O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 apreldagi “Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-6202-son farmoniga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) huzurida:

a) quyidagilar tashkil etilsin:

O‘zbekiston Kinematografiya akademiyasi oliy ta’lim muassasasi;

“Respublika kinofondi” DUK negizida byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekiston milliy kinofondi” davlat muassasasi;

“O‘zbekfilm” DUK negizida xususiy kinokompaniyalarga film, multfilm va seriallar yaratish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi “O‘zbekfilm” kinokonserni” DUK;

Agentlikning viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘limlari;

b) quyidagilar tugatilsin:

“Multiplikatsion filmlar studiyasi” DUK;

“Respublika kinoprokat markazi” DUK va uning hududiy filiallari;

“Kinematografchilar uyi” DUK;

“Kinoindustriya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi” DUK;

v) “Yoshlar ijodiy tajriba studiyasi” DUK “Yoshlik” kinostudiyasi” DUK etib qayta nomlansin.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligining “Qoraqalpoqkino” agentligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘limlarining namunaviy tuzilmalari 3-ilovaga muvofiq;

“O‘zbekiston milliy kinofondi” davlat muassasasining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

2021-2022 yillarda milliy kinematografiya sohasini rivojlantirish “yo‘l xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlik Bosh direktoriga, zarur hollarda, Agentlikning markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda “Qoraqalpoqkino” agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘limlari tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

3. Vazirlar Mahkamasi (A.A.Abduxakimov) bir oy muddatda Agentlik markaziy apparati va uning tizim tashkilotlari rahbar va xodimlarini ularning bilim va salohiyatlari bugungi kun talablari va egallab turgan lavozimlariga muvofiqligini aniqlash maqsadida attestatsiyadan o‘tkazsin hamda ularni malakali kadrlar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

moliyalashtirish manbaidan qat’i nazar, mahalliy kinokompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan filmlar va ularning boshlang‘ich materiallari, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bo‘yicha tayyorlangan video va foto materiallar saqlash uchun bir nusxada O‘zbekiston milliy kinofondiga topshiriladi;

mazkur qarorga muvofiq tugatilayotgan unitar korxonalarning qoldiq mablag‘lari, ularga tegishli bino (inshoot)lar va moddiy-texnika bazasi Agentlik va uning hududiy bo‘limlari hisobiga o‘tkaziladi.

5. Agentlik va “Danmon group” kompaniyasi (Daniya Qirolligi) o‘rtasida 2020 yil 8 oktyabrda kino ishlab chiqarish qurilmalari, texnologik tizimlar va multimedia mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha tanlov savdolari asosida import shartnomasi imzolanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Moliya vazirligi uch oy muddatda imzolangan import shartnomasining oldindan 15 foiz to‘lovini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishini ta’minlasin. Bunda, import shartnomasi ajratiladigan Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Import shartnomasining qolgan 85 foiz to‘lovini qoplash uchun “O‘zmilliybank” AJ Avstriyaning “Rayffayzenbank” bankidan 5 yil muddatga, shu jumladan, 1 yillik imtiyozli davr bilan yillik 0,8 foiz stavkada jalb qilinadigan kredit liniyasi hisobidan kredit mablag‘larini ajratsin va kredit bo‘yicha “O‘zmilliybank” AJning marjasini 1 foizdan oshirmagan holda belgilasin.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

Avstriyaning “Rayffayzenbank” banki krediti bo‘yicha asosiy qarzni qoplash, foiz, sug‘urta va komissiyalar bo‘yicha to‘lovlar Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochiladigan maxsus hisob raqamda to‘planadigan sotib olingan kino qurilmalaridan foydalanishdan tushadigan pul mablag‘lari, yetmay qolgan qismi esa Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi;

kreditning import shartnomasiga asosan sotib olinayotgan kino qurilmalari bilan qoplanmagan qismi bo‘yicha “O‘zmilliybank” AJ tomonidan ta’minot sifatida garov rasmiylashtirilmaydi;

import shartnomasi bo‘yicha xarid qilinadigan kino qurilmalari, texnologik tizimlar va multimedia mahsulotlari “O‘zbekfilm” kinokonserni” DUKning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish uchun yo‘naltiriladi.

7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK kino ishlab chiqarish qurilmalari, texnologik tizimlar va multimedia mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha imzolangan import shartnomasini bevosita tovar ishlab chiqaruvchilarning narxlari asosida ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin.

8. Agentlik ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Bosh vazir o‘rinbosari A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                              Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 7 aprel