Gulistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan bir guruh shaxslarga fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi.
Mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari, shaxsiy manfaatlari qonun bilan kafolatlab qo‘yilgani, har bir fuqaroga beriladigan pasport O‘zbekiston Respublikasining mulki bo‘lib, uning egasi davlat muhofazasida ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy holati, irqi, millati, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati hamda siyosiy va boshqa e’tiqodidan qat’i nazar, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan vaqtda turli obyektiv va boshqa hayotiy sharoitlarga ko‘ra mamlakat tashqarisida bo‘lgan mahalliy aholi, shuningdek, boshqa mamlakatlarda tug‘ilib-o‘sib, O‘zbekistonni o‘z Vatani sifatida dildan tan olgan, uning taraqqiy etishi va gullab-yashnashi uchun munosib hissa qo‘shganlar qabul qilinishi mumkin.
Davlatimiz rahbarining farmoni bilan Sirdaryo viloyatidan ham 3 nafar yurtdoshimiz O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish baxtiga muyassar bo‘ldi. Ular orasida Valentin Kubedinov ham bor.
– Men 1959-yili hozirgi Guliston shahrida tug‘ilganman, – deydi V.Kubedinov. – 1989-yili Rossiyaga ishlagani ketdim. Qaytish imkoni bo‘lmay, 1996-yilgacha o‘sha yerda qolib ketdim. Qaysi millatga mansub bo‘lishingdan qat’i nazar, o‘z tug‘ilib o‘sgan yurtingdan boshqa joy senga Vatan bo‘lolmas ekan. Shuning uchun kindik qonim to‘kilgan yurtga qaytdim. Shundan buyon O‘zbekiston Respublikasining teng huquqli fuqarosi sifatida pasportim bo‘lishini orzu qilardim. Nihoyat orzuim ushaldi. Tug‘ilib o‘sgan Vatanim pasportiga ega bo‘lganimdan juda baxtiyorman.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.