O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5924-son va 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6099-son farmonlariga muvofiq:
1. Quyidagilar paralimpiya harakatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish hamda ular o‘rtasida sport bilan shug‘ullanuvchilar qamrovini yanada oshirish;
barcha turdagi sport ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bo‘limlarini bosqichma-bosqich tashkil etish hamda iqtidorga ega bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yo‘naltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishini ta’minlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimni joriy etish;
rivojlantirilayotgan (mavjud), yangi tashkil etilayotgan va kelajakda yangi tashkil etilishi rejalashtirilgan paralimpiya sport turlarini har tomonlama rivojlantirish va ommalashtirish;
paralimpiya sport turlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yaratish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini rag‘batlantirish, jismoniy va ijtimoiy moslashuvi integratsiyasini dasturiy-uslubiy ta’minlash, kasbiy reabilitatsiya va kadrlar tayyorlash;
sport ta’lim muassasalarida (shu jumladan, oliy ta’lim muassasalarida) faoliyat yuritayotgan paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini kuchaytirish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida maxsus ta’lim muassasalarida hamda mahallalarda sport musobaqalarini muntazam ravishda o‘tkazish;
barcha turdagi sport ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun zamonaviy moddiy-texnik bazani shakllantirish.
2. O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda –Paralimpiya qo‘mitasi) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Paralimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Quyidagilar Paralimpiya qo‘mitasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
paralimpiya sport turlarini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
yozgi va qishki paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga ko‘maklashish, sport ob’ektlari va inshootlarining konsepsiyalari, texnik topshiriqlari, texnik-iqtisodiy asoslari/parametrlari va boshqa loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
paralimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar va chempionatlar, forumlar, konferensiyalar, seminarlar va yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib boshqa tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek, ular orqali tinchlik, do‘stlik va o‘zaro tushunish g‘oyalarini targ‘ib-tashviq qilish;
paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar, uslubchi-yo‘riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kasbiy rivojlantirishning zamonaviy va samarali tizimini joriy etish;
respublikada yoki boshqa xalqaro sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) va boshqa tashkilotlarda o‘z a’zolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish, o‘z a’zolarini axborot, ilmiy-uslubiy va moddiy-texnik jihatdan ta’minlash;
paralimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha klublar faoliyatini tashkillashtirish va samarali boshqarish, milliy va xalqaro sport tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va tajriba almashish.
4. Joylarda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Paralimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tashkil etilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2021 yil 1 sentyabrga qadar hududiy paralimpiya bo‘linmalarining moliyaviy hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tegishli hududda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish uchun homiylar biriktirilishini, shuningdek, ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar ajratilishini;
Turizm va sport vazirligi, Paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy муддaтдa hududlarda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilishi va kiritilishini;
2022 yildan boshlab tasdiqlanadigan loyiha-smeta hujjatlariga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan hududiy paralimpiya bo‘linmalariga mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.
5. Paralimpiya qo‘mitasining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 24 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
Paralimpiya qo‘mitasi raisiga, zarur hollarda:
Paralimpiya qo‘mitasi tuzilmasiga belgilangan umumiy shtat soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
mazkur qarorga asosan tashkil qilinayotgan Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi bilan kelishilgan holda Paralimpiya qo‘mitasining o‘z mablag‘lari hisobidan uning tuzilmasiga qo‘shimcha lavozimlarni kiritish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilish huquqi berilsin.
6. Paralimpiya qo‘mitasi 2021 yil yakuniga qadar Paralimpiya qo‘mitasi huzurida paralimpiya sport turlari bo‘yicha klublarni tashkil etsin, ular faoliyatini muvofiqlashtirsin hamda saqlash bilan bog‘liq moliyaviy va tashkiliy masalalarni o‘z vaqtida hal etsin.
7. Paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar va uslubchi-yo‘riqchilar, ko‘zi ojizlar, kar va zaif eshituvchilar, amputantlar bilan ishlovchi mutaxassislar (surdo, tiflo-surdo va xalqaro-surdo tarjimonlari) hamda boshqa kadrlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Paralimpiya fakulteti tashkil qilinsin.
8. Paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, Institut paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar, uslubchi-yo‘riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan ilmiy-ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
shartnoma (pullik) asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;
xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Institut faoliyatini qo‘shimcha moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari ham yo‘naltirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi uch oy муддaтдa Institut faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
9. Turizm va sport vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Paralimpiya qo‘mitasining 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab “Sport hamma uchun” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.
Belgilansinki, “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida:
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parasport turlari bilan keng qamrab olish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatga integratsiya qilish maqsadida bir yilda bir marta Parasport xalqaro festivali o‘tkaziladi;
har yili 3 dekabr kuni – Xalqaro nogironlar kuniгa bag‘ishlab ko‘zi ojizlar, zaif eshituvchilar va amputantlar o‘rtasida parasport turlari turkumiga kiritilgan parastol tennisi, 5×5 futbol, golbol, parayengil atletika, parapauerlifting, parabadminton, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha Toshkent shahrida respublika parasport festivali, shuningdek, boshqa hududlarda parasport festivallari o‘tkaziladi;
Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) o‘quvchilari o‘rtasida paralimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi, taniqli sportchilar tomonidan master-klasslar, shuningdek, seminar, konferensiya va davra suhbatlari o‘tkaziladi.
Turizm va sport vazirligi (A.A. Abduhakimov), Xalq ta’limi vazirligi (Sh.X. Shermatov) “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida amalga oshirilishi belgilanayotgan va boshqa chora-tadbirlarni samarali
va to‘liq tashkil etsin, ularni o‘tkazish bilan bog‘liq moliyaviy va tashkiliy masalalarni o‘z vaqtida hal etsin.
10. Belgilab qo‘yilsinki:
a) 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg‘ona филиaллaридa, shuningdek, boshqa tegishli oliy ta’lim muassasalarida “Paralimpiya” kafedrasi, shuningdek, “Adaptiv sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport” magistratura mutaxassisligi ochiladi;
b) 2022 yil 1 янvaрдaн boshlab:
Paralimpiya qo‘mitasi tavsiyasiga asosan olimpiya zaxiralari kollejlarining paralimpiya sport turlari bo‘limlariga yuborilayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun
5 foizgacha qo‘shimcha kvotalar ajratiladi;
davlat sport ta’lim muassasalarida paralimpiya sport turlari bo‘yicha trenerlarning lavozim maoshini hisoblashda bazaviy tarif stavkalari bir yarim baravar miqdorda qo‘llaniladi.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarining sport ob’ektlari, inshootlari va jihozlaridan foydalangan holda ular bazasida Paralimpiya qo‘mitasi huzurida Paralimpiya sport markazlari tashkil etilsin.
Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.A. Abduhakimov ikki hafta муддaтдa Paralimpiya sport markazlari faoliyatini tashkil etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarining aniq joylashgan joyi, nomi va ro‘yxatini tasdiqlasin.
12. Quyidagilar Paralimpiya sport markazlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarda sport bilan shug‘ullanish qobiliyatlarini aniqlash va ularni adaptiv (moslashtirilgan), paralimpiya sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan mashg‘ulotlarga jalb qilish;
xalqaro sport maydonida mamlakat sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan O‘zbekiston paralimpiya terma jamoalari uchun sport zaxirasi va yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash;
zarur zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratish hamda sport mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun malakali trenerlar tarkibini tanlash, sport zaxirasi va sport turlari bo‘yicha yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash yuzasidan o‘quv-mashq jarayonini tashkil etish;
sport tayyorgarligi bosqichlarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish usullari hamda shakllarining uzviyligini ta’minlash;
sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlikni rivojlantirish, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport mahoratini, shuningdek, adaptiv (moslashtirilgan), paralimpiya sport turlari bo‘yicha trenerlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish.
13. Belgilansinki:
Paralimpiya sport markazlari yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi, ularning faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi;
Paralimpiya sport markazlarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib muassisning mablag‘lari, faoliyat ixtisosligi bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushumlar, asosiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan vaqtda bo‘sh bo‘lgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari, xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisoblanadi.
