Assalomu alaykum, muhtaram Senat aʼzolari!
Hurmatli yalpi majlis qatnashchilari!
Avvalambor, bugun siz, azizlar bilan uchrashib, barchangizni sogʻ-salomat, yaxshi kayfiyatda koʻrib turganimdan mamnunman.
Shu imkoniyatdan foydalanib, sizlarga oʻzimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni bildiraman.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bugungi yalpi majlisi barqaror milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichida, jamiyatimiz hayotining barcha soha va tarmoqlarida keng koʻlamli va shiddatli demokratik islohotlar jadal olib borilayotgan masʼuliyatli bir davrda boʻlib oʻtmoqda.
Hozirgi kunda koʻpmillatli xalqimiz mamlakatimizda qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish yoʻlida bahamjihat boʻlib, qatʼiyat va fidoyilik bilan mehnat qilmoqda.
Oldimizga qoʻygan ulkan marralarga erishish uchun davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlari safarbar etilmoqda. Ayniqsa, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash, samarali tashqi siyosat olib borishdek ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xalq bilan doimiy va tizimli muloqot asosida umumiy soni 33 milliondan ortib borayotgan aholimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida yangi qadamlar qoʻyilmoqda. Jumladan, iqtisodiyot sohasida ijtimoiy yoʻnaltirilgan haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, tadbirkorlik, xususiy mulk rivojiga keng yoʻl ochib berish, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari va infratuzilmalarini tashkil etish masalalariga birinchi darajali ahamiyat berilmoqda. Yangi ish oʻrinlari yaratish, zamonaviy uy-joylar, yoʻl va koʻpriklar, bolalar bogʻchalari, maktablar va oliy oʻquv yurtlari, shifoxonalar, madaniyat va sanʼat, sport maskanlarini barpo etish, bir soʻz bilan aytganda, xalqimizning hayoti obod va farovon boʻlishiga erishish, uni rozi qilish – barcha boʻgʻindagi rahbar va mutasaddilarning faoliyat mezoniga aylanmoqda.
Albatta, hayotimizdagi bunday ulkan miqyosdagi iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishda milliy parlamentimiz – Oliy Majlis va uning yuqori palatasi boʻlmish Senatning, siz, hurmatli senatorlarimizning faoliyati gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi bilamiz.
Biz Senat deganda, birinchi navbatda, milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy salohiyatini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi va haqiqiy himoyachisi boʻlgan katta bir kuchni tasavvur qilamiz.
Yodingizda boʻlsa, bundan ikki yil oldin, yaʼni, 2017-yil 12-iyul kuni siz, muhtaram xalq noiblari bilan uchrashib, parlamentimiz faoliyatini bugungi shiddatli davrning oʻtkir talablari asosida yanada takomillashtirish boʻyicha eng muhim vazifalarni belgilab olgan edik.
Men yaxshi eslayman, oʻsha uchrashuvda “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi boʻlishi kerak”, degan fikr oʻrtaga qoʻyilgan edi.
Ana shu dasturiy gʻoyani amalga oshirish uchun Oliy Majlisga Murojaatnomalarimizda ham Oʻzbekistonning bugungi ijtimoiy-siyosiy hayotida milliy parlamentarizmni rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratilgani sizlarga yaxshi maʼlum. Bu borada, jumladan, Oliy Majlis palatalarining jamiyatimiz va davlatimiz hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish, ularning ishini samarali tashkil etish uchun zarur sharoit yaratish, deputatlar va senatorlar faoliyatining moddiy-tashkiliy taʼminotini yaxshilashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar koʻrildi.
Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli demokratik jarayonlarda Senat tomonidan qonun ijodkorligi bilan birga taʼsirchan parlament nazoratini olib borish, joylarga chiqib, aholimizni qiynayotgan, bezovta qilayotgan muammolarni oʻrganish, ularni ham qonuniy, ham amaliy nuqtai nazardan hal qilish yuzasidan bir qator eʼtiborga loyiq ishlar amalga oshirilayotganini albatta eʼtirof etish lozim.
