Prezident tomonidan «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-5050-son qaror imzolandi.

Quyidagi hujjatlar tasdiqlandi:

  • Mahalla huquq-tartibot maskani to‘g‘risidagi nizom;
  • IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti to‘g‘risidagi nizom;
  • Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi.

Belgilanadigan tartibga muvofiq:

  • tuman (shahar) hokimliklari har oyda mahalla huquq-tartibot maskaniga rahbarlik qilayotgan profilaktika katta inspektori bilan shaxsan uchrashib, hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida aniqlangan muammoli masalalarni hal etish choralarini ko‘radi;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari har yarim yilda mahalla huquq-tartibot maskaniga rahbarlik qilayotgan profilaktika katta inspektorining hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash ahvoli bo‘yicha hisobotini eshitadi va zarur choralarni belgilaydi.

 Quyidagilar:

  • profilaktika inspektorlari tomonidan har bir oila va xonadondagi muhitni, shuningdek huquqbuzarliklar sodir etilishiga ta’sir etuvchi ijtimoiy, infratuzilma va boshqa muammolarni o‘rganish hamda bartaraf etish bo‘yicha «Xavfsiz xonadon» va «Xavfsiz hovli» tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • profilaktika inspektorlarining sud majlislarida «masofaviy» tarzda qatnashish amaliyoti joriy etiladi;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyatini samarali tashkil etish ushbu hududlardagi ichki ishlar va boshqa vakolatli organlarning mavjud kuch va vositalarini yagona «poytaxt mintaqasi» tamoyili asosida safarbar qilgan holda hamkorlikda amalga oshiriladi;
  • Toshkent shahridagi patrul-post xizmati batalonlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining bevosita bo‘ysunuvidan chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman ichki ishlar organlari tarkibiga o‘tkaziladi va ularning kunlik xizmati mahallalar kesimida yo‘lga qo‘yiladi;
  • jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bog‘liq holatlar yuzaga kelganda poytaxtdagi barcha ichki ishlar organlari faoliyatini, shuningdek jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vakolatli davlat organlari va jamoat tuzilmalari kuch va vositalarining yagona tezkor boshqaruvi Toshkent shahar IIBB zimmasiga, umumiy boshqaruvi ichki ishlar vaziri zimmasiga yuklatiladi;
  • 1.07.2021 yildan boshlab shaxslarni profilaktik hisobga olishning elektron tizimi joriy etiladi.

1.09.2021 yilga qadar profilaktika inspektorlari vakolatiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yurituvi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.

Quyidagilar tashkil etiladi:

1) yagona «poytaxt mintaqasi» tamoyili asosida ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari boshliqlarining hamraisligida Jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash.

2) Toshkent shahar IIBB huzurida Yagona tezkor boshqaruv markazi tashkil etiladi, uning vazifalari quyidagilardan iborat:

  • poytaxt hududida kriminogen va ijtimoiy vaziyatni uzluksiz monitoring qilish, jamoat xavfsizligini ta’minlashga jalb etilgan ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, FVV va Toshkent shahar hokimligining tegishli kuch va vositalarini boshqarish;
  • jinoyat, hodisalar va favqulodda holatlar haqidagi xabarlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish, jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bog‘liq holatlar yuzaga kelganda vakolatli idoralarning harakatlarini markazlashgan holda muvofiqlashtirish.

Tuman va shahar ichki ishlar organlari tarkibida 2 000 ta shtat birliklaridan iborat voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog lavozimlari joriy etiladi. Ularning bevosita xizmat o‘tash joyi etib umumiy o‘rta ta’lim muassasalari belgilanadi.

Inspektor-psixologlar zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:

  • har bir o‘quvchi kesimida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida psixologik muhitni yaxshilash;
  • voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish;
  • muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash.

Hujjat Prezidentning 26.03.2021 yildagi «Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6196-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan.

Podrobneye: https://www.norma.uz/qonunchilikda_yangi/jinoyatchilikka_qarshi_kurashish_maqsadida_qushimcha_chora-tadbirlar_qabul_qilinadi