Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish  va ularning aylanmasini tartibga solish sohasida  boshqaruv tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublikada vinochilik sohasini jadal rivojlantirish, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirish, alkogol mahsulotlari noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi negizida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik);

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi negizida Agentlikning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin.

2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, vinochilik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, shuningdek sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan kompleks dasturlarni amalga oshirish;

vinochilik xom ashyo bazasini mustahkamlashga va sanoatbop tokzorlar plantatsiyalarini kengaytirishga, vinochilik korxonalarini kompleks modernizatsiyalashga, zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etishga hamda vinochilik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga koʻmaklashish;

mahalliy vino tayyorlovchilarning xalqaro miqyosda raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek sohaga investitsiyalarni jalb etishda uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash;

oʻzbek vinolarining milliy brendini yaratish va uni jahon bozorlarida keng targʻib qilish tadbirlarini amalga oshirish;

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning aylanmasi hajmlarini, shu jumladan zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish va rivojlantirish orqali monitoring qilish;

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda texnik va texnologik normalarga rioya etilishi hamda saqlanish sifatini, shu jumladan ularni ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan xomashyo va yordamchi materiallar sifatini nazorat qilish.

3. Agentlik:

alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi boʻyicha faoliyatni litsenziyalash;

isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchilar tomonidan litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

alkogol va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun korxonalar oʻrtasida isteʼmol etil spirtini belgilangan tartibda taqsimlash boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining quyidagi vazifa va funksiyalari Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligiga oʻtkazilsin:

uzumning xoʻraki va kishmishbop navlari plantatsiyalarini kengaytirish, uzumchilikni jadal rivojlantirishga yoʻnaltirilgan kompleks maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

uzumchilik korxonalarini kompleks modernizatsiyalashga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish;

xorijiy va mahalliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tarmoqning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilish orqali uzumchilik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga koʻmaklashish;

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uzum plantatsiyalarining elektron reyestrini yuritish.

5. Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligining Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan yangi uzum plantatsiyalarini yaratish uchun quyidagi maqsadlarda subsidiyalar qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda ajratilishi belgilansin:

xoʻraki va kishmishbop uzum plantatsiyalarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish;

xoʻraki va kishmishbop uzum tokzorlarida irrigatsiya tadbirlarini oʻtkazish, jumladan suv yetkazib berish, artezian quduqlar, quvurlar va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos stansiyalari qurish, suv saqlash uchun sigʻimlar sotib olish.

Moliya vazirligi Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ajratilishi belgilangan subsidiyalarning tegishli qismini 2020-yil 1-avgustdan boshlab Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligining Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga ajratilishini taʼminlasin.

6. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining 2020-yil 21-iyul holatiga mablagʻlari qoldigʻini qishloq xoʻjaligi sohasidagi investitsiya loyihalarining soʻzsiz amalga oshirilishini taʼminlashni hisobga olgan holda Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi oʻrtasida taqsimlasin.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2020-yil 1-avgustdan boshlab:

alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma cheklanmagan muddatga beriladi;

ishlab chiqaruvchilar tomonidan turistik yoʻnalishlarda tashkil etilgan degustatsiya hududlarida (joylarida) realizatsiya qilingan tabiiy vino (qadoqlangandan tashqari) mahsulotlariga nol darajali stavka boʻyicha aksiz soligʻi solinadi;

ishlab chiqaruvchilar isteʼmol etil spirtining 50 foiz  haqini oldindan toʻlash shartlarida realizatsiya qilish huquqiga ega.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (A.A. Abduxakimov) alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga turistlarni jalb qilish uchun turoperatorlarning yoʻnalish dasturlariga korxonaga tegishli degustatsiya hududlari kiritilishini tashkillashtirsin.

9. Agentlikka 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda tegishli litsenziya yoki ruxsat guvohnomalarisiz ishlab chiqilgan va sotilgan, identifikatsiya vositalari bilan markirovkalanmagan, qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasi mavjud boʻlmagan alkogol va tamaki mahsulotlari haqida dalolat beruvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, maxsus vakolatli organni xabardor qilgan
holda tekshirishlarni amalga oshirish vakolati berilsin.
10. Belgilansinki, isteʼmol va texnik etil spirti 2021-yil 1-iyuldan boshlab real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan kuzatish tizimi (GPS) bilan jihozlangan hamda 2022-yil 1-yanvardan boshlab isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularning aylanmasi hajmini hisobga olish
hamda uzumzorlarning yagona reyestri axborot tizimiga integratsiya qilingan elektron hisoblagich oʻrnatilgan avtotransport vositalarida tashiladi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ikki oy muddatda mahalliy koʻpiklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari reklamasiga quyidagi hollarda ruxsat berilishini nazarda tutuvchi tegishli qonun loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

mehmonxonalarda, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari savdo zalining ichki qismida hamda mahsulotlarni namoyish va degustatsiya qilish joylarida;

axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini koʻrsatgan holda ishlab chiqaruvchi va savdo korxonalarining rasmiy veb-saytlarida;

temir yoʻl va havo transporti vositalarida;

ommaviy axborot vositalarida mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan 07:00 gacha namoyish qilinishiga.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–4162-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

14. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I. Barnoyev zimmasiga yuklansin.

 Oʻzbekiston Respublikasi 

 Prezidenti                                                                                                 Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri, 
2020-yil 23-iyul

 

O’zA