Biz oʻz faoliyatimizni boshlagan dastlabki kunlardan eʼtiboran siz, hurmatli xalq vakillari bilan barcha muhim vazifalarimiz qatorida ikkita eng asosiy masalaga alohida ahamiyat qaratish haqida kelishib olgan edik. Bularning birinchisi – jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash boʻlsa, ikkinchisi – aholimizning sogʻligʻini muhofaza qilishdir.
Hammamiz tushunamiz, tinchlik va sogʻliq – bu har bir inson, butun xalqimiz uchun hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan buyuk neʼmatdir. Shuning uchun ham mana shu ikki sohada biz ahvolni tubdan oʻzgartirib, ijobiy natijalarga erisha olsak, butun jamiyatimizdagi vaziyat va ijtimoiy muhit keskin oʻzgaradi, men bunga aminman.
Shu maqsadda biz parlament aʼzolariga katta ishonch bildirib, Qonunchilik palatasiga – sogʻliqni saqlash sohasida, Senatga esa ichki ishlar organlari tizimida islohotlarni amalga oshirishda bosh-qosh boʻlishni taklif etgan edik.
Bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatini samarali tashkil etish, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini yoʻlga qoʻyish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar ongida “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar”, degan yuridik tamoyilni qaror toptirish borasida erishilayotgan yutuqlarda Senat aʼzolarining ham munosib hissasi bor.
Ayni vaqtda mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, jamiyatimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini yanada yaxshilash, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish bilan bogʻliq gʻoyat dolzarb, kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni bajarishda Senatning roli va taʼsirini oshirishni hayotning oʻzi talab etmoqda.
Bu haqda gapirganda, men Senat faoliyatida oʻz yechimini kutib turgan bir qator muhim masalalarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Birinchidan, Senatning qonunchilik faoliyatida, ishni toʻgʻri tashkil qilishda talabchanlik va jonkuyarlik, tashabbuskorlik va izchillik yetishmayotganini qayd etish lozim.
Misol uchun, 2015-2018 yillar davomida yuqori palata tomonidan 140 ta qonun maʼqullangan boʻlsa-da, aksariyat qonunlarning maʼno-mazmuni Senatda koʻrib chiqilganidan soʻng sezilarli darajada oʻzgarmagan.
Maʼlumki, qonunlar muhokamasining boshlangʻich bosqichlarida milliy va hududiy manfaatlar nuqtai nazaridan Senat aʼzolarining mazkur muhokamada faol qatnashishlari talab etiladi. Afsuski, shu maqsadda tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatiga ayrim Senat aʼzolarining yuzaki yondashish holatlari uchrab turadi.
Garchi Senat qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlmasa-da, bu hol uning qonunlarni takomillashtirish boʻyicha taklif koʻrsatishiga monelik qilmaydi. Tan olish kerakki, bu borada yuqori palata vakillari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy sohalardagi muammolarni chuqur tahlil qilib, qonunchilikni rivojlantirishga oid asoslangan takliflarni kiritish masalasi, afsuski,talab darajasida emas.
Ikkinchidan, Senatning parlament nazoratiga oid amaldagi vakolatlaridan toʻliq foydalanilmayapti. Oʻtgan 4 yil davomida Senat tomonidan atigi 10 ta parlament soʻrovi yuborilgani ham buning tasdigʻidir.
Ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish talab etilayotgan hozirgi sharoitda bunday holat bizni albatta qoniqtirmaydi.
Toʻgʻri, keyingi vaqtda Senat tomonidan markaziy va mahalliy davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish, huquqni qoʻllash amaliyotini joylarga chiqib oʻrganish yuzasidan 131 ta nazorat-tahlil tadbirlari oʻtkazilgan. Ammo mazkur tadbirlarning natijadorligi past boʻlib, ularning aksariyati faqat tadbir oʻtkazish uchun nomiga tashkil etilmoqda.
Parlament nazorati doirasida aniqlangan tizimli muammolarni umumlashtirib, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq va boshqa sohalarga oid qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha aniq, asoslangan takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirish ishlari qoniqarli emas. Ayniqsa, bu borada xalqaro huquq talablarini hamda rivojlangan xorijiy davlatlarning qonunchiligini oʻrganish, ularning ilgʻor yuridik tajribasini qoʻllash boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish borasida Senat faoliyatida oʻzgarish sezilmayapti.
