O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish, ko‘p millatli xalqimiz o‘rtasida hamjihatlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash, milliy qadriyat, an’ana va urf-odatlarni keng targ‘ib qilish, badiiy ijod va kitobxonlik madaniyatini faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
1. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Ijod” jamoat fondi vasiylik kengashining:
“Ijod” jamoat fondi tasarrufidagi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi, “Do‘rmon” ijod uyidan foydalanish direksiyasi” unitar korxonasi va “Oqqum fayz baraka” sho‘’ba korxonasi hamda ularga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulk, bino va inshootlarni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga o‘tkazish;
“Ijod” jamoat fondi negizida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida yuridik shaxs maqomisiz Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etish va ilovaga muvofiq uning vasiylik kengashi tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
“Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi” asosida maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim bosqichlari uchun metodik qo‘llanma, uslubiy tavsiyalar, ma’naviy-axloqiy tarbiya nazariyasi va metodikasini boyitishga qaratilgan ilmiy-amaliy adabiyotlar yaratish, ularni nashr etish va joylarga yetkazish;
milliy merosimiz, buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissalarini dunyo miqyosida keng targ‘ib qilishга qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
sohaga “Raqamli targ‘ibot” tizimini joriy qilish maqsadida IT-parklar, innovatsion markazlar va frilanserlar bilan hamkorlikda mobil ilovalar, kompyuter o‘yinlari, animatsion mahsulotlar yaratish;
joylarda ma’naviy-ma’rifiy muhitni o‘rganish, hududiy ma’naviyat va ma’rifat kengashlari faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, targ‘ibot-tashviqot ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan ekspertlar guruhlarini qo‘llab-quvvatlash;
ma’naviy-ma’rifiy sohani, adabiyot va kitobxonlikni har tomonlama rivojlantirish, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash;
mamlakatimiz va xalqaro miqyosda ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy anjumanlar, festivallar, tanlovlar, xalq sayillari, adabiy-musiqiy kechalar o‘tkazish;
ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy kitob va plakatlar nashr etish, zamonaviy targ‘ibot vositalari va media mahsulotlar yaratish;
Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari va ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etish;
mahalliy hokimliklar bilan birgalikda olimlar va mutaxassislarni jalb etgan holda sohada faoliyat ko‘rsatayotgan targ‘ibotchilar malakasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil qilish;
ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar, kitob, risola va maqolalar, tadbirlar ssenariylarini yaratish bo‘yicha ijtimoiy buyurtmalarni shakllantirish hamda bu ishlarga jalb etilgan olim va mutaxassislarni moddiy rag‘batlantirish;
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etiladigan adiblarning ijod namunalarini, jumladan, yosh mualliflarning birinchi kitoblarini nashr etish;
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolarining ijodiy kechalarini o‘tkazish, adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan uyushma a’zolariga moddiy yordam ko‘rsatish;
xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, asriy an’ana va qadriyatlari tarannum etilgan, milliy ma’naviyatimizning mazmun-mohiyati teran badiiy ifodasini topgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning munosib namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish hamda jahon axborot tarmog‘ida keng targ‘ib etish;
milliy adabiyotni rivojlantirish, adabiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan hamda mamlakat ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan badiiy asarlar mualliflarini moddiy jihatdan rag‘batlantirish;
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda uning taniqli a’zolari ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan veb-saytlarni yaratish va ularni yangilab borish;
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va ularning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash.
3. Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va imtiyozli kreditlari;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Moliya vazirligi Jamg‘armaga:
2021 yilda 120 milliard so‘m, jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga mamlakat miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish uchun 10 milliard so‘m, uning hududiy bo‘limlariga joylarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirish uchun 90 milliard so‘m, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 20 milliard so‘m mablag‘ ajratsin;
2022 yildan boshlab Jamg‘arma vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasi va prognoz ko‘rsatkichlarga muvofiq mablag‘ ajratib borilishini ta’minlasin.
5. Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi vasiylik kengashi (A.N.Aripov):
Jamg‘arma daromad va xarajatlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini har yili tasdiqlasin;
Jamg‘arma zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun manfaatdor vazirlik va idoralarni jalb etsin;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanish bo‘yicha tizimli nazorat qilinishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 fevraldagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida “Ijod” fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-1292-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 26 mart