14. Quyidagilar:
Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil qilinsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika kengashi (A.A. Abduhakimov):
ikki oy муддaтдa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2021 yilda paralimpiya sport turlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha manzilli hududiy dasturlarni tasdiqlasin, shuningdek, ularning to‘liq va sifatli ijro etilishi yuzasidan doimiy monitoring o‘rnatsin;
paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari, homiylar – yuridik va jismoniy shaxslarning mablag‘larini jalb qilsin.
Belgilansinki, Paralimpiya qo‘mitasining yillik daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlash, unga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Respublika kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
15. Turizm va sport vazirligi (A.A. Abduhakimov) vazirlik markaziy apparatida paralimpiya sport turlarini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linma tashkil etsin hamda kamida ikki nafar qo‘shimcha shtat birligini ajratish orqali malakali mutaxassis bilan ta’minlasin.
16. “Chorvoq” erkin turistik zonasi Ma’muriy kengashi (A.N. Aripov) 2021 yil yakuniga qadar mazkur zonada kamida 50 гектaргa teng bo‘lgan yer uchastkasini jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutish sharti bilan tadbirkorlik sub’ektlariga istisno tariqasida bepul ajratish choralarini ko‘rsin. Bunda, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun sport ob’ektlari va inshootlarini barpo etishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar tadbirkorlik sub’ektlarining soliq solinadigan bazasidan belgilangan tartibda chegirib tashlanadi hamda ushbu ob’ektlar va inshootlar Paralimpiya qo‘mitasiga beg‘araz beriladi.
17. Turizm va sport vazirligi (A.A. Abduhakimov):
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Paralimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2021 yil 1 iyundan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalarida nazarda tutilgan barcha sport musobaqalarini tashkil qilishda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida ham tegishli musobaqalarni o‘tkazish choralarini ko‘rsin;
2022 yildan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalarida paralimpiya sport tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish uchun kamida 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin;
Paralimpiya qo‘mitasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur bo‘lgan sport asbob-uskunalari, inventarlari, jihozlari, buyumlari va boshqa vositalar bilan ta’minlasin. Bunda, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga muvofiq olib kiriladigan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari, jihozlari, buyumlari va boshqa vositalar 2024 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda respublikamizda paralimpiya sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi va Osiyo paralimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikni kuchaytirsin, bu borada manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin. Bunda, ushbu tashkilotlarga a’zolik badallarini to‘lab berish bilan bog‘liq xarajatlar 2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
Qurilish vazirligi va Paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar barcha mavjud davlat sport ob’ektlari va inshootlarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasin;
Paralimpiya qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari talabnomalariga ko‘ra jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport ob’ektlari va inshootlaridan foydalanish bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasin.
18. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) mazkur qarorga asosan, joriy yilda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablag‘lar 2021 yil Davlat byudjetida Turizm va sport vazirligi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida, 2022 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.
19. Qurilish vazirligi (B.I. Zakirov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xalqaro tajribalarni o‘rgangan holda hududlarda qurilishi rejalashtirilgan sport inshootlari va sport maydonchalarining loyihalarini ishlab chiqishda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutsin.
Belgilab qo‘yilsinki, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan sport inshootlari va sport maydonchalari loyihalarini ishlab chiqishda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar nazarda tutilmagan taqdirda ushbu loyihalar uchun moliyalashtirish amalga oshirilmaydi hamda davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi.
20. Turizm va sport vazirligi Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda barpo qilinadigan olimpiya va paralimpiya shaharchasi loyihasida Paralimpiya sport markazini tashkil etishni nazarda tutsin.
21. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Turizm va sport vazirligi, Paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda adaptiv (moslashtirilgan), paralimpiya sport turlarini o‘rgatish metodikasi bo‘yicha teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar tashkil etsin, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sportni keng targ‘ib etish bo‘yicha alohida ko‘rsatuvlar namoyish etish orqali sportga keng jalb qilish media-rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga (A.A.Abduhakimovga) kiritsin.
22. Turizm va sport vazirligi:
uch oy muddatda respublikada faoliyat yuritayotgan paralimpiya sport turlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin va ularni Sport turlarining reyestriga kiritish yuzasidan zarur choralarni ko‘rsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 18 may