Uchinchidan, hammamiz bilamizki, Senat – bu Oliy Majlisning hududiy vakillik palatasidir. Biroq Senat faoliyatida hududlarning manfaatlarini inobatga olish, umuman, hududlarga oid masalalarni koʻrib chiqish yaqin-yaqingacha eʼtibordan chetda qolib kelgani hech kimga sir emas.
Yuqori palata tomonidan muayyan hududni subvensiya (dotatsiya) dan chiqarish boʻyicha hokimning axboroti biror marta ham tinglanmagan. Faqatgina 2018-yilda Senat tarixida ilk marotaba tegishli viloyat hokimining hududlarni rivojlantirish yuzasidan hisobotini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, Andijon, Buxoro, Fargʻona viloyatlari hokimlarining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotlari eshitildi. Lekin bular hali yetarli emas.
Ayni vaqtda yuqorida zikr etilgan parlament eshituvlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning mazmuni asosan hokimlik va mahalliy davlat idoralariga umumiy ruhdagi topshiriqlar berish bilan cheklanib qolmoqda.
Bu hujjatlarda har tomonlama chuqur tayyorlangan, har bir hududdagi ijtimoiy muammolarni yechishga, aholining ogʻirini yengil qilishga qaratilgan aniq vazifalar oʻz ifodasini topmayapti. Shu bilan birga, ushbu qarorlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish ishlari ham sust olib borilmoqda.
Toʻrtinchidan, maʼlumki, Senat zimmasiga xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ularning ish samaradorligini oshirish vazifasi ham yuklangan. Ushbu masala boʻyicha yuqori palatamizda maxsus komissiya ham tuzilgan.
Mazkur yoʻnalishda dastlab muayyan tadbirlar amalga oshirilgan boʻlsa-da, oxirgi yillarda Senat tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini kuchaytirish boʻyicha ishlar tizimli asosda olib borilmayapti. Vaholanki, joylardagi mahalliy Kengashlar deputatlarining professional saviyasi va huquqiy savodxonligi, ularning deputatlik faoliyatini toʻgʻri va samarali tashkil etish koʻnikmalari bugungi kun talablari darajasida emas, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Xususan, biz kelgusida hokimlarning ijro va vakillik hokimiyati rahbari sifatidagi vakolatlarini alohida-alohida ajratib qoʻyishni oʻz oldimizga vazifa qilib qoʻygan ekanmiz, Senatning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan samarali hamkorlikni tashkil etishdagi roli va masʼuliyati yanada ortishi tabiiy.
Beshinchidan, yana bir muhim masala – bu Senatning xalqaro yoʻnalishdagi faoliyatini kuchaytirish bilan bogʻliq.
Barchamizga ayonki, davlatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini koʻtarish, faol tashqi siyosat olib borish sohasida ham Senatning muhim vazifalari bor.
Bu sohada Senat, xususan, Raisning birinchi oʻrinbosari Sodiq Solihovich Safoyev tomonidan koʻpgina ishlar amalga oshirilayotganini albatta eʼtirof etishimiz kerak.
Katta hayotiy va senatorlik tajribasiga ega S.Safoyev xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan koʻpqirrali va samarali hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi tub islohotlarning maʼno-mazmunini jahon jamoatchiligiga yetkazishda jonbozlik bilan faoliyat koʻrsatmoqda.
Birgina shu yilning oʻzida Senat ishtiroki va shafeligida 50 dan ziyod xalqaro anjumanlar, seminarlar va davra suhbatlari oʻtkazildi.
Lekin yuqori palatamizning xalqaro yoʻnalishdagi ishining natijadorligiga yaxlit baho beradigan boʻlsak, hali toʻla ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud. Jumladan, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi parlamentlararo assambleyasi va Oʻzbekiston nomidan Oliy Majlis aʼzo boʻlgan boshqa xalqaro parlament tashkilotlari bilan ishlash strategiyasini belgilaydigan, aniq va uzoq muddatni koʻzlaydigan ish rejalarini Senat belgilab olishi lozim.
