yozadi muallif. Shunday qilib, yozuvchi qahramon qidirib uzoq mashaqqat chekmadi, atrofidagi olamning oʻziga maʼqul, yoqtirgan vakillari hayotini asarlariga asos qilib oldi. U yaratgan badiiy obrazlarning deyarli hammasida yurtdoshlari, yaqin tanishlarining hayot tarzi koʻchib oʻtgan. Shu holni ham oʻzligiga fidolik, qolaversa, somonning ichidagi ignani topa olgan daholik deb atash mumkin. Negaki, Shukur Xolmirzayev yaratgan badiiy timsollar jahon adabiyotining eng nodir namunalari qatorida turadi.
Olim Toshboyev yozuvchi iqtidori qirralarini inkishof etish uchun uning asarlaridan namunalar: “Toʻlqinlar” qissasi, “Soʻnggi bekat” romani, “Odam”, “Qariya”, “Oʻzbek xarakteri”, “Koʻk dengiz” singari hikoyalarini tahlil qiladi, ularning yaratilishidan tortib milliy tafakkur tadrijidagi oʻrnigacha batafsil ifodalaydi. Tahlillar asnosida muallif ham tadqiqotchi-olim, ham mehri joʻshgan yozuvchi sifatida namoyon boʻladi. Ayni paytda adabiy tanqid va shaxsiy mayllarni qorishiq ifodalaydigan oraliq janr paydo boʻlayapti. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurov shunday yozadi: “Adabiy tanqidni esse janriga yaqinlashtirish, ikki janrni omuxta qilish uchun koʻp yillardan beri urinaman”. Olim Toshboyevning saʼy-harakatlari tahlil obyektini ham olim, ham adib koʻzi bilan koʻrish imkonini bergan, bu hol esa taniqli yozuvchi olamini toʻlaroq tasavvur qilish sharoitini yaratadi. Shukur Xolmirzayev haqiqatan jahon hikoyachiligi tarixida “oʻzbek hikoyachilik” maktabini boyitgan, uni bepoyon sarhadlarga olib chiqqan ulkan ijodkor. Yozuvchi bu janrning havosini olgach, dastlab 40 ta, soʻngra 70 ta, keyin esa 73 ta hikoya yaratib, bir ijodiy gulchambar hosil qilishni orzu qilgan ekan…
Bundan tashqari, atoqli yozuvchi amalga oshirgan milliy adabiyotimiz taraqqiyot yoʻlining tahlili, adabiyotshunoslikdagi xizmatlari, yosh iqtidorlarga munosabati ham kitobda maromida aks etgan. Bu qirralar ham adib timsolini yana koʻrkamlashtiradi. Umuman, “Abadiy zamondosh” kitobining fazilatlari koʻp. Shu bilan birga u yangi tadqiqot ufqlariga ham nazarni qaratishga daʼvat etadi. Jumladan, oʻsha davr kitobxonlari adib asarlarini tanqidchilar tahlili orqali qabul qilgan. Tanqidchilik esa Shukur Xolmirzayev moʻjizalarini anglay olavermagan, hatto teskari xulosalar chiqargan. Yozuvchining oʻzi bir asari (“Soʻnggi bekat” romani)ga munosabatdan oʻkinib, shunday yozgan ekan: “Umuman, roman oʻsha vaqtda… qadr topmadi. Uning gʻoyasini anglagan doʻst-yoronlar ham biron kalima iliq soʻz aytmadi”. Endilikda jahon badiiy tafakkuri yutuqlaridan foydalanib, oʻsha paytdagi ikki qirgʻoq — yozuvchi va tanqidchi qarashlarini tahlil qilish va baholash imkoni bor. Eng insofli olimlar ham qaramlik sharoitida yaxshi asar yaratib boʻlmaydi, deb turganda Shukur Xolmirzayev iqtidorning (jumladan, oʻz iqtidorining) kuchiga ishonib, “yaxshi asar yaratib boʻladi” degan fikrni ilgari suradi va buni amalda uddalaydi ham. Ehtimol, shu oʻrinda yozuvchi shaxsiyatidagi oʻziga xoslik, iqtidorini yuzaga chiqarishini taʼminlagan omillar haqida bugun joʻyali gap aytish mumkin boʻlar. Bu hol milliy badiiy tafakkurimiz tadrijida, ijod tabiatini tushunishda yangi kashfiyotlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, Shukur Xolmirzayev ijodini zamondoshlari, jahon adabiyoti vakillari, jumladan, Chingiz Aytmatov ijodi bilan qiyosiy oʻrganish ham adabiyotshunoslikni yangi xulosalar bilan boyitishi, shubhasiz. Eʼtibor berilsa, Shukur Xolmirzayev va Chingiz Aytmatov badiiy olami bir-biriga yaqin. Ijod va taqdirning umumiy va xususiy tomonlari tadqiqi ham adabiyot manfaati nuqtai nazaridan foydali boʻladi.
