O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning bandligiga ko‘maklashish, tadbirkorlik g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirish, ular munosib daromad olishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, bu borada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni doimiy ish bilan band qilish, qo‘shimcha daromad olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha quyidagi tartib joriy qilinsin, unga muvofiq:

a) 2021 yil 1 maydan boshlab:

2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi. Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi;

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan subsidiya ajratiladi;

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovlaridan 1-ilovaga muvofiq imtiyozlar taqdim etiladi;

b) 2021 yil 1 iyundan boshlab:

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha bo‘lgan miqdori “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan kompensatsiya qilinadi;

professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab-chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliyot o‘tagan vaqtida, biroq olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda professional ta’lim tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida har oylik subsidiya ajratiladi.

2. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) ikki hafta muddatda o‘zi, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlari yoki eri (xotini) professional ta’lim muassasalarida ta’lim olishi uchun yo‘naltiriladigan soliq to‘lovchining ish haqi va boshqa daromadlari summasini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Belgilansinki, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida:

a) 2021 yil 1 iyundan boshlab:

AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATB tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xaridlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratiladi. Bunda, iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlari Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi;

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq umumiy hisobda bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha bo‘lgan miqdori hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlari Yoshlar ishlari agentligiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi;

“Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning haydovchilik kurslarida o‘qish xarajatlari bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorigacha va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;

xususiy korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan hamda faoliyat boshlaganiga olti oydan oshmagan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha bo‘lgan qismi mazkur xususiy korxona va tashkilotlarga Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi;

b) 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda:

ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravaridan oshmasligi lozim;

ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlariga, o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalar uchun qoplab beriladi;

oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijara huquqi asosida yashaydigan boshqa talabalarga ham oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab berilishi mumkin.

4. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.I.Norkulov) bilan birgalikda:

tibbiyot muassasalaridagi samarasiz hamda ko‘p yillardan buyon foydalanilmayotgan lavozimlar o‘rniga o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat bo‘lgan “tibbiyot brigadalari”ni tashkil qilish hamda ijtimoiy xodimlar faoliyatini kengaytirish uchun 20 mingta qo‘shimcha shtat birliklarini ajratsin;

bir oy muddatda tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. AT “Xalq banki”ning hududlarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularni biznesga tayyorlash, maslahat berish va bandligini ta’minlash maqsadida “Yuz ming tadbirkor xotin-qizlar” loyihasini amalga oshirish hamda loyiha doirasida quyidagilar to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, ixtisoslashuvi va boshqa xususiyatlarini inobatga olib, qiymati 33 million so‘mgacha bo‘lgan tayyor biznes-rejalar bankini yaratish;

o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, mos yo‘nalishlar bo‘yicha (oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik va boshqalar) malakali mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari va o‘quv treninglarni tashkil etish.

6. Yoshlar ishlari agentligida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilsin va uning daromadlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari huzuridagi korxona, muassasa va tashkilotlar ixtiyorida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin qoladigan sof foydaning bir qismi;

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlansin.

7. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) 2021 yilda:

mazkur Farmonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Yoshlar ishlari agentligiga Davlat byudjetidan qo‘shimcha ravishda 100 milliard so‘m;

oliy ta’lim muassasalari talabalari turar joy oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning hisob-kitoblariga muvofiq Davlat byudjetidan qo‘shimcha ravishda mablag‘lar ajratsin hamda kelgusi yil byudjet parametrlarini shakllantirishda ushbu xarajatlarni nazarda tutsin.

8. Belgilansinki, 2021 yil 1 maydan boshlab:

dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni sektor, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan patronajga olish tizimi joriy qilinadi. Bunda, sektor, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan “ustoz-shogird” tamoyili asosida yoshlarga ajratilgan yer uchastkalarini o‘zlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, yerlar hosildorligini oshirish, yetishtirilgan mahsulotni realizatsiya qilish va boshqa masalalarda yordam ko‘rsatiladi;

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari” jamg‘armalari hisobidan urug‘liklar va ko‘chatlarni xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari miqdorigacha subsidiya ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasi (Sh.M.G‘aniyev), Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A.Xaitov) bir hafta muddatda urug‘liklar va ko‘chatlarni xarid qilish uchun subsidiya olishga ehtiyoji bor yoshlarning ro‘yxatini shakllantirsin va ularga subsidiya ajratish choralarini ko‘rsin.

9. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov) bilan birgalikda ikki oy muddatda Davlat byudjetidan to‘lanadigan subsidiyalar, kompensatsiyalar va boshqa imtiyozlarni ajratishning oshkoraligini ta’minlash, mazkur jarayonda byurokratiya va korrupsiya holatlarining oldini olish, fuqarolarga yuzaga kelgan muammolar to‘g‘risida bevosita mas’ul mansabdor shaxslarga xabar berish imkoniyatini yaratish maqsadida maxsus elektron platformani ishlab chiqsin hamda uning lozim darajada va uzluksiz ishlashi uchun zarur choralarni ko‘rsin.

10. Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev) 2021 yil 1 iyundan boshlab yoshlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi va bilimlarini oshirishga oid sifatli ko‘rsatuv va kitoblar yaratishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

mustaqil baholovchi tashkilotlar tomonidan reytingi yuqori deb baholangan respublika miqyosidagi 3 ta telekanaldan tomoshabinlar uchun qulay bo‘lgan paytni inobatga olib, efir vaqtini sotib olish;

biznes yuritish va unda muvaffaqiyatga erishish yo‘llari bo‘yicha sifatli videomahsulotlarning shartnoma asosida tayyorlanishini ta’minlash hamda ularni sotib olingan efir vaqtida namoyish etish;

yoshlarga amaliy qo‘llanma sifatida foydalanish uchun biznes yuritish va unda muvaffaqiyatga erishish yo‘llari, tadbirkorlik faoliyati davomida yaxshi natijalarga erishish yo‘lidagi yutuq va xavf-xatarlar haqida ommabop kitoblarni nashr etishni tashkil qilsin.

Belgilansinki, mazkur bandda ko‘rsatilgan tadbirlar Yoshlar ishlari agentligiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

11. Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev) “O‘zbekiston uchun 100 ta g‘oya” loyihasini tashkil etish va o‘tkazish hamda loyiha doirasida Yoshlar ishlari agentligi mablag‘lari hisobidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining beshta tashabbus loyiha ofisi” nodavlat notijorat tashkilotiga – birinchi bosqichda 1 milliard so‘m mablag‘larni
ikki hafta muddatda, keyingi bosqichlarda loyihaning smeta hujjatlariga ko‘ra, bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib moliyalashtirish choralarini ko‘rsin.

12. 2021 yil 1 iyundan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) davlat oliy ta’lim muassasalariga 10 tagacha mahalla fuqarolar yig‘inlari biriktiriladi;

b) davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan:

biriktirilgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashaydigan uyushmagan yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish,
shu jumladan, ularni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik to‘garaklariga jalb qilish choralari ko‘riladi;

talabalar yotoqxonalarida, madaniyat markazlarida va mahalla fuqarolar yig‘inlarida yoshlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar tashkil etish, ochiq davra suhbatlari va madaniy tadbirlar o‘tkazish amaliyoti joriy qilinadi.

13. Quyidagilar:

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.B.Voitov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.M.Boboyev) bilan birgalikda bir hafta muddatda respublikaning barcha tuman (shahar)larida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;

Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) ikki oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqib, 2021 yilda Davlat byudjetining qo‘shimcha xarajatlarini hamda daromad yo‘qotishlarini qoplash maqsadida mos miqdorda Davlat byudjeti xarajatlarini maqbullashtirish va qo‘shimcha daromadlar manbalari bo‘yicha aniq takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Xalq ta’limi vazirligi (Sh.X.Shermatov), Turizm va sport vazirligi (A.A.Abduxakimov) yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq filiallarini tashkil etish, markazlarda zamonaviy to‘garaklarni ochish, ularni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlash;

malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sport zallari va maydonlarida to‘garaklar ochish;

yozgi ta’til davrida yoshlar o‘rtasida mahallalar, sektorlar va tumanlar miqyosida sport hamda harbiy vatanparvarlik musobaqalarini tashkil etish choralarini ko‘rsin.

Belgilansinki, mazkur bandda ko‘rsatilgan tadbirlar mahalliy byudjet mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

15. 2021 yilning yakuniga qadar Qashqadaryo viloyatida eksperiment tariqasida madaniyat va san’at sohasi vakillari hamda musiqa fani o‘qituvchilariga quyidagilarni nazarda tutgan holda uy sharoitida yoshlar uchun musiqa to‘garaklarini tashkil etishga ruxsat berilsin:

ushbu to‘garaklarni tashkil etgan shaxslar madaniyat markazlari tomonidan nota, musiqaga oid adabiyotlar bilan ta’minlanadi hamda ularga tashkiliy va uslubiy jihatdan yordam ko‘rsatiladi;

to‘garaklarda ta’lim olganlik uchun to‘lov mahalliy byudjet mablag‘lari va o‘quvchilar tomonidan to‘lanadi.

Bunda, to‘garaklar tashkil etgan shaxslarning ish haqi to‘lovlari madaniyat markazlari uchun belgilangan miqdorlardagi badal to‘lovlari va yetmagan qismida mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan to‘lab beriladi.

Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) Qashqadaryo viloyati hokimligi (Z.T.Mirzayev) bilan birgalikda ushbu tajribaning Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilishini tashkil etsin hamda uning samaradorligidan kelib chiqib respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish bo‘yicha 2021 yil 31 dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

16. Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev) bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahrining jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan tuman va mahallalarida yoshlar bilan ishlashning “namunali tajriba”sini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy qilsin. Bunda, quyidagilarga alohida e’tibor qaratilsin:

tarbiyasi og‘ir yoshlarni aniqlash, ular bilan yaqindan ishlash, ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish, yoshlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini tashkil etish;

ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan oila farzandlari, nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlar, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga moyilligi bo‘lgan va profilaktik hisobda turgan yoshlar bilan yakka tartibda ishlash;

yoshlar bilan individual ishlash, tashabbuskor va islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish.

Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) va Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev) “namunali tajriba” natijalaridan kelib chiqib uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining qolgan barcha tumanlarida tatbiq etilishini tashkil etsin.

17. Yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish va bandligiga ko‘maklashishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas’ul ekanliklari ko‘rsatib o‘tilsin.

18. Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z.Sa’dullayev, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B.Xusanov hamda moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov
va B.A.Musayev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi to‘g‘risida 2021 yilning 1 sentyabr va 31 dekabr kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

          Prezidenti                   Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 20 aprel