Umuman, parlamentlararo hamkorlik doirasida senatorlarning chet ellarga rasmiy tashriflari oldindan puxta rejalashtirilishi kerak, muzokaralar doirasida xorijiy sheriklar bilan muhokamaga qoʻyiladigan masalalarni pishiq-puxta belgilab olish shart.
Oddiy qilib aytganda, parlamentlararo hamkorlikka oid tashriflarga yuqori natijadorlik nuqtai nazaridan yondashishning vaqti-soati keldi.
Bundan tashqari, xorijiy investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga oid tasdiqlangan koʻplab “yoʻl xaritalari” ustidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha ham Senat faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq.
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro shartnomalarning ijrosini parlament nazorati tartibida muntazam oʻrganishni yoʻlga qoʻyish lozim.
Aziz doʻstlar!
Maʼlumki, har qaysi mamlakat, har qaysi xalq hayotidaShaxs – Oila – Jamiyat – Davlat degan tushuncha va qadriyatlar hal qiluvchi oʻrin tutadi. Jamiyatning birlamchi va asosiy boʻgʻini boʻlgan oilani esa muhtaram ayol siymosisiz aslo tasavvur etib boʻlmaydi.
Xalqimiz azaldan muqaddas Ona zotiga, xotin-qizlarga doimo yuksak ehtirom koʻrsatib keladi. Ayolga boʻlgan hurmat-eʼtibor – bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga boʻlgan hurmat-eʼtibor ifodasidir.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga nisbatan munosabati bilan belgilanadi”, degan hikmatli soʻzlarda albatta chuqur maʼno bor.
Hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda.
Bugungi kunda yurtimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xotin-qizlarimiz orasidan Oliy Majlis Senatida – 17 nafar senator, Qonunchilik palatasida – 21 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Mahalliy kengashlarda esa xalq vakillarining 23 foizdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etadi.
Respublika boʻyicha joriy yilning may oyida fuqarolar yigʻinlari raisligi uchun oʻtkazilgan saylovlarda 1 ming 25 nafar ayol oʻzini oʻzi boshqarish idoralari raisi lavozimiga saylandi.
Yurtimizdagi turli korxonalarda ishlayotgan rahbar ayollar soni ham oʻsib bormoqda. Bu koʻrsatkich 2017-yili 44,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda 45,3 foizga yetgan.
Xotin-qizlarning ulushi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 82 foizdan ziyodni, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat sohalarida 72 foizni, qishloq xoʻjaligida 45 foizdan ortiqni, sanoatda 38 foizni tashkil etmoqda. Yurtimizdagi jami tadbirkorlik subyektlari tarkibida tadbirkor ayollarning ulushi 29 foizdan iboratdir.
Shu oʻrinda BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning joriy yil 11-17-mart kunlari boʻlib oʻtgan, mamlakatimiz delegatsiyasi ham qatnashgan BMT Xotin-qizlar ahvoli boʻyicha komissiyasining 63-sessiyasida aytgan bir fikrini keltirmoqchiman. “Qayerdaki siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan boʻlsa, oʻsha joyda iqtisodiyot oʻsmoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda”, deb taʼkidladi A.Guterrish.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida toʻlaqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan davlat siyosatiga jahon hamjamiyati, jumladan, BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro ixtisoslashgan muassasalar tomonidan yuqori baho berilmoqda.
Barchamizni ruhlantirib, yangi kuch-quvvat bagʻishlaydigan bunday ijobiy oʻzgarishlarga, avvalambor, yurtimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotida munosib oʻrin egallashi, ularning ijtimoiy nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan salmoqli ishlarimiz mustahkam poydevor boʻlayotganini taʼkidlash lozim.
Oʻtgan qisqa davrda bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni, 2 ta qarori, Hukumatning 6 ta qarori va 4 ta farmoyishi qabul qilindi va ular izchil amalga oshirilmoqda. Albatta, sizlar bularning barchasidan yaxshi xabardorsiz. Shuning uchun men bu masalaga batafsil toʻxtalib oʻtirmoqchi emasman.
