Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini jadal rivojlantirish, nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini shakllantirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

1.Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat berish va ularga 1-ilovadagi roʻyxatga muvofiq sud ekspertizalarining ayrim turlarini oʻtkazish huquqini berish haqidagi taklifi maʼqullansin.

2.Belgilab qoʻyilsinki:

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini pullik asosda 2-ilovaga muvofiq davlat muassasalarida oʻtaydilar;

sud ekspertizasi sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tamomlagan shaxslarga ularning kasbiy layoqatini va sud ekspertlariga tegishli ixtisoslik boʻyicha qoʻyiladigan malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sud eksperti sertifikati beriladi;

sud eksperti sertifikatini olgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan Yagona reyestrga kiritiladi;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud eksperti tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda sud eksperti sertifikatini olmasdan turib sud ekspertizasi oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertizasini oʻtkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, ular kabi huquqqa ega boʻladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar hisoblanadi;

sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qoʻshilmagan taqdirda, takroriy sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan uning rasmiy veb-saytida belgilangan tartibda joylashtiriladigan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari reytingi yuritiladi.

3.2019-2020 yillarda sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4.Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga:

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan pullik xizmatlar koʻrsatishdan kelib tushadigan va boshqa byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan Markazning yangi boʻlinmalarini tashkil etish va qoʻshimcha shtatlar birligini joriy qilish;

Markaz tomonidan bajariladigan ishlar, koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha tariflar, narxlar va qiymatlarni mustaqil ravishda belgilash huquqi berilsin.

5.Davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari 2022 yil 1 yanvarga qadar ularning faoliyatini taʼminlash uchun chetdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, reaktivlar va sarflash materiallari uchun “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKning ijobiy xulosasi olingan taqdirda bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

Markaz xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim barobar miqdorda qoʻllaniladi;

ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlar bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Markazning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Markazga koʻrsatilgan pullik xizmatlardan tushadigan mablagʻlarning 50 foizigacha boʻlgan qismini Markaz xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish tadbirlari uchun Byudjet tashkilotini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.

7. Ilmiy tadqiqotlar natijalarini sud-ekspertlik faoliyatiga tatbiq etish, sud ekspertizalarini oʻtkazish uslubiyotini takomillashtirish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishi etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalari Markazning tegishli boʻlim va laboratoriyalariga 4-ilovaga muvofiq biriktirilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Markazga malakali mutaxassislar orasidan sud ekspertlarini tanlab olishda koʻmaklashsin.

8. Toshkent shahar hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 martga qadar Markazning ixtisoslashtirilgan yangi binosi belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinishini taʼminlasin.

9. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar xodimlari sud ekspertining mustaqilligi tamoyillariga soʻzsiz rioya qilishlari hamda sud ekspertlarining professional faoliyatiga har qanday koʻrinishlarda, shu jumladan, ortiqcha byurokratik sansalorlik holatlarini yuzaga keltirish va asossiz chaqiruvlar orqali taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻymaslik haqida qatʼiy ogohlantirilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K.Davletov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                          Sh.MIRZIYOYEV



Toshkent shahri, 2019 yil 17 yanvar