O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning oilaviy va boshqa muqobil shakllarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

a) oilaviy bolalar uylariga Davlat byudjetidan mablag‘ ajratishнинг quyidagi tartibi joriy etiladi:

oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan mablag‘ ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar miqdori hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablag‘lar ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi;

oilaviy bolalar uylarida bir nafar tarbiyalanuvchi uchun Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan oylik xarajatlar tarkibiga kommunal xarajatlar ham kiritiladi;

b) oilaviy bolalar uylari tomonidan iste’mol qilingan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar jismoniy shaxslar uchun belgilangan narxlarda amalga oshiriladi;

v) jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda hamda nogironligi bo‘lgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar to‘lanadi.

Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Moliya vazirligi bilan birgalikda:

ikki oy muddatda oilaviy bolalar uylariga Davlat byudjetidan mablag‘ ajratish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin;

jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar kutubxona fondini xatlovdan o‘tkazsin, ushbu muassasalarni Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi orqali badiiy adabiyotlar bilan muntazam ta’minlash uchun har yili 5 milliard so‘m yo‘naltirsin;

jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar o‘quvchilari o‘rtasida bosqichma-bosqich barcha fanlardan fan olimpiadalarining tashkil etilishini ta’minlasin.

2. Quyidagilar:

2021 yilda eshitish qobiliyati zaif bolalarning odatiy hayotga moslashuvini osonlashtirish uchun xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda 4 ming dona zamonaviy eshitish moslamalari ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan zaif eshituvchi bolalarga yetkazib berilishi natijasida ularning eshitish qobiliyati yaxshilanib, umumta’lim fanlarini o‘zlashtirish darajasi oshganligi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida maktabgacha yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalarga ta’lim berish bilan birgalikda, reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan bittadan “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov), Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) va Moliya vazirligi (T.Ishmetov) zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarini 2022 yil yakuniga qadar zamonaviy eshitish moslamalari bilan to‘liq ta’minlasin, 2023 yildan boshlab esa, ehtiyojdan kelib chiqib, zamonaviy eshitish moslamalarini muntazam ravishda xarid qilish amaliyotini joriy qilsin.

Vazirlar Mahkamasi 2023-2025 yillarda qolgan 10 ta hududda reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish va maktabgacha yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalarni ushbu muassasalar bilan qamrab olish choralarini ko‘rsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

a) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida o‘z nomiga rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va ko‘chmas mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish) davlat boji to‘lashdan ozod etiladi;

b) yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga davlat oliy ta’lim muassasalarida oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari xarid qilish uchun mablag‘ ajratish amaliyoti nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ham tatbiq etiladi.

Bunda, ushbu maqsadlar uchun mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ajratilgan resurslarda nazarda tutiladi va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining so‘roviga asosan ajratib boriladi;

v) 2022 yil 1 iyundan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik stipendiya to‘lab beriladi.

4. 2022 yil 1 maydan boshlab “Saxovat” uylarida yashovchi zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun har oyda tegishli nafaqa miqdorining 20 foizini to‘lash tartibi joriy qilinsin.

5. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasining Afg‘on urushida ishtirok etgan nogironligi bo‘lgan jangchi-faxriylarni individual o‘lchovlar asosida tayyorlanadigan tegishli zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov), O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi ikki oy muddatda Afg‘on urushida ishtirok etgan nogironligi bo‘lgan jangchi-faxriylarni protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash rejagrafigini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlar uchun Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan 2022 yilda Davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratsin.

6. Belgilansinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi uchun pensiya tayinlangandan keyin ishlagan fuqarolarning
ish staji va ish haqini hisobga olgan holda, nogironlik pensiyasi miqdorlarini har ikki yilda qayta hisoblash tartibi joriy etiladi.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur bandda ko‘rsatilgan tartibni joriy etish bo‘yicha “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.

7. Belgilab qo‘yilsinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari (keyingi o‘rinlarda – hududiy jamoat fondlari) hisobidan O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalariga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.

O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining o‘z hududiy bo‘linmalari tomonidan 2023 yil 1 yanvardan boshlab tegishli hududlardagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ko‘maklashish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha har chorakda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlariga hisobot berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish haqidagi taklifi ma’qullansin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda, ikki oy muddatda O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari uchun tavsiyaviy shtatlar me’yorlarini hamda mehnatga haq to‘lash miqdorlarini tasdiqlash va hududiy jamoat fondlariga yetkazish tavsiya etilsin.

Moliya vazirligi 2023 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarida hududiy jamoat fondlari uchun tegishli mablag‘lar ko‘zda tutilishini ta’minlasin.

8. Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining 2022-2023 yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurish va ta’mirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 600 milliard so‘m yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev):

Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2022-2023 yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurilish va ta’mirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha manzilli dasturni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

qurilish-ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari o‘rnatilgan tartibda 2023 yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilishini ta’minlasin.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) davlat ijtimoiy muassasalarini joriy ta’mirlash va jihozlash uchun 2022 yilda Davlat byudjeti parametrlarida aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larning yil yakuniga qadar iqtisod qilinishi kutilayotgan qismi hisobidan 150 milliard so‘m ajratsin2023 yilda esa qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘rnatilgan tartibda 2023 yilga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ko‘zda tutsin.

9. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur qarorda ko‘zda tutilayotgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun asoslangan hisob-kitoblarga asosan Davlat byudjetidan mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K.Inakov, xalq ta’limi vaziri B.O.Saidov va sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                                     Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 29 aprel