Eng muhimi, bu ustuvor yoʻnalish bizning doimiy eʼtibor markazimizda boʻlib kelmoqda. Jumladan, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun zarur sharoit yaratish, ularni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha katta ishlar olib borilmoqda.
Misol uchun, “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish doirasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan oʻz biznesini tashkil etmoqchi boʻlgan 12 ming 651 nafar ayolga 1 trillion 235 milliard soʻmdan ortiq kreditlar berildi. Shu bilan birga, Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan kam taʼminlangan oilalarga mansub 1 ming 949 nafar opa-singillarimizga 42 milliard soʻm miqdorida kreditlar ajratildi.
Keyingi paytda yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlash boʻyicha yangi tizim yaratildi. Ana shu tizim asosida 1 ming 564 nafar xotin-qizlar nafaqat uy-joyga, balki ish oʻrinlariga ham ega boʻlib, ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanib borayotgani gʻoyat muhimdir.
Xabaringiz bor, bugungi kunda “Besh ijobiy tashabbus”doirasida boshlangan ishlarimiz tobora keng tarqalmoqda, xalqimiz bu harakatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda. Xususan, xotin-qizlar bandligini oshirishga doir beshinchi tashabbus boʻyicha 2019-2020yillarda har bir tumanda tikuv-trikotaj korxonalarini qurish va ayollar uchun qariyb 57 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilmoqda. Bu loyihalar oʻzining dastlabki natijalarini bermoqda. Lekin ularning samarasini oshirish uchun hali koʻp ish qilishimiz kerak.
Hurmatli majlis qatnashchilari!
Eʼtiboringizni yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman. Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi boʻyicha oʻtkazilgan oxirgi ijtimoiy soʻrovlar ishtirokchilarining 70,2 foizi mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganini qayd etgan. Ushbu soʻrovda qatnashgan 81,5 foiz respondentlarning fikricha, ayollarning jamoat yoki siyosiy tashkilotlarda oʻz faoliyatini amalga oshirishda hech bir shaxs va biror-bir holat ularga xalaqit bermaydi.
Shu oʻrinda meni ongimizda chuqur ildiz otgan bir aqida koʻp oʻylantiradi. Biz doimo ayol – bu ona, oilamiz bekasi, deb ularni ulugʻlaymiz. Bu toʻgʻri, albatta. Ammo hozirgi kunda har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisi boʻlmogʻi shart.
Afsuski, biz uzoq vaqt bu masalaga yetarlicha eʼtibor bermasdan, hurmatli opa-singillarimizning dardu tashvishlariga beparvo qarab kelganimiz tufayli yillar davomida toʻplanib qolgan ijtimoiy muammolarni hal qilish bugun, ochigʻini aytish kerak, oson boʻlmayapti. Lekin qanchalik qiyin va murakkab boʻlmasin, muhtaram opa-singillarimiz uchun munosib ish va turmush sharoitlarini yaratib berish boʻyicha biz bor kuch va imkoniyatlarimizni toʻla safarbar etamiz. Chunki, takror aytaman, agar ayol, ona baxtli boʻlsa, oila baxtli boʻladi, oila baxtli boʻlsa, butun jamiyat, davlat mustahkam va barqaror boʻladi.
Siyosiy-ijtimoiy hayotimizda hurmatli ayollarimizning oʻrni va nufuzini yanada mustahkamlash maqsadida quyidagi muhim vazifalarni amalga oshirishimiz zarur.
Birinchidan, bundan oʻn yil oldin Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari tarkibida xotin-qizlar miqdori 20 foizdan ortiq edi. Endilikda bu koʻrsatkich yuqori palatada – 17 foizga, quyi palatada esa – 16 foizga tushib qoldi. Bu nimadan dalolat beradi?
Javob aniq: siyosiy partiyalarimiz oʻz saflariga bilimli, tashabbuskor va tashkilotchi ayollarni jalb etish, ularning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishga yetarlicha eʼtibor bermayapti. Vaholanki, BMT maʼlumotlariga koʻra, parlamentlarda ayollarning vakilligi butun dunyoda oʻsib bormoqda va 2018-yilda bu koʻrsatkich 24,3 foizni tashkil etgan.
