Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga koʻmaklashish yoʻnalishidagi ishlarni muvofiqlashtirish Xalq qabulxonalari tomonidan amalga oshiriladi

2019 yil 17 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon asosida Xalq qabulxonalarining mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etishi bunday hujjatlarda murojaatlarda koʻtarilgan muammolar kengroq aks ettirilishi uchun puxta zamin yaratadi.
Har doim eʼtiborimiz markazida boʻlib kelayotgan dolzarb masala – nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga koʻmaklashish masalasi boʻyicha farmonda tegishli vazifalar belgilab berilgan. Bundan buyon davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mazkur yoʻnalishdagi ishlarini muvofiqlashtirish Xalq qabulxonalari tomonidan amalga oshiriladi.
Bunday keng koʻlamli vazifalarni bajarilishini taʼminlash uchun Xalq qabulxonalariga bir qancha imkoniyatlar ham berilmoqda. Masalan, Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli oʻrganish, koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish, shuningdek, sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etadi.
Xalq qabulxonalariga sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini ragʻbatlantirish yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha yuqori turuvchi davlat organlariga taklif kiritish huquqi ham berilmoqda.
Shular qatorida davlat organlari va boshqa tashkilotlardan faoliyat uchun zarur boʻlgan axborot hamda hujjatlarni soʻrash va olish, ularning mutaxassislarini jalb qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ular faoliyati va koʻrsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga toʻliq va tezkor yetkazilishini taʼminlashga qaratilgan choralar koʻrish huquqi berildi.

 

OʻzA