Olim Toshboyev “Abadiy zamondosh” kitobida olim va tadqiqotchi sifatida oʻsha kunlardagi davriy nashrlar qiyofasi, ularning zamon ijtimoiy muhitidagi oʻrni haqida joʻyali dalillar keltiradi. Masalan, “adib ijodining gulga kirgan davri” hisoblanmish “Guliston” jurnalidagi faoliyati va jurnalning Ibrohim Rahim bosh muharrirligi paytida amalga oshirgan millatparvarlik tashabbuslarini mehr bilan qalamga oladi. Umuman, muallifning adabiy jarayon, bosma maʼrifiy mahsulotlarning taqdiri haqidagi mulohazalarida vatanparvar ijodkorning nuqtai nazari, bugungi ahvoldan qoniqmasligi, qolaversa, shunday imkoniyatdan foydalanilmayotganidan nadomatlari aks etgan. “Darhaqiqat, XX asrning 60-80-yillarida adabiy hayot… juda qizgʻin boʻlgan ekan, tinimsiz adabiy anjumanu yigʻilishlar, qoʻlyozmalar muhokamalari, matbuotda eʼlon qilingan kichikmi-kattami asarga darhol munosabat bildirishlar, yozuvchi-shoirlar bilan kitobxonlar uchrashuvi — bularning bari bugun ham ibrat olishga munosib”. Muallif adib yaratgan badiiy kashfiyot haqida yozadi: “Umuman, Sh. Xolmirzayev tasvirlagan hayot sehru tarovati va ohanrabosi bilan biz koʻrib turgan real hayotdan maftunkor va jozibali edi. Bu badiiy olam fuqarolari — asl oʻzbeklar kecha qanday darajada oʻlchov-ibrat boʻlgan esa, erta va indin ham oʻshanday mavqeda sobit qoladi, chunki ular asliyatda ham aʼlo, goʻzal va butundir”. Binobarin, bobolar udumiga hurmatan Shukur Xolmirzayevni “alp yozuvchi” deb atash oʻrinli boʻladi. Albatta, “Abadiy zamondosh”da yozuvchining kichik prozasi atrofida soʻz boradi. Hali romanlar tahlili, ijtimoiy faoliyat, adibning esselari haqidagi, umuman, davrimizning yirik ijodkori xususidagi tadqiqotlar davom etadi. Kitobga salmoqli xulosa yetishmayotgani ham shundan boʻlsa kerak — muallif uni nasiyaga qoldirganga oʻxshaydi.
Mutolaani tugatar ekanmiz, koʻngilda bir sogʻinch uygʻongandek boʻladi. Bu — tirikligida duch kelgan, suhbatidan bahramand boʻlgan ustozlar timsolini kitoblarda koʻrish… Butun umrini soʻz zahmatiga bagʻishlagan hali qanchalab vatandoshlarimiz haqida arzirli ehtirom namoyish qilingani yoʻq hisobi, ularning nomi bir qur eslanmagani ham bor gap. Holbuki, qahramon qidirib uzoqlarga borib oʻtirish shart emas — bu borada Shukur akaning oʻzi yaxshi ibrat boʻlib turibdi. Umid bilan shu maydonga kirgan, oʻz iqtidori darajasida nimadir qilgan, baʼzan tazyiqlar ostida xatolarga ham yoʻl qoʻygan (baribir ularning niyati ezgu boʻlgan) zotlar haqida shunday asarlar koʻplab yaratilsa, milliy madaniyatimiz bundan faqat yutgan boʻladi. Har qanday gapni maromida, “kiftini kelishtirib” aytsa boʻladi. Goh shogird maqomida yoki qarindosh sifatida, hech qurisa vatandosh rutbasida shu ruhdagi asarlarning yaratilishi bizning oʻtmishga hurmatimiz boʻlishi bilan birga kelajakka sarmoyamiz ham hisoblanar edi. Axir Navoiylar tugʻilmayapti emas, tugʻilayapti, faqat ular Navoiy boʻlib voyaga yeta olmayapti, xolos.
Hakim SATTORIY
OʻzA