Sizlarga yaxshi maʼlumki, jahondagi demokratik tajribadan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz saylov qonunchiligida parlament va mahalliy kengashlarga boʻladigan saylovlarda xotin-qizlar orasidan koʻrsatiladigan nomzodlar boʻyicha 30 foizlik kvota belgilangan.
Yurtimizda oʻzining aql-zakovati, chuqur bilimi, katta hayotiy tajribasi, fidokorona mehnati, insoniy fazilatlari bilan hammaga oʻrnak va namuna boʻlib kelayotgan opa-singillarimiz koʻplab topiladi. Bu yil Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarda ana shunday siyosiy saviyasi yetuk, mehnatkash va oqila ayollarimiz oʻz salohiyatini namoyon etib, deputat va senator boʻlib saylansalar, men ishonaman, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham faqat katta naf koʻradi.
Parlamentga va mahalliy Kengashlarga saylanadigan ayollar sonining oʻsishi qonun ijodkorligi jarayonida xotin-qizlarning manfaatlari va fikrlarini hisobga olish imkoniyatini beradi. Shuningdek, davlat byudjeti shakllanishida gender tengligi masalalarini inobatga olish mumkin boʻladi.
Ikkinchidan, Oliy Majlis tizimida xotin-qizlar masalalari bilan bevosita shugʻullanadigan biron-bir qoʻmita mavjud emas.
Toʻgʻri, 2017-yili Qonunchilik palatasining Oila va ayollar masalalari boʻyicha komissiyasi tuzilgan edi. Bu tuzilma negadir ishlamadi, uning Nizomida belgilangan vazifalar qogʻozda qolib ketdi. Oqibatda bugungi kunda oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan muayyan bir tuzilma Qonunchilik palatasida ham, Senatda ham yoʻq.
Uchinchidan, oʻtgan ikki yilda xalqaro andozalar talablari doirasida ayollar ahvolini tubdan yaxshilashga doir 15 ta normativ-huquqiy hujjat imzolangan va ijroga qaratilgan. Ammo qonun ijodkorlari oʻzlarining bu boradagi asosiy vazifasi bilan shugʻullanish oʻrniga, hali ham “uxlab” oʻtiribdi.
Faollik va tashabbuskorlikni oshirish zarur. Yaqin vaqt ichida ikkita yangi qonun, yaʼni “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlari kafolatlari toʻgʻrisida” hamda “Ayollarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish toʻgʻrisida”giqonunlarni qabul qilishimiz kerak.
Toʻrtinchidan, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari jadal rivojlanmoqda. Lekin 9 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotdan faqatgina 376 tasi ayollar muammolari bilan shugʻullanadi. Bu yetarli emas, albatta.
Ijtimoiy sharoiti ogʻir ayollarni qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni ish bilan taʼminlash masalalarida bu tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Ular faqat nomiga yigʻilish va tadbirlar oʻtkazish bilan mashgʻul boʻlib qolmoqda.
Bu boradagi ahvolni tubdan yaxshilash uchun Senat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagi masalalarga qaratilishi maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Avvalo, oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy hayotda ayollarning ishtirokini kengaytirish boʻyicha qonun ijodkorligi va parlament nazoratini kuchaytirish lozim. Buning uchun qanday yangi qonunlar qabul qilish, qaysi qonunlarni oʻzgartirish kerakligi haqida fuqarolarimiz, saylovchilar siz, hurmatli senatorlarimizdan aniq taklif va tavsiya kutmoqdalar.
Yana bir muhim masala – ayollarni ish bilan taʼminlash, xotin-kizlarning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun sharoit yaratish, ularning ishbilarmonlik koʻnikmalarini rivojlantirish, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etishdan iborat.
Navbatdagi dolzarb vazifa – ayollar sogʻligʻini mustahkamlash, oilalarning tibbiy madaniyatini oshirishda koʻmaklashish, joylarda, xususan, mahallalarda, xotin-qizlar oʻrtasida olib borilayotgan maʼrifiy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini kuchaytirish bilan bogʻliq. Bu borada, ayniqsa, qiz bolalarni hayotga tayyorlash, ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga oʻrgatish, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohalariga keng jalb etish orqali ularning qobiliyati va salohiyatini roʻyobga chiqarish muhim ahamiyatga ega ekanini, oʻylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.
