“Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak”. Prezident Shavkat Mirziyoyevning el-yurtimiz qalbi va ongidan chuqur joy olgan bu soʻzlari bugun mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarish va islohotlarni harakatlantiruvchi qudratli kuchga, taʼbir joiz boʻlsa, ularning gʻoyaviy oʻzagiga aylandi. Xalqimizning hayotiy talab va ehtiyojlarini taʼminlash, odamlarimizni rozi qilish yoʻlidagi zalvorli ishlar aynan ana shunday ezgu va hayotbaxsh gʻoyalar asosida olib borilib, tobora yangi maʼno va mazmun bilan boyib bormoqda. Bunday tarixiy oʻzgarishlar silsilasida xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash boʻyicha tamomila yangi tizimga asos solingani, xalqaro miqyosda noyob tuzilma sifatida keng eʼtirof etilayotgan Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari instituti yaratilgani shubhasiz markaziy oʻrinlardan birini egallaydi.
Xalq qabulxonalari xalqimizning necha yillik orzu-armonlarini ushaltirish maqsadida tashkil etilgani bois el-yurtimiz hayotidan, mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonidan tez fursatda oʻzining munosib oʻrnini topib, har bir hudud va sohadagi real manzarani, asl holat va mavjud muammolarni aniqlash hamda hal qilish yoʻlida yangi gʻoyalar, amaliy taklif va tashabbuslar yuzaga keladigan, ularni hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmlari ishlab chiqiladigan markazlarga aylanib bormoqda.
Oʻtgan davrda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari yordamida 2 million 500 mingdan ziyod kishi oʻzini qiynab kelayotgan muammolarga yechim, oʻylantirayotgan savollarga javob topgani ularning xalqimiz mushkulini oson, ogʻirini yengil qilish, jamiyatimizda adolat tamoyillarini mustahkam qaror toptirishda amaliy ahamiyati naqadar yuqori boʻlayotganini yaqqol koʻrsatadi.
Bir soʻz bilan aytganda, Xalq qabulxonalari davlat organlari bilan aholi oʻrtasida ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, dolzarb muammolarni aniqlash, murojaatlar qonuniy va sifatli koʻrib chiqilishini taʼminlashda samarali mexanizmga aylanib, amalda oʻzini toʻla oqladi. Albatta, hayot hech qachon bir joyda toʻxtab turmaydi. Zamon bilan hamqadam boʻlish, kerak boʻlsa, undan bir qadam ilgari odimlash – bugungi kun talabi. Shu maʼnoda, biz yashayotgan hozirgi shiddatli davr, oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlar barcha sohalarda boʻlgani kabi mazkur muhim yoʻnalishda ham oʻtgan qisqa davrda orttirilgan ijobiy tajribalarni yanada takomillashtirish, uni mazmun jihatidan rivojlantirishni talab etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida ana shu dolzarb masalaga alohida toʻxtalib, Xalq qabulxonalari faoliyatida mutlaqo yangi tizimga – sifat jihatidan yanada yuksak bosqichga oʻtilishi haqida maʼlum qilgan edi. Mana, oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan davlatimiz rahbarining davlat organlari va boshqa tashkilotlarning fuqarolar bilan bevosita ishlashga oʻtishini, ularning xalqqa, jumladan, tadbirkorlik subyektlariga yaqin koʻmakchi boʻlishini, Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
OʻzA