Shular qatorida bizning mehr-oqibatli, oqkoʻngil ayollarimizga mutlaqo yarashmaydigan salbiy illatlar, yaʼni, xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklar, jumladan, jinoyatchilik, odam savdosi, oilaviy ajrimlar, erta nikohlarning, oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻlishi zarur. Bu borada xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha mamlakatimiz oʻz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarish ham ustuvor vazifa hisoblanadi.
Keyingi paytda toʻgʻri yoʻldan adashganlarni kechirish va sogʻlom hayotga qaytarish, oila, mahalla va jamiyatda tinchlik va totuvlik muhitini mustahkamlash borasida boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz lozim.
Mana shunday oʻta muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi tuzilma – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha qoʻmita tuzishni taklif etaman.
Muhtaram Senat aʼzolari!
Hammangizga maʼlumki, Nigʻmatilla Toʻlqinovich Yoʻldoshev 2015-yildan buyon Senat Raisi lavozimida ishlab keldi. Shu oʻtgan davr mobaynida Senat tomonidan erishilgan barcha yutuq va natijalarda uning ham munosib hissasi bor, albatta.
Men kecha N.Yoʻldoshevni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlash haqidagi farmonga imzo chekdim. Shu munosabat bilan u Senat Raisi lavozimidan muddatidan oldin ozod etildi.
Hurmatli Nigʻmatilla Toʻlqinovich, sizga ushbu masʼuliyatli vazifada muvaffaqiyat tilaymiz.
Hurmatli senatorlar!
Endi Senatning yangi Raisini saylab olishimiz kerak. Bu lavozim egasiga qanday yuksak talablar qoʻyilishini barchamiz albatta yaxshi tushunamiz.
Senat Raisi, avvalo, mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur tushunadigan, ijtimoiy hayotimizda qonun va adolat ustuvorligini taʼminlash, oila, jamiyat va davlat institutlarini oʻzaro uygʻun rivojlantirishga bilim va salohiyati, huquqiy tafakkuri yetadigan, katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega, Senat faoliyatini bugungi yangi talablar darajasida tashkil etishga qodir shaxs boʻlishi kerak.
Biz bu borada koʻp fikrlashdik, jahon parlamentarizmi amaliyoti va rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini ham oʻrgandik.
Bildirilgan barcha fikr va takliflardan kelib chiqib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi lavozimiga Tanzila Kamalovna Norboyeva nomzodini taklif etaman.
U 1956-yili Andijon viloyatida tugʻilgan, maʼlumoti oliy, Toshkent davlat universitetini tugatgan. Oʻz mehnat faoliyatini maktab oʻqituvchiligidan boshlagan, Xalq demokratik partiyasida tuman kengashi kotibi, ushbu partiyaning Markaziy kengashi shoʻba mudiri, 1995-yildan 2010-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatida masʼul lavozimlarda ishlagan.
2010-2016 yillarda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi vazifasida faoliyat yuritgan. 2016-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.
T.Norboyeva qayerda ishlamasin, oʻzining mehnatsevarligi, bilim va tajribasi, talabchanlik va tashkilotchilik fazilatlari, oʻziga ishonib topshirilgan vazifani masʼuliyat bilan ado etishi, kamtarligi bilan mamlakatimiz jamoatchiligi oʻrtasida munosib obroʻ-eʼtibor qozongan.
Tanzila Kamalovna Norboyeva nomzodini Senat Raisi lavozimiga tasdiqlash uchun ovozga qoʻyishni iltimos qilaman.
Hurmatli senatorlar!
Ishonchim komil, barchangiz Senatimizning yangi Raisi rahbarligida Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, jonajon Oʻzbekistonimizning yorugʻ kelajagini taʼminlash uchun oʻzingizni ayamasdan, katta kuch-gʻayrat bilan mehnat qilasizlar.
Shu ezgu maqsad yoʻlida barchangizga sihat-salomatlik, masʼuliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.